Joriy yil avgustda O‘zbekistonda ilk bor atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi boshlanadi. Stansiya Jizzax viloyatida Rossiyaning “Rosatom” tuzilmasidagi “Atomstroyeksport” AJ tomonidan quriladi. AESning O‘zbekiston uchun ahamiyati nimada, qurilish jarayoni qanday kechadi, yangi stansiya barpo etilishi bilan bog‘liq xavotirlar qanchalik o‘rinli? “Daryo” “O‘zatom” agentligi huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Omonov va Moskva muhandislik-fizika instituti Toshkent filiali o‘qituvchisi Qosim To‘xtaoxunovdan ayrim savollarga javob oldi.
Forish tumanida 330 MW quvvatli AES qurilishi maʼlum. Bunday stansiyaning qurilishi qanchalik muhim? AESning boshqa tok ishlab chiqarish stansiyalaridan farq qanday?
Otabek Omonov: O‘zbekiston energetikasida 80 foiz elektr energiyasi IESlar yordamida ishlab chiqariladi. Ular asosan gaz yonilg‘isida ishlaydi. Energetik xavfsizlikni hamda iqtisodiyotni barqaror energiya bilan taʼminlash uchun bir nechta energotarmoqlar rivojlanishi kerak. Xususan, AES ham. Bunda iqtisodiyotni bitta energiya manbayiga bog‘liqligi yo‘qoladi. AES bazaviy, yaʼni mo‘tadil, bir maromda elektr energiyasi ishlab chiqarishga asoslangan energiya manbayidir. Boshqa energiya manbalarining ham o‘rni bor. Lekin agar sizda xomashyo, kadrlar va infratuzilma bo‘lsa, AESni rivojlantirish kerak.
Qosim To‘xtaoxunov: Atom texnologiyalari O‘zbekistonga kirishi kerak. Aslida katta AES qurish reja qilingandi. Lekin hozirgi energotizim unday yirik quvvatni qabul qilishga tayyor emas. Ikkinchidan, bizga qulay bo‘lib turgani muqobil energetikani (quyosh, shamol) rivojlantirdik. Biroq bunday stansiyalar quyosh yoki shamol bo‘lmasa, energiya ishlab chiqarmaydi. O‘zbekiston uran qazib olish va eksport qilish bo‘yicha dunyoda oldingi o‘rinlarda turadi. Biz uranni nega o‘zimiz foydalanmay sotishimiz kerak? Uni qachongacha xomashyo qilib sotamiz?
Atom energetikasi — butun dunyoning kelajagi. Odamzodda bu texnologiyaga o‘tishdan boshqa yo‘l yo‘q. Chunki Yer yuzida uglevodorodlar tugamoqda. Hozir Xitoy AESning 26 ta blokini quryapti, har yili 3-4 tadan blok ishga tushirishni rejalashtirgan. Hindiston ham 20 ta blok qurmoqchi. Amerika ham qurishni boshladi, avval to‘xtatgandi. Dunyoda boshqa yo‘l yo‘q. Biz birinchi qadamni kichik AES qurishdan boshladik.
Otabek Omonov: Bu loyiha Forish tumani uchun juda katta drayver bo‘ladi. Kuni kecha maydonchaga borib keldik. Mahalliy aholi qachon qurilish boshlanishini so‘ramoqda. Chunki qurilish obyekti qo‘shimcha ish o‘rinlari, pul oqimi degani. U yerda infratuzilma rivojlanadi. Bunday yirik loyihalarga avtoyo‘l, temiryo‘l quriladi, gaz, “svet”, suv keladi. Shundan atrofdagi aholi ham foydalanadi. Qolaversa, mahalliy kadrlar ish bilan taʼminlanadi. Aholi yashash joylari AES hududidan kamida 3 kilometr uzoqlikda bo‘ladi.
Jizzaxda AES qurilishi qachon boshlanadi va qancha vaqt davom etadi?
Otabek Omonov: AES qurilish ishlarini joriy yil avgustning boshida boshlashni mo‘ljallayapmiz. Shartnomaga asosan har biri 55 MW quvvatli 6 ta reaktor (jami 330 MW) qurilishi rejalashtirilgan. Birinchi blok 6 ta blokdan iborat bo‘ladi va u 5-yildan keyin ishga tushadi. Qolganlari reja bo‘yicha 6 oydan 1 yilgacha (har biri) bo‘lgan vaqtda qurib bitkaziladi. Umumiy hisobda AES 7-8 yil ichida to‘liq ishga tushiriladi. Stansiyaning umumiy maydoni 50 gektarga yaqin. To‘liq ishga tushsa, yiliga 2,7-3 milliard kilovatt soat atrofida elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu taxminan o‘rta hisobda bitta viloyatning uchdan bir qismini tok bilan taʼminlab beradi degani.
Bosh pudratchi “Atomstroyeksport” bo‘ladi. Qurilish ishlariga mahalliy korxonalarimiz maksimal darajada jalb qilinadi. Shartnomada mahalliylashtirish punkti bor. Mahalliy quruvchilar, mashinasozlik sanoatimiz, qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatimizni AES qurilishiga yo‘naltirishimiz kerak. Qolaversa, o‘zimizning kadrlarni ham bu ishga jalb qilamiz.
O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) va qo‘shni davlatlar bilan kelishuv bo‘lganmi?
Otabek Omonov: Biz MAGATE bilan muntazam ravishda aloqadamiz. Biz 5 yildan beri qurilajak AES maydonida muhandislik-qidiruv ishlarini muntazam olib boryapmiz. Jarayon MAGATE nazoratida. U tayyorlagan hisobot bilan qo‘shni davlatlar ham tanishishga haqli.
Qurilish jarayoniga taxminan 5 ming kishi jalb qilinadi. Ular orasida mahalliy hamda rossiyalik quruvchilar bo‘ladi. Chet ellik ekspertlar va maxsus kompaniyalar esa qurilish sifatini doimiy nazorat qiladi. Bundan tashqari, qurilish jarayoniga mingga yaqin texnika olib kelinadi. AES asosiy bino-inshootlari o‘ta yuqori xavfsizlik talablariga javob beradi. Qurilishda asosan, beton, monolit temir beton, armatura va boshqa mahsulotlar ishlatiladi. Reaktor va uning atrofidagi uskunalar Rossiyadan olib kelinadi. Qolgan uskunalar, masalan, trubinalar, generatorlar, transformatorlar va hokazolar boshqa chet davlatlaridan keltiriladi.
O‘zbekistonda kabel ishlab chiqarish sanoati yaxshi rivojlangan. Mahalliy kabel ishlab chiqaruvchilarni loyihamizga qo‘shishni rejalashtirganmiz.
Qosim To‘xtaoxunov: Quruvchilar va qurilish materiallari MAGATE talablariga javob berishi kerak. Ular chet el kompaniyalari tekshiruvidan o‘tib, maxsus litsenziya olgachgina tenderda qatnashadi. G‘olib bo‘lsa, qurilishda ishtirok etadi yoki mahsulotlarni yetkazib berishi mumkin bo‘ladi.
AESning qanday ekologik xatarlari bor? Ayrim iqlimshunoslar O‘zbekiston sharoitida AES qurish xavfli ekanini, dunyoda hali havo harorati 40 darajadan oshadigan, yog‘ingarchilik kam cho‘l hududiga AES qurilmaganini aytmoqda. Tanlangan hudud iqlimi o‘rganildimi?
Otabek Omonov: AES quriladigan hududda 2018-yildan beri muhandislik-qidiruv ishlari olib boriladi. Atom energetikasi sohasiga kelishimizdan avval boshqa tarmoqlarda qurilish ishlari bilan shug‘ullanganmiz. Men bunchalik ko‘lamda muhandislik-qidiruv ishlari olib borilishini birinchi marta ko‘rishim. Masalan, oddiy muhandislik-qidiruv ishlari 2-3 oy olib boriladi. AES uchun esa 1 yillik sikl bo‘ldi. Masalan, aerometeorologik, geologik-qidiruv ishlari bajarildi. O‘zbekistonda birinchi bor geodinamik poligon yaratdik. Bunda yer sathining siljishi “sputnik” orqali kuzatiladi. Shuningdek, stansiya hududida 9 ta seysmodatchiklar turibdi. Alohida eng zamonaviy meteostansiya ham o‘rnatilgan. U nafaqat ob-havoni, quyosh yoki shamolni, balki hamma stansiya ham o‘rganmayotgan ko‘plab parametrlarni juda chuqur ko‘rsatadi. Maydonchamizda 2019-yildan beri yerdagi suvlar sathi parametrlarini o‘rganamiz. Bundan tashqari, ekologik o‘rganishlar ham o‘tkazib kelinadi. Masalan, Tuzkon ko‘li suvining harorati, tarkibi, muzlash davrlari, suv kamayishi va ko‘payishi masalalari 2018-yildan beri o‘rganib kelinmoqda. O‘rganish jarayonida MAGATEning kerakli hujjatlaridan foydalandik. Ular missiyalari bilan kelib, bizning ishlarga yuqori baho berib ketishdi.
Ekologik jihatdan hayvonot turlari, flora-fauna to‘liq o‘rganildi. AESning atrof-muhitga taʼsiri bo‘yicha hisobot tayyor bo‘lgach, mahalliy aholiga taqdimot qilinadi. Jamoat eshituvlari o‘tkaziladi, obyekt haqida gapirib beriladi.
Qosim To‘xtaoxunov: AESning ekologik xatarlari yo‘q — biz uni ko‘rmayapmiz. Ishlayotgan har bir sanoat obyektida atmosferaga, suvga chiqindilar chiqariladi. Lekin AESda atmosferaga chiqindi chiqmaydi. Filtrlar bunday chiqindilarni ushlab qoladi. Havo haroratining issiq bo‘lishi AESga zarar qilmaydi. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, AES tizimi havo harorati 55 darajaga ko‘tarilguncha normal ishlaydi.
Otabek Omonov: Loyihamiz 80-yilga mo‘ljallangan. Energetikadagi boshqa hech bir loyiha 80 yillik emas. AESda suv tizimiga bog‘liqlikni minimallashtirish uchun havo yordamida quruq sovitish tizimi ishlatiladi. Vengriya, Xitoy mutaxassislari bilan gaplashdik, MAGATEga taqdimot qildik va ular suv sarfi kam bo‘lishini olqishladi. Ko‘p odamlar Tuzkon, Aydarko‘l suvi ishlatilarkan, degan gaplarni aytmoqda. Biz AES uchun Aydarko‘l yoki Tuzkon suvini ishlatmaymiz. Asosan, sovitish tizimiga ozgina suv ishlatiladi, yaʼni tizimni suv bilan to‘ldirib olamiz. Uni Jizzaxdagi kanallardan foydalanib to‘ldiramiz. Vaqti-vaqti bilan ko‘p bo‘lmagan miqdorda suv kerak bo‘ladi.
O‘zbekistonda AES qurilishi haqidagi xabarni jamoatchilik xavotir bilan kutib oldi. Chernobil fojiasi eslandi, AES bomba sifatida tushunildi, uning qurilishi ortidan Rossiya tomonidan iqtisodiy-siyosiy bosimlar bo‘lishi mumkinligi taxmin qilindi. Bunday xavotirlar qanchalik o‘rinli?
Otabek Omonov: Loyihamiz 2018-yil boshlangandi. O‘shanda bizga aholining AES qurilishi bo‘yicha fikrini o‘rganish topshirilgan. 2018–2019-yillarda OAV xodimlari bilan birga Forish tumaniga borganmiz va aholi bilan uchrashganmiz. Esimda: o‘shanda aholining 85 foizdan ortig‘i bizni qo‘llab-quvvatlagandi. To‘g‘ri, norozilik ham bildirilgan, hozir ham shunday. Chunki har bir yangi texnologiya iqtisodiyotga, xalqqa kirib kelguncha maʼlum bir to‘siqlardan o‘tadi. Lekin hozir Forishda mahalliy aholi AES qurilishi boshlanishini kutmoqda. Ko‘pchilikda Fukusima yoki Chernobil fojiasidan taʼsirlanib, mohiyatini chuqur o‘rganmay, maʼlum negativlar kelib chiqmoqda. Sanoatda yoki yo‘lda avariyalar bo‘ladi. Lekin bu o‘sha soha rivojlanmasin degani emas.
Qosim To‘xtaoxunov: Otabek hozir mahalliy aholi haqida gapirdilar. Biz 2019-yil internet orqali respublika bo‘yicha ijtimoiy fikrni o‘rganganmiz. O‘shanda aholining 70 foizgacha qismi AES qurilishini qo‘llab-quvvatlagan.
Otabek Omonov: AESda qurilish konstruksiyalariga eʼtibor berilsa, xavfsizlik talablari juda yuqori. Monolit temir beton ishlatilishi juda ko‘p. Kuchli shamol, yer qimirlashi va boshqa xavflarga chidamliligi to‘liq o‘rganiladi. AES qurilish xarajatlarining ko‘p qismi xavfsizlik taʼminlanishi uchun sarflanadi.
Siyosatchi emasmiz, texnik muhandismiz. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida sherikchilik aloqalari juda qalin. Eng katta savdo sheriklarimizdan biri Rossiya. Qaysidir davlat bilan savdo sherik bo‘la turib masalani siyosiy xavf-xatarga bog‘lash noto‘g‘ri. AES tijoriy loyiha, siyosiy emas. Iqtisodiyotimiz rivojlanishi kerak. Agar tadbirkor bo‘lsangiz, qaysi sherik ishonchli, mahsulotining narxi yaxshi, sifatli ekaniga qarab, u bilan sheriklik qilasiz. Bu unga bog‘lanib qolganingiz va u endi sizga zulm qilishini anglatmaydi.
Qosim To‘xtaoxunov: Bunday reaktorlarda portlash bo‘lishi mumkin emas. AES va atom bombasida bo‘layotgan jarayonlar mutlaqo boshqa-boshqa. Reaktorda hech qachon portlash bo‘lishi mumkin emas.
Chernobilda boshqa reaktor turi edi — RBMK. U yerda xavf bo‘lgan. Fukusimada ham “kipyashiy” reaktor. Dunyo mazkur turdagi reaktorlardan voz kechgan. Hozir unday reaktorlar qurilmayapti. Hozir butun dunyoda faqatgina VVER konstruksiyalari qurilmoqda. Bunda xavfsizlik tomoniga ko‘proq eʼtibor beriladi. To‘g‘ri, temir uskuna bo‘lgandan keyin avariya bo‘lishi mumkin. Lekin buning darajasi juda past. Atrof-muhitga salbiy taʼsiri kam. Chunki avariyaning oldini oladigan tizim bor.
O‘zbekistonda AES qurish uchun nega aynan Rossiyaga qarashli korxona tanlandi?
Otabek Omonov: Aytaylik, uy-joy qurganimizda har kuni qurish bilan shug‘ullanadigan, buyurtmalari ko‘p, ishini yaxshi bajaradigan va tajribali quruvchini tanlaymiz. Hamma nega Rossiya tanlandi deydi? Dunyo miqyosida chet davlatlarda eng ko‘p AES quradigan mamlakat bu — Rossiya. Bizning tanlagan texnologiyalarmiz eng ilg‘orlaridan biri.
Qosim To‘xtaoxunov: AQSH, Fransiya, Angliya kabi rivojlangan davlatlar 60-yillarda AES loyihalarini boshida turgan. Yevropa va boshqa davlatlarga AESni shular qurib bergan. Hozir AQSH AES qurishni bilmaydi — oxirgi stansiyasini 20 yil avval qurgan. Smetasi 4-5 baravar ortib ketdi. Fransiya Finlyandiyaga AES qurib bergandi. Qurilish 2003-yilda boshlanib, 2020-yilda yakunlangan —17 yil qurdi. Vaholanki, 3-4 yilda bitirishga vaʼda bergandi. AES narxi ham 5 mlrd yevro o‘rniga, 15-18 mlrd yevroga chiqib ketdi. Shuning uchun ularga hech kim buyurtma bermayapti. Angliya hozir o‘zi qura olmasdan, Xitoyni chaqirdi. Koreya zo‘r quradi, lekin bitta reaktorni biladi xolos. Kompleks qurishni bilmaydi. Shuning uchun bozor dunyosida Rossiyadan boshqa variant qolmadi. Biz boshlanishiga kichik AES quramiz. Keyin rivojlanish pog‘onama-pog‘ona davom etadi.
AES qurish narxi shartnoma yuzasidan ochiqlanmasligi maʼlum, biroq loyiha qimmatligi aniq. Jamoatchilik faollari muqobil energiyani rivojlantirsak, AES kerak emasligi, korxonalar va aholi xonadonlariga generatorlar o‘rnatish orqali energobarqarorlikni taʼminlash mumkinligini aytmoqda. Bunga qanday munosabatdasiz?
Otabek Omonov: Biz hamma yo‘nalishdagi energiya manbalari rivojlanishi tarafdorimiz. Quyoshning ham o‘rni bor. Masalan, siz hovli joyda yashasangiz, tomingiz bor, bemalol quyosh panellari o‘rnatsangiz bo‘ladi. Shamol generatorlari ham xuddi shunday. Ayniqsa, uzoqda joylashgan qishloqlar uchun bu juda yaxshi va qulay.
AES qimmatligiga kelsak, narxini ayta olmaymiz — bu tijorat siri. Rossiya tomonidan hamkor bo‘lganmiz. Ular ham bizga o‘xshab boshqa davlatlar bilan kichik AESlar bo‘yicha hamkorlik qilmoqda. Narxni oshkor qilishimiz, maʼlum bir tomonlar manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin.
Qosim To‘xtaoxunov: AES umri kamida 60 yil. Shu davrda qancha elektr energiyasi ishlab chiqaradi? Chiqqan raqamni, qurilish xarajatlariga bo‘lamiz. Shunda aniq summa kelib chiqadi. Xuddi shu quyosh, shamol va boshqa stansiyalarni qurilish va yaroqli muddati davomida ishlab chiqaradigan tok hisob-kitob qilinadi. Masalan, AES puliga bir qancha IES qurish kerak bo‘ladi, biroq uning yonilg‘i sarfi uchun katta hajmda gaz kerak. Nisbiy chiqarilsa, AES eng arzoni. Eng arzon energiya bu atom energetikasidir. Iqtisodchilar shuncha turadi deb sanashmaydi, hayot davrini olib asosini chiqarishadi.
Atom energetikasi barqaror elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Quyosh stansiyasi kechqurun ishlamaydi. Uning o‘rnini qoplash uchun yana gaz yoki ko‘mir yoqib, elektr ishlab chiqarish kerak. IESda yoqilg‘ining tannarxdagi xarajati 60-70 foizni tashkil qiladi. Katta AESning xarajati 7 foiz, kichiginiki esa 3-4 foiz atrofida.
Quriladigan AESning moliyalashtirish manbalari qanday bo‘ladi?
Otabek Omonov: AES qurish uchun to‘liq chet el investitsiyalarini jalb qilishni mo‘ljallaganmiz. Qaysi davlatlar investitsiya qilishini aniq ayta olmayman, chunki bu tijorat siri. Chet el investitsiyalarini jalb qilish, uning shartlari bo‘yicha muzokaralar ketmoqda. AES ishga tushsa, stansiyaning o‘zida 500 taga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
AES O‘zbekistonda yangi soha. Shuning uchun kadrlar yetishtirish masalasi qanday hal qilinadi? Taʼlim va tayyorgarlik dasturlari ishlab chiqildimi?
Otabek Omonov: 2020-yilda O‘zbekistonda Moskva muhandislik-fizika institutining Toshkent filiali ochilgan. O‘tgan yili ilk bitiruvchilari bizda ishlash uchun keldi. Katta tanlov bo‘ldi. O‘zimizning yigitlarning bir qismini 2-3 yildan beri Koreyaga o‘qishga yuboryapmiz. Rossiyaga, Fransiyaga ham yubordik. Vengriya va Misrga malaka oshirishga jo‘natdik. Ular AESlarda ishlaydi. Moskva muhandislik-fizika instituti Toshkent filialini tugatgan yoshlarning 15 nafaridan 5 nafari Rossiyadagi AESlarda ishlab, 1,5 yil ichida bo‘lim boshlig‘i darajasiga ko‘tarildi.
Kadrlar tayyorlash bo‘yicha katta dasturimiz bor. Uni AES loyihasi to‘liq ishlab chiqilgach, ishga tushiramiz. Rossiyaga 400 nafardan ortiq vatandoshlarimizni taʼlim dasturi bo‘yicha o‘qishga yuboramiz. Ular o‘qiydi, stansiyalarda malaka oshiradi va bizda ishlashga qaytib keladi. Stansiyamizda birinchi ishga tushiriladigan obyekt bu o‘quv-tayyorlov markazi bo‘ladi. Xorijda o‘qib kelgan yoshlarimizni tayyorlaymiz. AESning barcha xodimlari o‘zimizdan bo‘ladi. Ularga uy-joylar qilib beramiz, yaxshi oylik-maosh to‘lanadi, boshqa ijtimoiy jihatlardan ham yetarli sharoitlar yaratiladi.
Islombek Umaraliyev suhbatlashdi
Izoh (0)