AQSH prezidenti Donald Tramp videomurojaat qilib, noqonuniy muhojirlarni mamlakatni ixtiyoriy ravishda tark etishga chaqirdi. Buning uchun ular CBP Home maxsus ilovasidan foydalanishlari kerak. Bu haqda Axios portali xabar bermoqda.

Bu ilova sobiq prezident Jo Bayden davrida ishlab chiqilgan va muhojirlarga chegarani qonuniy kesib o‘tish imkonini beruvchi CBP One ilovasining o‘rnini egalladi.
“Mamlakatimizda noqonuniy turgan odamlar o‘zlari deportatsiya qilinishi yoki majburan deportatsiya qilinishi mumkin, bu unchalik yoqimli emas. Bayden ma’muriyati bir milliondan ortiq chet elliklarning AQSHga noqonuniy kirishiga yo‘l qo‘yish uchun CBP One ilovasidan foydalandi. Endi mening ma’muriyatim CBP Home ilovasini ishga tushirmoqda, toki noqonuniy shaxslar mamlakatni hoziroq oson va ixtiyoriy ravishda tark eta olsinlar”, dedi Tramp videoda.
“Agar ular shunday qilsa, keyinchalik qonuniy ravishda qaytish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkin. Ammo agar bunday qilmasalar, ular deportatsiya qilinadi va boshqa hech qachon AQSHga kira olmaydilar. Hech qachon, hech qachon. Siz boshqa kirmaysiz”, deya qo‘shimcha qildi u.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, yangi CBP Home ilovasi soliq to‘lovchilarning mablag‘larini tejash va chegara xizmati ishini soddalashtirish maqsadida yaratilgan.
Axios ma’lumotlariga ko‘ra, ilovaning ishga tushirilishi Tramp ma’muriyatining noqonuniy migratsiyaga qarshi keng ko‘lamli kampaniyasining bir qismi hisoblanadi.
AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi allaqachon muhojirlarni huquqni muhofaza qilish organlarining keng ko‘lamli reydlari boshlanishidan oldin mamlakatni ixtiyoriy ravishda tark etishga undovchi reklama kampaniyasi uchun taxminan 200 million dollar sarflagan.
20-yanvar kuni o‘tkazilgan inauguratsiyada Tramp AQSHning 47-prezidenti sifatidagi ilk nutqida Amerika hududiga noqonuniy shaxslar kirib kelishini zudlik bilan to‘xtatishga va millionlab muhojirlarni deportatsiya qilish jarayonini boshlashga va’da berdi. Shuningdek, u AQSHning janubiy chegarasidagi vaziyat tufayli umummilliy favqulodda holat rejimini joriy etdi.
Izoh (0)