24-dekabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Peru junglilarida omon qolgan yagona qiz, Ku-kluks-klan tashkilotining tuzilishi hamda terrorchilar tomonidan Parijga uchayotgan samolyotning egallanishiga oid faktlar o‘rin olgan.
Jungliga qulagan samolyotda omon qolgan yagona qiz
1971-yil 24-dekabr kuni Peru junglilarida kuchli yog‘ingarchilikka duch kelgan Lockheed L-188 Electra samolyoti halokatga uchragan. Aviahalokat oqibatida 91 kishi halok bo‘lgan, ammo voqea birgina omon qolgan yo‘lovchi — 17 yoshli Juliana Kyopke sabab mashhurlikka erishgan. U 11 kun davomida yolg‘iz junglida harakatlanib, odamlar oldiga chiqib kelgandi.Bundan 51 yil oldin Rojdestvo arafasi Limadan Pukalpaga uchayotgan avialayner halokatga uchragan edi. Kuchli yog‘ingarchilik vaqtida boshqa uchuvchilar parvozlarni bekor qilgan bir paytda mazkur samolyot havoga ko‘tarilgan va tarixga yashin urishi oqibatida qulagan eng yirik aviatsiya halokati sifatida kirgan. Ammo mazkur voqeaning o‘ziga xosligi shundaki, jungli o‘rmonlariga qulagan bortda 14 yo‘lovchi omon qolgan. Ular keyinroq yordam yetib kelishini kuta olmay, azobli o‘lim topgan.
Fojia 85 nafar yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosining umriga zomin bo‘lgan, faqat 17 yoshli bir qiz omon qolgan va qator jarohatlari bilan chakalakzorlardan chiqib borgan. Juliana Margaret Kyopke voqeasi butun dunyoda barchani hayratga solgan — uning nafaqat omadi kelgan, balki yashashga bo‘lgan irodasi, yosh bo‘lishiga qaramay bir necha kunlik kurashi barchaga o‘rnak bo‘lgulik edi.
Juliana 1954-yilda Limada butun dunyoga mashhur zoolog Gans-Vilgelm Kyopke va taniqli ornitolog Mariya Kyopke oilasida tug‘ilgan — uning ajdodlari polyak aristokratlariga borib taqaladi. 1950-yillar boshida Juliananing ota-onasi Germaniyadan Janubiy Amerikaga ko‘chib o‘tib, yovvoyi tabiatni o‘rganishni boshlagan. O‘smir Juliana Perudagi o‘rta maktabda o‘qigan, otasi va onasi esa Amazoniya yuragidagi tadqiqot ishlari bilan band edi. Qizning o‘zi ham bir necha bor chakalakzorlarga kelgan va u yerda o‘rgangan omon qolish ko‘nikmalari keyinchalik uning hayotini saqlab qolishga xizmat qildi.
Halokatga uchragan samolyotga Juliana hamda uning onasi o‘rta maktabni tamomlagani to‘g‘risidagi diplom topshirish marosimidan bir necha soat o‘tib o‘tirgan. Ular ushbu voqeani va Rojdestvoni biostansiyada qolgan otasi bilan nishonlashni istagan. Shu bois yomg‘irli havoda ham uchishga qaror qilgan — ularga o‘zlari tanlagan aviakompaniyaning faoliyati yaxshi emasligi aytilgan edi.
Samolyot havoga ko‘tarilishi bilan turbulentlikka tushgan, ammo ekipaj parvozni davom ettirgan. And hududida ular yomg‘irga duch kelgan, illyuminatorlardan tashqariga qaragan yo‘lovchilar yashinlarni yaqindan ko‘rishi mumkin edi. Soat 12:36 da 6400 metr balandlikda shunday yashinlardan biri samolyotga uriladi. Tez orada Juliana chap tomondagi dvigatel yonayotganini ko‘rgan.
“O‘n daqiqalardan keyin chap dvigatelda kuchli chaqnashni ko‘rdim. Onam juda xotirjamlik bilan ‘hammasi tugadi’, dedi. Bu uning og‘zidan eshitgan oxirgi so‘zlarim edi”, — eslaydi qiz.
Hodisa sabab samolyot chap qanoti fyuzelyajdan ajralib tushgan. Yashin qanot mahkamlanishiga putur yetkazgan deb hisoblanadi va tez orada yong‘in yuzaga kelgan. Avialayner yerga qulashni boshlagan, 3000 metr balandlikda esa u parchalangan. Bosimning keskin o‘zgarishi tufayli Juliana hushini yo‘qotgan va halokatning ertasi kuni yerda uyg‘ongan.
Samolyot Pukalpadan 20 daqiqalik parvoz uzoqligida qulagan edi, ammo yomg‘ir olovni o‘chirib qo‘ygan, daraxt shox-shabbalari esa samolyot qoldiqlarini to‘sgani bois uni havodan turib topish imkonsiz edi.
Konfet va pirog bilan ovqatlanib kun ko‘rgan qiz o‘zi duch kelgan irmoq bo‘ylab pastga yurishni boshlagan, bu yuqoriga qarab yurishdan ancha oson edi. Ammo uning qarshisidan yovvoyi hayvonlar, suvdan ilonlar chiqib turgan. Hasharotlar va yaralar sabab u kechalari yaxshi uxlay olmagan, buning ustiga chap yelkasidagi yara yiringlar, unda lichinkalar paydo bo‘lgan. Nihoyat o‘ninchi kuni Juliana daryo bo‘yida qayiqqa duch kelgan. Uning oldida turgan benzin bilan yarasini qayta ishlagan, keyin uxlab qolgan va qayiq egalari kelgandagina uyg‘ongan — bular Puerto-Onka qishlog‘i aholisi edi. Ular qizga birinchi yordamni ko‘rsatgan va ertasi kuni shifoxonaga yetkazishgan. Bir necha kundan keyin Juliana otasining oldiga Pukalpaga yuborilgan.
Oradan ikki kun o‘tgach halokat joyi aniqlangan, biroq omon qolgan boshqa barcha yo‘lovchilar vafot etgandi. Keyinroq aniqlanishicha, halokatdan keyin omon qolganlar orasida qizning onasi ham bo‘lgan, ammo olgan jarohatlari uning tirik qolishiga hech qanday imkon bermasdi. Ayolning jasadi 1972-yil 12-yanvarda topilgan.
Ku-kluks-klan tashkilotining tuzilishi
1861—1865-yillarda AQSHdagi fuqarolik urushidagi mag‘lubiyatdan keyin bir nechta konfederatsiya faxriylari tomonidan 24-dekabr kuni Ku-kluks-klan nomli irqchilar terrorchilik tashkiloti tuzilgan. Bu orqali ular qora tanlilar harakatiga va progressive tashkilotlarga qarshi kurashishni maqsad qilgandi.Tennesi shtatida joylashgan Pyulaski shaharchasida olti nafar sobiq ofitser to‘plangan: Kalvin Jons, Jeyms R.Krou, Jon D.Kennedi, Jon S.Lester, Richard Rid va Frank O.Makkord. Ular “yo‘qotilgan adolat”ni himoya qilish uchu maxfiy tashkilot tuzishga qaror qiladi. Jamiyat va o‘tmishdagi maxfiy jamiyatlarning an’analari o‘rtasidagi bog‘liqlikni bildirib turuvchi tashkilot uchun maxsus nom topish muhim edi. Artur Konan Doyl hikoyalaridan ko‘pchilik “ku-kluks-klan” so‘zi miltiq zatvoridan chiqqan tovushdan olingan deb hisoblaydi. Aslida ushbu so‘zning asosi grekcha “kuklos” — “doira”dan olingan.
Rasmiyatchilik tugagach, ofitserlar tunda otda poyga uyushtirib, tashkilot tuzilganini nishonlashga o‘tgan. Bu noodatiy va uzoq vaqtgacha yodda qolgan voqeaga aylangan, otdagi ofitserlar xuddi arvohlar kabi oq kiyib olgandi. Shu orqali tashkilotning rasmiy kiyimi — oq choyshab va ko‘z uchun teshiklar ochilgan oq qoplar paydo bo‘lgan.
Tashkilot a’zolari o‘zlarini tinch tutgani va yomon ish qilmaganiga qaramay, ularga duch kelganlar qattiq qo‘rquvga tushgan. Ayniqsa, qora tanli insonlar bundan aziyat chekkan. Chunki ular judayam ishonuvchan bo‘lib, qarshilarida o‘ldirilgan janubliklarning ruhlari paydo bo‘ldi, deya hisoblagan. Qora tanlilar qo‘rquvi ofitserlarning kayfiyatini ko‘targan. Shu bois ular keyingi bir necha hafta davomida har kecha shunday tomoshalarni ko‘rsatgan.
Tungi poygalar o‘ziga yarasha foyda keltirgan va tez orada mazkur hududlarda jinoyatchilik darajasi sezilarli darajada kamayib ketgan. Shuning uchun qurolni qo‘llashga hech qanday zarurat yo‘q edi. Tashkilot a’zolari qora tanli jinoyatchilar o‘zlarini ko‘rsa kifoya deb o‘ylagan. Ammo tez orada ularga qarata otilgan o‘q bunday ishonchni barbod qilgan. Ku-kluks-klan a’zolari keyingi safar kechki sayrga qurol bilan chiqishga qaror qiladi. Bu esa kichik shaharchani kechasi haqiqiy jang maydoniga aylantirib yuborgan. Shunday qilib, 1866-yilning boshida Kingstri shahridagi qamoqxonada bo‘lgan 22 nafar qora tanli tiriklay yoqib yuborilgan. Shu bilan birga, “arvohlar”dan biri jarohat olgan.
O‘sha yilning bahoriga kelib tashkilot haqidagi gap-so‘zlar barcha janubiy shtatlarda tarqalib ulgurgan. Xalq orasida ularning mashhurligi ortib borgan. Ko‘plab aristokratlar va qashshoqlar guruhlarga birlashib, oq choyshablarni kiygan holda “tartib o‘rnatishga” kirishgan. Tez orada ularning aksariyati Ku-kluks-klan atrofida to‘plangan. Shunda tashkilotga rahbar saylash muammosi paydo bo‘lgan. Tashkilot a’zolari rahbar sifatida general Robert Lini ko‘rishni istagan, ammo u sog‘lig‘i yaxshi emasligini bahona qilib, rad javobini bergan. General Natan Gorrest esa tashkilot rahbari bo‘lish taklifini bajonidil qabul qilgan.
Tashkilot nizomida klanning asosiy vazifasi oq tanli aholini qo‘llab-quvvatlash ekani ko‘rsatilgan. Asosiy dushman sifatida qora tanlilarga yordam ko‘rsatayotgan go‘l odamlar hisoblangan. Bundan tashqari, qora tanlilar bilan bir qatorda politsiyachilar, poraxo‘r amaldorlar dushman deb qaralgan.
Klan qo‘li bilan o‘lim topish nafaqat oddiy fuqarolarni, balki siyosatchilarni ham kutib turgan. 1868-yilda Jorjiyada shtat gubernatorligiga respublikachi nomzod o‘ldirilgan. Xuddi shu yili Alabamada Qonunchilik korpusining ikki a’zosiga hujum qilingan. Biri otib tashlangan, ikkinchisi esa omon qolgan va siyosiy faoliyatini to‘xtatgan. 1869-yilda klan a’zolari bitta senator va Qonunchilik korpusi a’zosini o‘ldirgan. Suiqasddan qo‘rqqan floridalik siyosatchi Gibbs o‘z uyida haqiqiy qurol ombori tashkil etgan va o‘zini qo‘riqchilar bilan o‘rab yurgan.
1920-yilga kelib tashkilot a’zolari soni 4 millionga yetadi. Ammo ularning faoliyati nafaqat qora tanlilarga, balki muhojirlar, kommunistlar, yahudiylar va hatto ayrim katoliklarga qarshilik ko‘rsatishga qaratilgandi. Bu xuddi fashizmning amerikacha varianti edi.
Klan faoliyati 1929—1933-yillarda yuz bergan moliyaviy inqirozlar davrida qattiq zarbaga uchragan. Ammo orden rasman 1944-yilda tarqatib yuborilgan. Oradan ikki yil o‘tib, klanni qayta tashkil etishga urinishgan, biroq uch yildan keyin tashkilot yana parchalangan. Shunga qaramay, 1960-yilda ham klanni qayta tuzishga urinishlar bo‘lgan. O‘shanda tashkilotning radikal a’zolari jinsiy ozchilik qatlamiga qarshi kurashgan va inson huquqlarining boshqa himoyachilarini o‘ldirgan.
Bugungi kunda Ku-kluks-klan “fuqarolik jamiyatining” faol a’zosiligicha qolmoqda. Harakat a’zolarining ta’kidlashicha, ular zo‘ravonlikka boshqa yo‘l qo‘ymaydi, faqatgina nasroniylik va o‘z shaharlarini jinoyatchi hamda muhojirlardan himoyalash bilan shug‘ullanadi.
Jazoirdan Parijga uchayotgan samolyotning egallanishi
1994-yil 24-dekabr kuni Jazoir aeroportida bortida 232 kishi bo‘lgan Air France aviakompaniyasiga tegishli samolyot egallab olingandi. Ikki kundan keyin Marselda avialayner shturm bilan ozod etilgan.Parijdan Fransiyaning sobiq mustamlakasigacha bo‘lgan reysni 12 nafar ekipajdan iborat Airbus A300 samolyoti amalga oshirgan. Ular noodatiy qo‘nishni amalga oshirishi kerak edi, chunki bu vaqt Jazoirda fuqarolik urushi davom etardi. Samolyot kapitani Bernar Dellemm tajribali uchuvchi bo‘lib, u Jazoirda uzoq ushlanib qolmasligi lozim edi. Havo kemasiga yonilg‘i quyilib, Fransiyaga ketadigan yo‘lovchilar mindirilishi kerak bo‘lgan.
Yo‘lovchilarni chiqarish yakunlangan vaqtda bortga qurollangan shaxslar bostirib kirgan. Ular o‘zlarini politsiya xodimlari sifatida tanishtirgan va hujjatlar qayta tekshirilishini bildirgan. Reysning ushlanib qolishi harbiylarda shubha uyg‘otgan. Ular samolyotga bir nechta mashinada Jazoir maxsus kuchlarini yuborgan. Havo kemasini egallab olganlar o‘zlarini musulmon ekstremistlar deb tanishtirgan. Shuningdek, ular qanday bo‘lmasin Jazoirni islom davlatiga aylantirishga tayyor ekanliklarini bildirgan. Samolyotning egallanishi mazkur rejaning bir qismi edi.
Ekstemistlar keskin harakat qilgan va samolyotni portlatib yuborishga ham tayyor bo‘lgan. Ularga 25 yoshli taniqli qotil boshchilik qilardi. Samolyot egallab olingani to‘g‘risidagi xabar tezda tarqalgan va Jazoirga muxbirlar oqib kela boshlagan. Fransiya bosh vaziri o‘zining Rojdestvo ta’tilini to‘xtatgan. Bu xalqaro darajada inqiroz edi.
Bu orada terrorchilar ekipajning formalarini tortib olib, ularni kiyib olgan va shu orqali snayperlarni chalg‘itgan. Shuningdek, ular samolyotdagi barcha ayollarga boshini o‘rashni buyurgan.
Oradan ikki soat o‘tgach, terrorchilar jazoirlik harbiylar bilan gaplashish niyatlarini ma’lum qilgan. Ular Parijga uchmoqchi ekanini va u yerda matbuot anjumani o‘tkazishlarini bildirgan. Ammo samolyot joyidan jilmagan, chunki unga yo‘lovchilar tushadigan trap tiralgan, politsiya uchish yo‘lagini mashinalar bilan bloklagan edi. Bosqinchilar uchish yo‘lagini zudlik bilan ochishni talab qilgan, lekin rad javobini olgan. Jazoirlik politsiyachilarning qarori qat’iy edi: hech qanaqa yon bosishlar yo‘q.
Terrorchilar Jazoir hukumatiga xabar berishni reja qilgan. Yo‘lovchilarning pasportlarini ko‘zdan kechirish vaqtida ular jazoirlik politsiyachiga duch kelgan. Erkak samolyotning ochiq eshigi oldiga olib kelingan va terrorchilar uning boshiga o‘q uzgan. Bu orqali ular o‘z niyatlari jiddiy ekanini ko‘rsatib bergan. Mamlakat politsiyasi yana yon bosmagan. Shundan so‘ng, terrorchilar xorijlik fuqaroni otishga qaror qiladi. Bu safar ular Vyetnamning Jazoirdagi elchixonasining 48 yoshli xodimini o‘ldirib, uning jasadini samolyotdan irg‘itib yuborgan.
Kechga borib uzoq muzokaralardan keyin 63 kishi ozod etilgan— ayollar va bolalar. Fransiya hukumati terrorchilarni o‘zlarining maxsus kuchlari yo‘q qila olishiga ishongan va Jazoirdan samolyotning Parijga uchishiga imkon berishni so‘ragan. Ammo rad javobini olgach, maxsus kuchlarni Jazoirga yaqinroq joyga — Malyorka oroliga yuborgan.
Samolyot havoga ko‘tarilgan vaqtida muammo yuzaga kelgan. Havo kemasini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi uning dum qismidagi uskuna ishga tushib ketgan. U kuniga 4 tonna yonilg‘i sarflardi. Shu bois bakda qolgan yonilg‘i Parijga qadar yetib olishga yetmasdi, faqat Marselgacha borish mumkin edi.
Samolyot Marselga qo‘ngan va fransuz maxsus kuchlari terrorchilarni shu yerda qurolsizlantirishga qaror qilgan. Terrorchilar zudlik bilan Parijga uchishlari va u yerda matbuot anjumani o‘tazishlariga imkoniyat yaratib berishlarini talab qilgan.
Qorong‘i tushishi bilan boshlangan shtrumda Fransiya maxsus xizmati xodimlari samolyot eshiklarini ochishga muvaffaq bo‘ladi. Uch guruhga bo‘lingan harbiylar salonga kiradi va otishma boshlanadi. Terrorchilar samolyotda paydo bo‘lgan hammani o‘qqa tuta boshlagan. Bir necha daqiqadan keyin ikkinchi uchuvchi kabina oynasidan sakrab qochgan. U betonga yiqilib, oqsoqlangancha xavfsiz joyga yetib olgan. Vaziyatdan foydalangan snayperlar va maxsus kuchlar kabinani egallagan. Bu vaqtda samolyotning dum qismi orqali yo‘lovchilar evakuatsiya qilingan.
Kabinada qolgan oxirgi terrorchi 20 daqiqaga yaqin qarshilik ko‘rsatgan. E’tiborli jihati, u kapitan va bort muhandisiga zarar yetkazmagan. Oxir-oqibat u ham o‘ldirilgan. Otishmada yuzlab o‘q otilgan va o‘nlab granatalar portlatilgan. Barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari esa omon qolgan. Operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangan edi.
“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.
Izoh (0)