Eronning Shahid-Rajai portida 26-aprel kuni yuz bergan portlash qurbonlari soni 70 ga yaqinlashdi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi portlash sababini ma’lum qildi.

Ichki ishlar vaziri Iskandar Moameniga ko‘ra, portlashga beparvolik, jumladan, xavfsizlik qoidalarini buzish va ehtiyotsizlik sabab bo‘lgan. Aybdorlar qo‘lga olingan. Hozirda tergov komissiyasi voqea tafsilotlarini aniqlashda davom etmoqda.
Voqeani tekshirish uchun maxsus komissiya tuzildi, aybdorlar hibsga olindi, ular portlash bilan bog‘liq ayrim masalalarni tushuntirib berdi, tergov jarayoni davom etmoqda, dedi vazir.
Eronning eng yirik konteyner porti bo‘lmish Shahid-Rajaida 26-aprel kuni portlash sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida mingdan ortiq kishi jarohat oldi.
Mamlakatda milliy motam e’lon qilindi. Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon qurbonlarning oilasiga hamdardlik bildirdi. U Bandar Abbos shahriga tashrif buyurib, shifoxonalardagi jarohatlanganlar bilan uchrashdi va tezroq sog‘ayib ketishni tiladi.
New York Times nashri kimyoviy moddalar noto‘g‘ri saqlangani sababli portlash yuz bergani haqida xabar berdi. Eron rasmiylari tashqaridan aralashuv versiyasini rad etdi. Biroq eronlik deputat portdagi portlashga Isroilning aloqasi borligini aytdi. Muhammad Seraj bunga ishora qiluvchi “dalillar” mavjudligini aytdi.
Portlovchi moddalar konteynerlarga yoki ular ishlab chiqarilgan mamlakatda, yoki tashish yo‘lida joylashtirilgan. Biz portlovchi moddalarni konteynerlarga joylashtirishda ichki manbalar ham ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligini inkor etmaymiz. Portlash to‘rtta turli joyda yuz berdi, degan u.
Izoh (0)