Germaniyaning siyosiy partiyalari va siyosatchilari Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi sulhga erishilgandan keyin muhokama qilinishini xohlamoqda. Germaniyalik siyosatchilar Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp Ukraina masalasidagi fikrini bir necha bor o‘zgartirganini eslatdi. Bu haqda DW nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ko‘plab siyosiy partiyalar vakillari Donald Trampning front chizig‘ida o‘t ochishni to‘xtatishdan oldin Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berilishi kerakligi haqidagi fikrlarini tanqidiy baholagan.
“Xavfsizlik kafolatlari masalasi faqat sulh tuzilgandan keyin batafsil aniqlashtiriladi”, degan Germaniyadagi hukmron koalitsiyaga kiruvchi Germaniya Sotsial-demokratik partiyasining tashqi siyosat bo‘yicha vakili Adis Ahmetovich.
Muxolifatdagi Yashillar partiyasi ham xavfsizlik kafolatlarini faqat o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan keyin muhokama qilishga chaqirdi. “Bu amalga oshirilmaguncha, xavfsizlik choralarida ishtirokni muhokama qilish befoyda”, dedi Bundestag mudofaa qo‘mitasidagi Yashillar partiyasi vakili Zara Nanni.

Bundestagda vakillikka ega bo‘lmagan muxolifatdagi Ozod demokratik partiya (FDP) esa Trampning keyingi qadamlarini kutishga chaqirgan. “AQSH prezidenti Ukraina masalasida ko‘p narsalarni e’lon qilgan, biroq hech birini amalga oshirmagan. Agar shunday deyish mumkin bo‘lsa, biz faqat tuxum qo‘yganimizdan keyin qag‘illashimiz kerak”, degan Yevroparlament xavfsizlik qo‘mitasi raisi Mari-Agnes Shtrak-Zimmerman.
Bundestagning tashqi siyosat qo‘mitasidagi Germaniya hukmron koalitsiyasiga kiruvchi Xristian-demokratik va Xristian-ijtimoiy ittifoq vakili Roderix Kizevetterning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Zelenskiyni majburiy ravishda tinchlikka erishishga undamasligi kerak.
“Ukraina uchun yagona ishonchli uzoq muddatli xavfsizlik kafolati — NATOga to‘laqonli a’zolikdir. Tramp Zelenskiyni majburiy ravishda tinchlikka undamasligi kerak”, degan Kizevetter.
Siyosatchining fikricha, yevropaliklar Moskvaga nisbatan keskin pozitsiya tutishlari va o‘z qo‘shinlari bilan Ukrainadagi sulhning ishonchligini kafolatlashlari lozim. Ukrainaga Germaniya ham o‘zining tinchlikparvar kuchlarini yuborishi kerak. Shuningdek, Yevropa AQSHdan Kiyevga yadroviy mudofaa bo‘yicha va’da talab qilishi kerak. Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful esa Germaniya qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish imkoniyatini rad etgan edi.
AQSH takliflarini tanqid qilgan muxolifatdagi So‘l partiya ham Ukrainadagi urush bo‘yicha chiqish qildi. Partiya yetakchilaridan biri Yan van Akenning ta’kidlashicha, Donald Trampga Ukrainaning umuman qizig‘i yo‘q.
“Trampning Ukraina bilan umuman ishi yo‘q. Germaniya kansleri Fridrix Merts esa xato qilmoqda. Chunki AQSHga ishonib bo‘lmaydi. Tramp tez-tez o‘z pozitsiyasini o‘zgartirib turadi”, degan Van Aken.
So‘l partiya yetakchisi Oq uyda bo‘ladigan Ukraina va Yevropa sammitini intiqlik bilan kutayotganini, biroq Alyaskada bo‘lib o‘tgan uchrashuv tinchlik muzokaralari emasligini aytdi. Siyosatchi sammitda Ukraina ishtirok etmaganini ta’kidladi. Van Akenning qo‘shimcha qilishicha, Tramp Ukraina masalasida goh oldinga, goh orqaga qadam tashlamoqda.
Nemis siyosatchisi Ukrainaga tegishli hududlarning yo‘qotilishini tan olishga qarshi chiqdi. Bu jarayon davlat Konstitutsiyasiga ko‘ra, umumxalq referendumi orqali amalga oshishi mumkin. Shu bilan birga, So‘l partiya rahbari Kiyevga qurol yetkazib berilishiga ham qarshi. Agar qurol yetkazish davom etsa, Rossiyaning harbiy tajovuzi Gruziya, Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Moldovaga ham xavf tug‘dirishi mumkin.
Joriy yilning 16-avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH yetakchisi Donald Tramp Alyaskada muzokara o‘tkazdi. Biroq sammitda tomonlar hech qanday kelishuvga erishmadi.
Izoh (0)