Daniya va Germaniya o‘rtasida Baltika dengizi ostida 18 kilometrlik rekord darajadagi modulli tunnel qurilmoqda. 7,4 milliard dollar qiymatidagi loyiha yo‘l-vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi va Skandinaviyani Markaziy Yevropa bilan yaxshiroq bog‘lash imkonini beradi. Bu haqda Baltic News Network portali xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, obyekt dunyodagi eng uzun modulli avtomobil va temir yo‘l tunneli bo‘ladi. U oldindan yig‘ilgan, dengiz tubiga joylashtirilgan va bir-biriga ulab qurilgan ulkan qismlardan iborat. Loyihaning asosiy qurilish maydoni Daniyaning janubi-sharqidagi Lolland oroli qirg‘og‘ida, tunnelning shimoliy kirish qismida joylashgan. Uchastka maydoni 500 gektardan ortiq bo‘lib, tunnel bo‘limlari yoki elementlari uchun port va ishlab chiqarish majmuasini o‘z ichiga oladi.
Daniyaning Femern davlat kompaniyasi direktori Xenrik Vinsentsenning aytishicha, suv osti tunnellari ilgari ham qurilgan, ammo hech qachon bunday ko‘lamda bo‘lmagan. Har birining uzunligi 217 metr, eni 42 metr bo‘lgan elementlar temir-betondan tayyorlanib, beton bilan birgalikda quyiladi. Ular Lego g‘ishtchalari kabi qismlarga bo‘linib birlashtiriladi.
Qurilish ishlari 2029-yilda yakunlanishi rejalashtirilgan. Tunnel ishga tushsa, Daniyadagi Redbixavn va Germaniyadagi Puttgarten o‘rtasidagi 45 daqiqalik parom sayohati o‘rniga, yo‘l mashinada atigi 10 daqiqa yoki poyezdda yetti daqiqa davom etadi. G‘arbiy Daniyani chetlab o‘tadigan yangi temir yo‘l yo‘nalishi, shuningdek, Kopengagen va Gamburg o‘rtasidagi yo‘l vaqtini ikki baravar - besh soatdan 2,5 soatgacha qisqartiradi hamda yuk va yo‘lovchi tashish uchun yanada ekologik toza va qisqa muqobil variant bo‘ladi. Tunnel bo‘ylab har kuni 100 dan ortiq poyezd va 12 ming avtomobil harakatlanishi kutilmoqda.
Loyiha asosan Daniya tomonidan moliyalashtiriladi. Yevrokomissiya taxminan 1,3 milliard yevro ajratadi.
Izoh (0)