Samarqand viloyati Nurobod tumanida ichki ishlar xodimlari tomonidan hojatxonadan chaqaloq qutqarib olindi. Bu haqda “Hudud” dasturida maʼlum qilindi.
Aytilishicha, sog‘lig‘i yomonlashib, qishloq vrachlik punktiga kelgan ayol farzandini dunyoga keltirgan. Ikki soat davomida chuqurlikda qolib ketgan chaqaloqni ichki ishlar xodimlari qutqargan.
“Chaqaloq hojatxonaga tushib ketgan, yaʼni onasi tug‘ib qo‘ygan holati bo‘yicha bordik. Haqiqatan ham hojatxonadan chaqaloq ovozi eshitilgandan so‘ng sherigimiz formasini yechib, kovlagan yerimizdan bolani olishga urindi”, deydi xodim.
Chaqaloqni qutqarib olgan xodimning so‘zlariga ko‘ra, o'sha paytda go‘dakning qo‘l-oyoqlari ishlamagan. Hozirda 3,7 kg vaznda tug‘ilgan o‘g‘il bola chaqaloq markaziy shifoxonaga olib borilgan, holati qoniqarli.
Qayd etilishicha, ayol 5-farzandiga homilador ekanini bilmagan.
2023-yil aprel oxirlarida Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida 27-aprel kuni 3 kishi hojatxonada zaharlanib vafot etgandi. Uy egasi telefoni chuqurga tushib ketgani sababli otasi va ukasini yordamga chaqirgan. Ular hojatxonaga tushgan vaqtda noma’lum etiologiyalik zaharlanishdan vafot etgan.
2024-yilning aprel oyida Chinoz tumanida 15 yoshli qiz ehtiyotsizligi oqibatida chuqurga tushib ketgandi.
May oyida esa Zangiota tumanida hojatxonaga tushib ketgan ikki yoshli bola qutqarib olingandi.
Noyabr oyida Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, “Yakkatut” mahallasidagi uylarning birida fuqaro hojatxona uchun qazilgan 5 metrlik chuqurlikka tushib ketgandi.
Izoh (0)