Shvetsiyaning Erebru shahridagi maktabda sodir bo‘lgan otishmada 10 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda politsiya ma’lumotlariga tayanib, CNN xabar berdi.
Qurbonlarning shaxsi hali aniqlanmoqda. Hujum uyushtirgan shaxs o‘z joniga qasd qilgan. Politsiyaning ta’kidlashicha, gumonlanuvchi hech qanday jinoiy guruhlarga aloqador bo‘lmagan. U qanday turdagi quroldan foydalangani oshkor etilmagan.
“U yolg‘iz harakat qilgan. Mazkur otishma juda fojiali bo‘lib, unda jabrlanganlar ko‘p. Bu dahshatli voqea, xuddi qo‘rqinchli tushday”, deydi shahar politsiyasi boshlig‘i Roberto Eid Forest.
Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
“Bugun biz mutlaqo begunoh odamlarga nisbatan shafqatsiz, o‘limga olib kelgan zo‘ravonlikni ko‘rdik — bu Shvetsiya tarixidagi eng dahshatli ommaviy otishma”, dedi u.
Mamlakat adliya vaziri Gunnar Shtryommer buni “ta’riflab bo‘lmaydigan darajada qayg‘uli fojia” deb atadi.
Erebru aholisi soni bo‘yicha Shvetsiyaning oltinchi munitsipaliteti bo‘lib, u yerda taxminan 125 mingdan ortiq kishi istiqomat qiladi. Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 13:00 atrofida yuz bergan. Otishma joyiga politsiya, shifokorlar va qutqaruvchilar yuborilgan, rasmiylar aholini hududdan uzoqroqda bo‘lishga chaqirgan. Voqea joyidan olingan kadrlarda o‘nlab qurollangan politsiyachilar, ko‘plab tez yordam mashinalari va favqulodda xizmatlar avtomobillarini ko‘rish mumkin edi.
Izoh (0)