Xorazm viloyatida 7-sinf o‘quvchisi tungi klubda raqqosalik qilayotganda qo‘lga tushdi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyat IIB jinoyat tezkor qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan Urganch shahrida faoliyat olib boruvchi tungi klublarda reyd tadbirlari olib borilgan.
Reyd davomida tungi ko‘ngilochar maskanlar rahbarlari va ishchilariga nisbatan jami 24 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Klublarda litsenziyasiz raqqosalik bilan shug‘ullanish bo‘yicha 23 ta holat aniqlanib, ma’muriy bayonnomalar hujjatlashtirilgan.
Tungi klublardan birida rahbar 14 yoshli maktab o‘quvchisini raqqosalik qilishiga yo‘l qo‘yib kelayotgani aniqlanib, rahbarga nisbatan MJtKning 188-moddasi (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) 2-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va belgilangan tartibda tushuntirish ishlari olib borildi.
Voyaga yetmagan qiz esa tungi klubda ijtimoiy xavfli ahvolda qarovsiz va nazoratsiz qolgani aniqlanib, Xorazm viloyati IIBga qarashli bo‘lgan voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.
Bundan bir necha yil avval Jizzaxda to‘yxonaning ikkinchi qavatida noqonuniy faoliyat yuritib kelgan tungi klub faoliyatiga chek qo‘yilgan edi.
Izoh (0)