Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida xususiy bog‘cha xodimi 6 yoshli bolani kaltakladi. Bolalar ombudsmani holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, bolalar ombudsmani kotibiyatiga fuqaro G.A. (ayol) ning murojaati kelib tushgan. Murojaatda joriy yilning 13-mart kuni voyaga yetmagan farzandi V.D. (2018-yilda tug‘ilgan o‘g‘il bola) nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasiga borgan vaqtida muassasa administratori U.I bolani urib, jarohat yetkazganini ma’lum qilgan.
Murojaatchi bildirishicha, U.I. bolaga nisbatan qilgan nomaqbul muomalasi uchun javobgarlikka tortilgan bo‘lsa-da, ayol ushbu maktabgacha ta’lim muassasasida faoliyatini davom ettirayotganini atroflicha o‘rganilishida amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur holat Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida IIV va MTMV tomonidan o‘rganilgan. Aniqlanishicha, administrator lavozimida ishlab kelgan U.I. 2018-yilda tug‘ilgan V.D.ga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lib, uni kamera yo‘q xonaga olib chiqib qasddan urib, sog‘liqning qisqa muddat yomonlashuviga olib kelmagan yengil tan jarohati yetkazgan.
Holat yuzasidan tuman IIB tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida ma’muriy javobgarlikka oid ish materiallari sudga yuborilib, 26-mart kuni sud tomonidan tarbiyachi U.I.ga nisbatan jarima jazosi qo‘llanilgan.
Shuningdek, U.I bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ham 26-martda bekor qilinib, uning mazkur muassasada faoliyati yakunlangan.
Bolalarni jazolab tarbiyalash aslo mumkin emas
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova 6-mart kuni davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tizimi mas’ullari bilan uchrashuvda bolalarga har qanday shaklda kuch ishlatish, jazolab tarbiyalash aslo mumkin emasligini aytgandi. Buni tizimda ishlayotgan har bir rahbar, pedagog, tarbiyachi va yordamchi xodim birdek tushunishi, shu tartibga rioya etishi shartligini ta’kidlagandi.
So‘nggi oylarda bog‘chalarda bolalarga nisbatan qilingan qo‘pol munosabatlar
2025-yil 3-aprel kuni Samarqand viloyati Payariq tumanidagi bog‘chada bolalarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan tarbiyachi ishdan olingani ma’lum qilindi. 27-mart kuni Toshkent viloyatidagi bog‘chada ham bolalarga qo‘pollik qilib kelgan tarbiyachi ishdan olingandi. 14-fevral kuni Samarqandning Jomboy tumanidagi bog‘chada tarbiyachi bolalarni urib, ularni haqoratlagani uchun jarimaga tortilib, ishdan ketgandi. 28-fevral kuni Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi bog‘chada tarbiyachi bolalarning qulog‘idan tortib, yuz va bosh qismlariga bir necha marotaba urgani aniqlandi. 21-fevralda Toshkentdagi bog‘chada bola stulga skotchlab qo‘yilgani ortidan tarbiyachi va uning yordamchisi ishdan bo‘shatildi. 6-fevral kuni Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi bog‘chada 6 yoshli bolaning tanasiga igna sanchib, tahdid qilingani aniqlandi. 6-yanvarda Toshkent viloyatidagi bog‘chada tarbiyachi bolalarning qulog‘idan tortib, bir necha marotaba urgani aniqlanib, ishdan olindi.
Izoh (0)