Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi Lion Park hayvonot bog‘ida uchta sher bog‘ qorovuliga hujum qildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, hodisa 17-dekabr kuni soat, taxminan, tonggi 05:00 larda sodir bo‘lgan. 3 ta Afrika sheri qafasdan hayvonot bog‘i hududiga katak eshigi ochiq qoldirilganidan foydalanib chiqqan. So‘ng sherlar ularni katakka qaytarmoqchi bo‘lgan 1980-yilda tug‘ilgan qorovul F.I.ga hujum qilgan, qorovulni o‘ldirgan.
Mazkur holat hayvonot bog‘i xodimlari tomonidan soat 09:00 larda aniqlanib, 2 ta sher uxlatuvchi dori vositalari qo‘llangan holda katakka qaytarilgan. 1 ta sher esa mahalliy ovchi tomonidan otib o‘ldirilgan.
Voqea joyiga soat 10:00 da huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari borib, hodisa joyi va marhumning jasadi qoldiqlarini ko‘zdan kechirgan.
Shuningdek, parkda mavjud bo‘lgan barcha yirtqich hayvonlar sanoqdan o‘tkazilib, ular joy-joyida ekanligi va kataklar mahkamlangani aniqlangan.
Hozirda Parkent tuman prokuraturasi tergov-tezkor guruhi, Ekologiya vazirligi hamda “Toshkent hayvonot bog‘i” DM mutaxassislari tomonidan zarur tekshiruv va surishtiruv tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)