Nima tomosha qilishni bilmayapsizmi? 2025-yilning birinchi yarmida ekranlarga chiqqan va sizga albatta yoqadigan eng kassabop filmlar ro‘yxatini taqdim etamiz.
“Nechja ajdarlar shohini mag‘lub etadi”
“Nechja ajdarlar shohini mag‘lub etadi” multfilmi kassa yig‘imlari bo‘yicha rekord o‘rnatib, 2 milliard dollardan oshib ketdi. Syujet markazida jasur bola Nechja va uning do‘sti Ao Bin turadi. Ular ajdarlar shohi va uning qo‘shiniga qarshi kurashadi, ammo ularga chaqmoq uriladi va qahramonlar ruhlarga aylanadi. Usta Tayi Chjenjen Yetti rangli muqaddas nilufar bilan yordamga keladi, lekin Nechja va Ao Bin qaytib kelib, ajdarlar urug‘ini to‘xtata oladimi?
“Maynkraft kinoda”
Aprel oyida ekranlarga chiqqan “Maynkraft kinoda” fantastik sarguzasht komediyasi ham omadli chiqdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha Gollivudda eng ko‘p talab qilingan loyihalardan biriga aylanib, jahon prokatida 550 million dollar daromad keltirgan.
Syujetga ko‘ra, Garret Garrison, Genri, Natali va Doun — faqat tasavvurda mavjud bo‘lgan g‘alati kubsimon mo‘jizalar olamiga tushib qolishadi. Uyga qaytish uchun ular yovuz cho‘chqalar va zombilarga qarshi kurashishlari, shuningdek, usta Stiv bilan birga sehrli vazifani bajarishlari kerak bo‘ladi.
“Chaynataunlik detektiv, 1900-yil”
Chaynataunda bir ayolga suiqasd uyushtiriladi, asosiy gumonlanuvchi esa xitoylik edi. Bu jinoyat katta shov-shuvga sabab bo‘ladi va shahar aholisi Xitoy mahallasini yopishni talab qiladi. Ishni an’anaviy xitoy tabobati shifokori Sin Fu va A-Guy laqabli xitoy-hind ovchisi surishtira boshlaydi.
Ushbu komediya ko‘plab tomoshabinlarga, ayniqsa, xitoylik muxlislarga manzur bo‘ldi. Xitoyda film namoyishning dastlabki besh kunida 253,1 million dollar daromad qilib, ikkinchi o‘rinni egalladi.
“Yashinchaqnatarlar”
Marvel’ning yana bir filmi “Yashinchaqnatarlar” kassa rekordini yangiladi. May oyi boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, film daromadi 162 million dollarga yetdi.
Syujetga ko‘ra, Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Valentina Allegra de Fonteyn antiqahramonlar va super yovuzlardan iborat jamoa tuzadi. Ular eng xavfli topshiriqlarga tayyor bo‘lib, hukumat buyrug‘iga ko‘ra ishlaydi. Ular orasida josus Yelena Belova, Qizil Qo‘riqchi, Baki Barns, Taskmaster, shuningdek, AQSH Agenti nomi bilan mashhur Jon Uoker bor.
“Oppog‘oy”
Bu fantastik myuzikl premyeradan oldin tanqidga uchragandi. Ko‘pchilikni bosh rolni ijro etuvchi aktrisa Reychel Zegler, shuningdek, syujetdagi o‘zgarishlar va asl klassik asarga yondashish tarzi qoniqtirmagan. Biroq aynan shu omillar tomoshabinlarning “Oppog‘oy”ga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirgan bo‘lishi mumkin. Natijada loyiha kassa yig‘imida muvaffaqiyatli deb topildi — uning jahon kinoprokatidagi daromadi 204,1 million dollarni tashkil etdi.
Umuman olganda, asosiy syujet g‘oyasi o‘zgarmagan: yosh malika Oppog‘oy o‘zining go‘zalligiga hasad qiladigan yovuz jodugar o‘gay onasidan qochib, yetti gnom yashaydigan uychaga yashirinadi.
“Usta”
Jeyson Stetem bosh rolni ijro etgan mazkur filmning butun dunyo bo‘yicha kassa yig‘imi 98 million dollardan oshib ketdi.
Levon Keyd qurilishda oddiy ishchi. Ammo qurilish rahbari qizini noma’lum shaxslar o‘g‘irlab ketishganda aynan unga murojaat qiladi. Ana endi niqoblarni yechib tashlash va yashirin mahoratni namoyon qilish payti keldi.
“Kapitan Amerika: yangi dunyo”
“Kapitan Amerika: yangi dunyo” fantastik jangari filmi shu yilning fevral oyida ekranlarga chiqdi. U 2025-yilning dastlabki uch oyidagi eng muvaffaqiyatli filmlardan biriga aylandi va uch haftalik namoyishdan so‘ng butun dunyo bo‘ylab 370 million dollardan ortiq daromad keltirdi. Shundan 40 million dollari loyihaning AQSHdagi premyera kunidayoq yig‘ildi — bu 2025-yildagi rekord ko‘rsatkich bo‘ldi.
Syujetga ko‘ra, shtatlarning yangi prezidenti Taddeus Ross Kapitan Amerikani rasmiy lavozimga tayinlashga qaror qiladi. O‘tmishda ular o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lgani uchun Sem bu yaxshi g‘oya ekanligiga shubha qiladi. Ayni shu kuni prezidentga suiqasd uyushtiriladi. Uilson xoin Rossning eng yaqin atrofida yashiringaniga ishonch hosil qiladi.
Izoh (0)