Xitoyning sharqiy qismidagi Shandun viloyatida joylashgan kimyo zavodida portlash sodir bo‘ldi. Portlash oqibatlarini bartaraf etish uchun 232 nafar qutqaruvchi va 55 ta texnika vositalari safarbar etildi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, 27-may kuni taxminan soat 11:57 da Shandong Gaomi Youdao Chemical Co., Ltd. korxonasining sexida portlash yuz bergan. Hozirgi vaqtda odamlarni qutqarish va tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Ta’kidlanishicha, hodisa to‘g‘risidagi ma’lumotni olgach, XXR favqulodda vaziyatlar vaziri Van Syansi choralar ko‘rib, yong‘inni tezda o‘chirish uchun mutaxassis kuchlarni jalb etish, tergov va qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borish, shuningdek, jabrlanganlarni davolash uchun tibbiyot mutaxassislarini yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
“Mahalliy yong‘in-qutqaruv guruhi vaziyatni barqarorlashtirish uchun hodisa joyiga 55 ta texnika vositasi va 232 nafar xodimni yo‘lladi”, deyiladi xabarda.
Hozircha, jabrlangan kishilar soni haqida ma’lumot berilmagan. Hokimiyat organlari yarador bo‘lganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifokorlar faoliyatini muvofiqlashtirmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda portlash oqibatlari e’lon qilindi. Tasvirlarda hodisa joyi ustida quyuq to‘q kulrang tutundan iborat baland ustun paydo bo‘lgani ko‘rinadi. Zavod atrofidagi binolar shikastlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, zavodda 500 dan ortiq ishchi mehnat qiladi. Korxona yiliga 11 ming tonnadan ziyod xlorpirifos (hasharotlarga qarshi kurash vositasi) ishlab chiqaradi.
Izoh (0)