Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tog‘da jarohat olgan fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatdi. Bu haqda Toshkent viloyati FVB matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 8-iyul kuni soat 13:09 da Toshkent viloyati FVBga Bo‘stonliq tumani “Burchmulla” mahalla hududidagi “Qulosoy” sharsharasi yaqinida uch nafar fuqaro sayr qilish maqsadida borib, bir nafari o‘z ehtiyotsizligi oqibatida chap oyog‘idan jarohat olgani va yordam zarurligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan, Chimyon yong‘in-qutqaruv otryadi va Bo‘stonliq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limidan bir guruh qutqaruvchilar aytilgan manzilga yetib borib, jarohat olgan fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan. Shundan so‘ng fuqarolar dengiz sathidan 1800 metr balandlikdan xavfsiz hududga olib tushilib, jarohat olgan fuqaro tez-tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan.
Fuqaroning umumiy ahvoli yaxshi bo‘lganligi sababli, shifokorlar tomonidan yashash uyiga ruxsat berilgan.
Avvalroq Bo‘stonliqda tog‘da adashib qolgan fuqarolar qutqarilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Undan oldinroq esa Samarqand viloyati Urgut tumanidagi tog‘da yo‘ldan adashgan fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatilgan edi.
Izoh (0)