O‘zbekistonda prezident farmoni bilan tasdiqlangan loyihaga asosan to‘ylar tartibga solinadi.
Bu prezidentning “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxatida keltirilgan.
Unda joriy yilning avgust oyigacha to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’rakalar va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish bo‘yicha parlament palatalari kengashlarining qo‘shma qarori qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, yoshlarda tejamkorlik madaniyatini shakllantirish bo‘yicha yangi mexanizmlar nazarda tutilgan.
Loyihaga mas’ullar etib Oliy majlis palatalari, Madaniyat vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita belgilangan.
Shavkat Mirziyoyev 2018-yil martida bo‘lib o‘tgan videoselektorda dabdabali to‘ylarni qoralagan, ijro organlari rahbarlarining to‘y-marosimlarga borishini taqiqlagan edi.
“Hamma bir xil to‘y qiladi. Agar birorta rahbar — prokurormi, soliqchimi, hokimmi, chegarachimi — me’yordan chiqsa, o‘sha kuniyoq qamayman. Vazir yo bosh vazir o‘rinbosari 500 kishiga to‘y qilishga yetadigan maoshni qayerdan oladi? Hammasi o‘g‘rilik bu, tagini surishtirsak. O‘g‘rilik!”, — degandi o‘shanda Prezident.
Izoh (0)