Uzbekistan Airwaysʼning HY101 reysi (Toshkent – Nyu York) bortida chaqaloq dunyoga keldi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, parvoz davomida yo‘lovchilardan birida tug‘uruq boshlangan. Vaziyatni baholab, ekipaj brigadasi boshqaruvchisi ovozli eʼlon orqali samolyotdagi shifokorlarni yordamga chaqirgan.
Chaqiriqqa yo‘lovchilar orasidagi shifokor-akusher va jarroh javob bergan va biroz vaqt o‘tib, yo‘lovchi o‘g‘il farzandini dunyoga keltirgan.
Shu munosabat bilan ekipaj Islandiyaning Keflavik shahridagi zaxira aerodromiga majburiy qo‘nish qarorini qabul qildi. Samolyot muvaffaqiyatli qo‘nganidan so‘ng, tibbiyot xodimlari bortga ko‘tarilib, zarur yordam ko‘rsatdi. Ona va chaqaloq mahalliy klinikaga yetkazildi.
“Uzbekistan Airways ushbu ajoyib voqea bilan baxtiyor oilani tabriklaydi! Shuningdek, ekipaj va tibbiy xodimlarga o‘zlarining professionalligi va hamjihatlikda ko‘rsatgan yordamlari uchun chuqur minnatdorlik bildiradi”, deyiladi xabarda.
2024-yilning 26-aprel kuni Toshkentdan Istanbulga uchgan samolyot bortida ham chaqaloq tug‘ilgandi.
Izoh (0)