Amerikaning Nyu Meksiko shtatida yashovchi Danella Gallegos organlarini donorlikka olish operatsiyasi boshlanishidan bir daqiqa oldin komadan chiqdi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.

Gallegos 2022-yilda Albukerke shahridagi shifoxonaga hushsiz holda olib kelingan. Bemorga aniq tashxis qo‘yilmagach, u koma holatiga tushgan. Shifokorlar uning yaqinlariga bemor hech qachon o‘ziga kelmasligini aytishgan. Ikki yil davom etgan xushsizlikdan so‘ng umidini yo‘qotgan oila New Mexico Donor Services orqali uning organlarini donorlikka berishga rozi bo‘lgan.
Ammo operatsiya boshlanishidan bir necha daqiqa avval ayolning ko‘zidan yosh chiqa boshlagan va to‘satdan qo‘llarini harakatga keltira boshlagan. Shifokorlar buni avvaliga reflektor harakatlar deb o‘ylashgan, shu sababli ayolni baribir operatsiya xonasiga olib ketgan. Biroq jarrohlik amaliyoti boshlanishiga yaqin Gallegos shifokorlarning ko‘rsatmasiga binoan qovoqlarini ochib-yuma boshlagan.
Shunga qaramay, donorlik xizmati vakillari hamda transplantatsiya koordinatori operatsiyani davom ettirish tarafdori bo‘lib, reflekslarni bostirish uchun unga morfin yuborishni talab qilgan. Ammo jarrohlar guruhi bunga qat’iy qarshi chiqqan va Gallegosni operatsiya xonasidan olib chiqib ketgan. Ularning bu qarori bemorning hayotini saqlab qolgan.
Danellaning o‘zi jurnalistlarga bergan intervyusida komada yotganida ham qo‘rquvni his qilganini aytdi:
“O‘sha paytda tanamni qimirlatolmasdim, ammo dahshatli narsa yuz berayotganini aniq sezardim. Agar hayot belgilarini ko‘rsatmaganimda edi, nima bo‘lishini hatto tasavvur qilishning o‘zi qo‘rqinchli”, dedi u.
Hozirda Gallegos reabilitatsiya jarayonidan o‘tmoqda, shifoxonada ichki tekshiruv boshlangan. Uning oilasi esa transplantatsiya markazi xodimlarini sudga berishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. New Mexico Donor Services barcha ayblovlarni rad etib, “oxirgi qaror doimo davolovchi shifokorlarga tegishli” deya ta’kidlamoqda.
Izoh (0)