Senatning 30-apreldagi yalpi majlisida O‘zbekistonda elektron sigaretalar butunlay taqiqlanishi ko‘zda tutilgan qonun ko‘rib chiqilib, maʼqullandi.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga baʼzi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni isteʼmol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlarini, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan, elektron sigaretalarni va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek, olib kirish va olib chiqish uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senat matbuot xizmatining bildirishicha, ushbu qonun nafaqat aybdor shaxslarni jazolashga qaratilgan, balki sodir etgan noqonuniy harakatlari to‘g‘risida o‘z ixtiyori bilan hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod qilish ham nazarda tutilgan.
Senatorlarning ta’kidlashicha, qonun aholining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishga, millat genofondini saqlashga hamda atrof muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda elektron sigaretalarni taqiqlash
Milliy tiklanish partiyasi 2021-yildayoq elektron sigaretalarni cheklashni taklif qilgandi.
“Dunyoning 32 mamlakatida elektron sigaretalar cheklangan ekan, nima uchun biz cheklamasligimiz kerak? Mutaxassislar uning genоfondga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini aytmoqda. Partiyamiz ham ushbu masalani muntazam ko‘tarib keladi”, degan edi Alisher Qodirov.
Senat 2022-yilning iyunida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunni bir qancha asoslar sabab rad etgandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2024-yilning aprel oyida bir qator tamaki va nikotin mahsulotlari, elektron sigaretalar muomalasini taqiqlovchi, shuningdek, bu sohada javobgarlik joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini muhokama uchun eʼlon qilgandi.
Unda nikotin va tamaki mahsulotlarining “zamonaviy” yoki “innovatsion” turlari, xususan, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari, ular uchun suyuqliklar, gellar, shu jumladan, elektron sigaretalar hamda tamakini qizdirish tizimlari, qizdiriladigan tamaki mahsulotlari O‘zbekistonga kirib kelishi va aholi, ayniqsa, bolalar va yoshlar orasida ularni chekish keskin ko‘paygani qayd etilgandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2025-yil 24-yanvardagi majlisida elektron sigaretalarni butunlay taqiqlash ko‘zda tutilgan qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilingandi.
Izoh (0)