Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida joylashgan avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida ishchilar jarohat oldi. Bu haqda tuman hokimining qarorida ma’lum qilingan.
Ma’lum qilinishicha, 25-noyabr kuni taxminan soat 16:42 larda tumanning “Varzak” mahalla fuqarolar yig‘ini, Ko‘prikboshi ko‘chasida joylashgan “Oltiariq gaz to‘ldirish” MChJning avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan.
Natijada ushbu shaxobchada xizmat olib borayotgan ishchi xizmatchilar — M.Y. (1959-yilda tug‘ilgan), A.A. (1962-yilda tug‘ilgan), J.Z., O.A. (1987-yilda tug‘ilgan) A.A. (1995-yilda tug‘ilgan) tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga davolanish uchun yotqizilgan.
Ta’kidlanishicha, mazkur chaqnash oqibatida avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasi bino qismi zararlanmagan.
Toshloq tumani hokimining tegishli qarori bilan tumanda baxtsiz hodisa sodir bo‘lganda uning sabablarini tekshirish bo‘yicha dastlabki zarur choralarni ko‘rish, baxtsiz hodisa sabablarini tekshirish komissiyasi tarkibi tasdiqlangan.
Avvalroq Toshkentdagi korxona yotoqxonasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida 18 kishi jarohat olgani, Qashqadaryoda harakatlanayotgan Nexia’ning gaz balloni portlab ketgani, Kattaqo‘rg‘ondagi xonadonda portlashni yuzaga keltirgan gaz quvurlari boshqa joyga ko‘chirilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)