Jizzax viloyatida voyaga yetmagan farzandiga avtomobil boshqaruvini topshirib qo‘ygan otaga chora ko‘rildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, viloyat hududidagi avtomobil yo‘lida Nexia rusumli mashina to‘xtatib tekshirilganida, rulda 5-sinfda o‘quvchi voyaga yetmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarib kelayotgani aniqlandi.
Mashinada bolaning yonida kelayotgan shaxs uning otasi ekanligini maʼlum qilib, dala joyda haydovchilikni o‘rgatish uchun mashinani o‘g‘liga ishonib topshirganligi aytgan.

“Hech kim yo‘qligi uchun qiziqish tufayli bergandim. Boshqa qaytarilmaydi, ota-onalarga ham maslahat beramiz, o‘g‘illaringizga mashina bermanglar”, degan bolaning otasi.
Xabarda ushbu holat yuzasidan bolaning ota-onasiga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilishi taʼkidlangan.
Maʼlumot uchun, shu kabi qoidabuzarlikni sodir etganlik uchun odatda jarima yoki boshqaruvdan mahrum qilish kabi choralar qo‘llaniladi. Agarda voyaga yetmagan haydovchining harakati tufayli jiddiy zarar yetkazilgan bo‘lsa (odam o‘limi yoki og‘ir tan jarohati), ota-onaga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ham ish qo‘zg‘atilishi mumkin.
Avvalroq Qashqadaryo viloyatida maktab o‘quvchisi yuk mashinasini boshqarib yurgani to‘g‘risida xabar qilingandi. Profilaktika inspektorlari bola bilan suhbat o‘tkazib, uning ota-onasiga nisbatan tegishli tartibda bayonnoma rasmiylashtirgan.
Izoh (0)