Eron Mudofaa vazirligining Isfahondagi obyektiga uyushtirilgan hujum bo‘yicha dastlabki tergov natijalari hujum uchun Isroil javobgar ekanini ko‘rsatdi. Bu haqda Eronning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Amid Said Iravoniy ma’lum qildi.
“Dastlabki tergov natijalari sionistik rejim (Isroil nazarda tutilmoqda — “Daryo” izohi) Isfahon shahridagi Mudofaa vazirligi obyektiga qilingan terakt uchun javobgar ekanini koʻrsatmoqda, bu rejimning harakatlari xalqaro huquqqa ziddir va qoralanadi”, — deydi Iravoniy BMT Bosh kotibi va tashkilot Xavfsizlik Kengashi raisiga yo‘llagan maktubida.
“Eron oʻz milliy xavfsizligini taʼminlash va sionistik rejim tomonidan har qanday tahdid yoki qonunbuzarliklarga, agar zarur deb bilsa, qattiq javob berish uchun qonuniy va dahlsiz haquqqa ega”, — deb taʼkidladi Iravoniy. Eron vakili BMT Xavfsizlik kengashini Isroil rasmiylarining jangovar bayonotlarini qoralashga chaqirgan.
29-yanvarga o‘tar kechasi Eronning markaziy qismida joylashgan Isfahon shahrida kuchli portlash sodir bo‘lgani xabar qilingandi. Keyinroq mamlakat Mudofaa vazirligi harbiy obyektlaridan biriga dronlar yordamida muvaffaqiyatsiz hujum uyushtirilganini ma’lum qildi. Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, bitta dron urib tushirilgan, qolgan ikkitasi mudofaa tuzogʻiga tushgan va portlagan. Hujum oqibatida hech kim jabrlanmagan, faqat kichik moddiy zarar yetkazilgan.
OAV xabarlariga ko‘ra, hujum ortida Isroil va AQSH turgan bo‘lishi mumkin. AQSH bu portlashlarga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi. Isroil esa vaziyatga munosabat bildirgani yo‘q.