O‘zbekistonda baxtsiz hodisalar oqibatida halok bo‘lgan xodimlarning oilasiga 3,7 mlrd so‘mdan ortiq tovon pullari to‘langani ma’lum bo‘ldi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Axborot xizmati rahbari Gulnoza Alimova joriy yilning 28-aprel — 2-may kunlari davomida o‘tkazilgan “Mehnatni muhofaza qilish” haftaligi yakunlari yuzasidan ma’lumot berdi.
Haftalik doirasida quyidagi tadbirlar amalga oshirildi:
- “Mehnat muhofazasining yangi bosqichi: ish joyida sun’iy intellekt va raqamlashtirishning roli” mavzusida 2 ta xalqaro konferensiya;
- 160 ga yaqin korxona va tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha “ochiq eshiklar kuni”;
- “Ish joylarida xavflarni minimallashtirish uchun innovatsion texnologiyalarni joriy etish” mavzusida 150 dan ortiq seminarlar;
- 160 ga yaqin korxona va tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish vositalarining ko‘rgazmalari va 170 ga yaqin targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.
Tadbirlar doirasida sohaga aloqador 30 dan ortiq xalqaro ekspertlar, mahalliy mutaxassislar, ilmiy muassasalar olimlari, vazirlik va idoralar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, 83 588 nafar soha mutaxassislari, ish beruvchilar va xodimlar ishtirok etdi.
Haftalik doirasida, ish vaqtida yuz bergan baxtsiz hodisalar oqibatida halok bo‘lgan xodimlar xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida 261 tup daraxt ko‘chati ekildi.
Shuningdek, baxtsiz hodisalar oqibatida halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolariga 3,7 milliard so‘mdan ortiq tovon pullarini undirish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritildi va tovonlar undirilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining mehnat qonunchiligiga ko‘ra, agar xodim xizmat vaqtida baxtsiz hodisa (masalan, ish joyida yoki ish bilan bog‘liq vaziyatda) natijasida vafot etsa, uning oila a’zolariga bir qator yordamlar ko‘rsatiladi. Bu yordamlar quyidagilardan iborat:
- Mehnat xavfsizligi bo‘yicha majburiy sug‘urta to‘lovlari:
Xizmat vaqtida baxtsiz hodisadan vafot etgan xodimning oilasiga mehnat xavfsizligi bo‘yicha majburiy sug‘urta to‘lovlari taqdim etiladi. Bu sug‘urta to‘lovlari mehnatga layoqatini yo‘qotish, baxtsiz hodisa yoki o‘lim holatlari yuzasidan oila a’zolariga moliyaviy yordam beradi.
- O‘lim holatida nafaqa:
Xizmat vaqtida vafot etgan xodimning oila a’zolari, shu jumladan, uning rafiqasi, farzandlari, ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlari (mehnatga layoqatini yo‘qotgan yoki umr bo‘yi nafaqa olish huquqiga ega bo‘lganlar) davlat tomonidan belgilangan nafaqalarni olishlari mumkin.
- Jinoiy javobgarlik:
Agar baxtsiz hodisa xodimning ish joyidagi xatolik, ish beruvchining qo‘pol xavfsizlik talablariga rioya qilmasligi yoki boshqa yomon sharoitlar sababli sodir bo‘lsa, ish beruvchi jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu holatda oila a’zolari zararini undirish uchun sudga murojaat qilishlari mumkin.
- Ish joyidan qo‘shimcha yordam:
Ba’zi holatlarda, xodimning o‘limi sababli uning oila a’zolariga ish beruvchi tomonidan qo‘shimcha moliyaviy yordam ko‘rsatilishi mumkin. Bu yordam, xodimning ishlagan joyiga va oila a’zolarining ehtiyojlariga qarab farq qilishi mumkin.
Bundan tashqari, xodimning o‘limi sababli unga tegishli bo‘lgan barcha huquqlar (ya’ni to‘lanmagan ish haqi, kompensatsiyalar) oila a’zolariga to‘lanishi kerak.
Har bir holatda xodimning o‘limi bilan bog‘liq qo‘shimcha yordam va protseduralar ish beruvchi va oila o‘rtasidagi shartnomalarga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Rasmiy raqamlarga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistondagi ish jarayonlarida 868 ta baxtsiz hodisa yuz bergan. Oqibatda jami 976 kishi jarohatlangan. Shundan 261 kishi halok bo‘lgan, 685 nafari og‘ir tan jarohati olgan, 30 nafari yengil jabrlangan.
Izoh (0)