Xitoy hukumati tug‘ilish darajasini oshirish maqsadida moliyaviy to‘lovlar va onalarga bepul sut berish orqali rag‘batlantirish choralarini ko‘rishga qaror qildi. Bu haqda Sinxua axborot agentligi xabar bermoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bolalar parvarishi uchun katta miqdordagi subsidiyalar butun Xitoy bo‘ylab mamlakatning tug‘ilishni oshirish bo‘yicha keng qamrovli sa’y-harakatlari doirasida taqdim etilmoqda. Xususan, Xitoy shimolida joylashgan Xux-Xoto shahrida ota-onalarga 10 ming yuan (taxminan 688 ming tenge) miqdorida bir martalik subsidiya berilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, ikkinchi farzand tug‘ilganda, u 5 yoshga to‘lgunga qadar ham xuddi shunday miqdorda pul to‘lanadi. Aynan shu to‘lov uchinchi farzand uchun 10 yoshga to‘lguniga qadar amalga oshiriladi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu qaror Xitoyning milliy qonun chiqaruvchi organi bo‘lgan Butunxitoy xalq vakillari majlisi va Xitoyning oliy siyosiy maslahat organi — Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi milliy qo‘mitasi sessiyalaridan so‘ng qabul qilingan.
“Biz tug‘ilish darajasini oshirish siyosatini ishlab chiqamiz, bolalarni parvarishlash uchun subsidiyalar beramiz, integratsiyalashgan bog‘cha va bolalar parvarishi xizmatlarini faol rivojlantiramiz hamda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan bolalar parvarishi xizmatlarini ko‘paytiramiz”, deyiladi hisobotda.
Sog‘liqni saqlash bo‘yicha milliy komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning 20 dan ortiq viloyati bolalarni parvarishlash uchun turli darajadagi subsidiyalar taqdim etish imkoniyatini o‘rganib chiqqan. Bundan tashqari, Xitoyda homiladorlik va tug‘uruq ta’tili umumiy hisobda 158 kundan ko‘proqqa uzaytirildi.
Bundan tashqari, Ichki Mo‘g‘uliston viloyati “Onalar uchun bir stakan sut” dasturini ishga tushirdi. Dasturga ko‘ra, 1-martdan keyin farzandli bo‘lgan ayollar har kuni bepul sut olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xitoy ketma-ket uchinchi yil aholi sonining kamayishini qayd etmoqda. 2024-yilda nikohlar soni rekord darajada 20 foizga kamaygan.
Ekspertlar demografik inqirozni 1980-2015-yillarda amalda bo‘lgan “bir bola” siyosati oqibatlari, shuningdek, urbanizatsiya va bolalar tarbiyasiga yuqori xarajatlar bilan bog‘lamoqda. 2021-yilda xitoylik oilalarga uchtagacha farzand ko‘rishga ruxsat berildi, ammo bu vaziyatni o‘zgartirish uchun yetarli bo‘lmadi.
Parlamentning mart oyidagi yig‘ilishida Davlat kengashi bosh vaziri Li Syan yangi bolalar nafaqalari va bepul maktabgacha ta’lim joriy etilishini e’lon qildi. 16-mart kuni e’lon qilingan iqtisodiyotni rag‘batlantirish rejasida esa butun mamlakat bo‘ylab bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Izoh (0)