Ming yillar davomida mashhur Ipak yo‘li Sharq va G‘arb dunyosining buyuk qadimiy sivilizatsiyalari o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qilgan. Bugungi kunda yangi Ipak yo‘li – O‘rta koridor avtomobillar, temir yo‘llar va dengiz transportini o‘zida birlashtirgan multimodal yo‘nalish bo‘lib, davlatlarni bog‘lash vositasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. May oyining oxirida Kaspiy dengizi siyosat markazi tomonidan Vashingtonda o‘tkazilgan yuqori darajadagi forumning sarlavhasi va asosiy mavzu O‘rta koridorni qanday qilib kengaytirish” bo‘lgan. Sakkizinchi Transkaspiy forumida davlat idoralari, diplomatik missiyalar, xalqaro tashkilot va biznes vakillarining nufuzli ma’ruzachilarini O‘rta koridor taqdim etuvchi imkoniyatlardan foydalanish va undagi to‘siqlarni minimallashtirish bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashish uchun to‘plandi.
O‘rta koridorni to‘liq anglab yetish uchun uning kelajagi, tarixiga nazar solish lozim. Ushbu Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi sharqni g‘arb bilan Qozog‘iston va Kaspiy dengizi orqali bog‘laydi. U yuklarni qit’alar bo‘ylab tashishga mo‘ljallangan: tovarlar Ozarbayjonning Boku porti orqali Kavkazga va Gruziyaga qadar tashiladi. Gruziyadan Yevropaga yetib borish uchun ikkita muqobil yo‘ldan foydalanish mumkin: Turkiya orqali quruqlikdagi yo‘l yoki Qora dengiz orqali dengiz yo‘li.
Markaziy Osiyo, Kaspiy dengizi mintaqasi va Xitoyni Yevropa bilan bog‘lash vositasi sifatida O‘rta koridorning dastlabki g‘oyasi 2000-yillarning boshida “tug‘ilgan”. Biroq marshrut to‘liq ishga tushgunga qadar yillar o‘tdi. 2014-yilda Trans-Qozog‘iston temir yo‘lining ishga tushirilishi jarayon boshlanishi uchun katta qadam bo‘ldi. 2017-yilda Boku-Tbilisi-Kars temir yo‘lining ishga tushirilishi tizimga yana bir muhim qism bo‘lib qo‘shildi. O‘rta koridorning rasmiy faoliyati 2020-yil Turkiyadan Xitoyga birinchi poyezd yetib kelganida boshlandi.
2020-yildan beri O‘rta koridoridan foydalanish Transkaspiy yo‘nalishda yuk tashish hajmini sezilarli darajada oshirdi. Bunga Rossiya–Ukraina o‘rtasidagi urush va buning natijasida Rossiyaga qarshi sanksiyalar sabab bo‘ldi. Rossiya bilan aloqada bo‘lmaslik istagi ba’zi korxonalarni transport ustuvorliklarini qayta ko‘rib chiqish ehtiyojini uyg‘otdi va ularni Rossiyadan tashqari boshqa bir marshrutni tanlashga undadi.
“O‘rta yo‘lak (tashish vaqtini) 15 kunga qisqartirish orqali Rossiya va Belarus ishtirokidagi standart yo‘nalishlarga munosib alternativa bo‘lish imkoniyatiga ega”, — deydi Kaspiy siyosat markazi prezidenti Efgan Nifti. U Kaspiyning o‘sib borayotgan geosiyosiy ahamiyatini ta’kidlagan.
4250 kilometrdan ortiq temir yo‘l va 500 kilometr dengiz yo‘liga ega O‘rta koridor biznes uchun qulay, chegarasiz muhit tufayli Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi eng barqaror aloqalardan biridir. Bu uni Xitoydan Qozog‘iston, Rossiya va Belarus orqali o‘tadigan nisbatan uzunroq Shimoliy koridordan ajratib turadi.
Forumda asosiy ma’ruzachi sifatida qatnashgan Global bozorlar bo‘yicha Savdo kotibi yordamchisi Arun Venkataraman Kaspiy mintaqasining strategik va iqtisodiy ahamiyatini hamda O‘rta koridorning savdo-iqtisodiy rivojlanish yo‘lidagi ulkan imkoniyatlarini ta’kidladi. U so‘nggi ikki yil ichida AQSHning Kaspiy mintaqadagi mamlakatlar bilan savdosi 40 milliard dollarga yetgani, mintaqadagi AQSH eksporti va importi deyarli 50/50, ya’ni 20 milliard dollardan bo‘linganini aytdi.
Venkataraman O‘rta koridor atrofidagi sinergetik ta’sirni faqat jismoniy infratuzilmagagina (masalan, portlar, temir yo‘llar, yuk terminallari) bog‘lamaslikka chaqirdi. Uning fikricha, O‘rta koridorning kengayishi aloqa yoki raqamli infratuzilmalarni, shuningdek, xavfsizlik va himoya tizimlarini o‘z ichiga olishi kerak. Bu moliyaviy xizmatlarni bo‘lishish, kommunal xizmatlar ko‘rsatishni nazorat qilish, g‘arb hamda Kaspiy mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradigan boshqa vositalar uchun tovarlar, odamlar va texnologiyalarni samarali harakatlantirishda zarur bo‘lgan IT tizimlarini ta’minlashni anglatadi.
Venkataraman, shuningdek, O‘rta koridorining rivojlanishi bilan yuzaga kelgan siyosiy muammolarni o‘rganib chiqdi. Bularga iqlim o‘zgarishi va barqaror biznes muhitiga bo‘lgan ehtiyoj kiradi. AQSH davlat kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchi o‘rinbosari Jon Mark Pommersheym ham Venkataramanning so‘zlarini takrorlab, qulay ishbilarmonlik muhitiga ega bo‘lish muhimligini taʼkidlagan holda, O‘rta koridorda xususiy sektorning rolini muhokama qildi. U Ukrainadagi urushdan so‘ng Markaziy Osiyo bo‘ylab iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish uchun 2022-yil sentyabr oyida boshlangan Markaziy Osiyoda iqtisodiy barqarorlik tashabbusi – ERICENning ahamiyatiga to‘xtaldi.
AQSH savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilish, mintaqaga sarmoyalarni kengaytirish, ta’lim va bilim orqali odamlarga sarmoya kiritish bilan Markaziy Osiyoda bandlik imkoniyatlarini oshirish uchun 45 million dollar ajratdi. Bundan tashqari, 2021-yildan buyon AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Markaziy Osiyo savdo dasturi doirasida 24 million dollardan ortiq sarmoya kiritdi.
Ushbu sarmoya bojxona qonunchiligini uyg‘unlashtirish, davlat-xususiy muloqotni kengaytirish va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqani rivojlantirishga qaratilgan.
Ozarbayjon elchisi Xazar Ibrohimning taʼkidlashicha, O‘rta koridor salohiyatini maksimal darajada oshirish uchun unda ishtirok etuvchi davlatlar xatarlarni, xarajatlarni (biznes bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun), to‘siqlar va ehtimoliy muammolarni minimallashtirish kerak. U O‘rta koridor yo'lida joylashgan davlatlar bunga qanday erishishi kerak degan savolni ko‘tardi va oddiy, ammo teran javob berdi: davlatlar bir-biri bilan ko‘p tomonlama hamkorlik qilishi lozim.
Misol uchun, mamlakatlar Turkiy davlatlar tashkiloti kabi guruhlar orqali bog‘lanishi mumkin, bu davlatlar o‘rtasida bojxona qoidalarini tartibga solishda yordam beradi. U Turkiya, Ozarbayjon va Gruziya hamkorligiga misol qilib, uch tomonlama hamkorlikning rolini ham ta’kidladi. Shuningdek, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar to‘siqlarni minimallashtirishning yana bir yo‘li bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Ibrohim mamlakatlarga Xitoydan Yevropaga tovarlarni tashishda potensial eng qisqa yo‘l sifatida O‘rta koridorga teranroq qarash kerakligini bildirdi.
“Koridorni nafaqat tovar ayirboshlash vositasi, balki texnologiya, madaniyat almashish, odamlar o‘rtasida aloqalar o‘rnatish yo‘li sifatida qabul qilish lozim. Asl qadimiy Ipak yo‘li turli madaniyatlar, shaharlar va odamlarni bog‘lab, tovarlar, g‘oyalar, ilm-u bilimlar, tillar va dinlarni almashish imkonini bergan”.
Ibrohimning fikricha, O‘rta koridor bugungi kunda ham xuddi shunday vazifani bajarishi mumkin. Elchi Kaspiy-Yevropa yashil energiya yo‘lagini yaratish O‘rta koridor salohiyatini maksimal darajada oshirish va elektr energiyasini Yevropaga yetkazishda ajoyib usul bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Koridor salohiyatini oshirish mintaqadagi hamkorlikni mustahkamlashning yana bir yo‘lidir. Masalan, Tbilisidan Istanbulga Kars va Anqara orqali katta transport imkoniyatlarini ochadigan Boku—Tbilisi—Kars temir yo‘lini yotqizishdan sezilarli foyda ko‘rishi mumkin, joriy modernizatsiya uning imkoniyatlarini yiliga 5 barobarga oshirishi mumkin.
O‘rta koridor bo‘yicha o‘ziga xos nuqtayi nazarini va bu yo‘nalishning boy imkoniyatlaridan unumli foydalanish haqida Qirg‘iziston elchisi Bakit Amanbayev gapirdi. U Markaziy Osiyoning mineral resurslarga boyligi tufayli jahon iqtisodiy rivojlanishidagi ahamiyatini ta’kidladi. Shuningdek, u Xitoy bozorlari bilan yanada kengroq bog‘lanish va dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ochiq dengiz aloqalarini ta’minlashga umid beruvchi Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston—Pokiston yirik temir yo‘l loyihasining muhimligini aytdi. Amanbayev buni Qirg‘iziston uchun “asr loyihasi” deb atadi.
O‘zbekiston elchisi Furqat Siddiqov forum ishtirokchilariga O‘zbekiston oltin zaxiralarini qayta ishlash bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi, oltin qazib olish bo‘yicha yettinchi, tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha sakkizinchi, mis zaxiralari bo‘yicha o‘ninchi, uran zaxiralari bo‘yicha yettinchi o‘rinda ekanini ta’kidladi.
Siddiqovning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yilda yalpi ichki mahsuloti 100 milliard dollardan oshgan va tashqi savdo aylanmasi 70 milliard dollardan ortiq bo‘lgan O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy o‘yinchilardan biri bo‘lib, Yevropaga olti ming turdagi tovarlarni eksport qilishga tayyor.
U O‘zbekistonning moliyaviy va savdo ahamiyatini ta’kidlash bilan birga, qonunchilikka o‘zgartirish kiritishni, jumladan, Jekson-Venik tuzilmasini bekor qilish zarurligini bildirdi. Yarim asr davomida amalda bo‘lgan ushbu tuzilma AQSH va yahudiylarning emigratsiyasini cheklovchi, boshqa inson huquqlarini buzuvchi “nomoliyaviy” iqtisodiyotlar o‘rtasidagi savdo aloqalarini cheklaydi. Siddiqov uni o’tmish merosi deb atadi, AQSH hukumati va Markaziy Osiyo davlatlari uni bekor qilish yo‘lida harakat qilishi nihoyatda muhimligini ta’kidladi.
Forumda Qozog‘istondan mamlakat missiyasi rahbari o‘rinbosari Rauan Tleulin ishtirok etdi. U O‘zbekiston misolida bo‘lgani kabi, yuk o‘tkazish qobiliyatini oshirish orqali O‘rta yo‘lak Qozog‘istonga o‘zining transport imkoniyatlarini diversifikatsiya qilishda sezilarli darajada yordam berishini aytdi. Bu borada bir qator muhim qadamlar qo‘yildi, “O‘rta koridor” orqali tashilayotgan yuklar hajmi ikki baravar ko‘paydi. Qozog‘iston ham Ozarbayjon orqali neft tashish hajmini oshirish bo‘yicha shartnomalar imzoladi. Ushbu shartnomalar (Kazmunaygas milliy neft kompaniyalari va SOCAR o‘rtasida) Aktau—Boku—Tbilisi—Jayhan quvuri orqali neft tashish hajmini yiliga 2-2,2 million tonnaga oshirishga qaratilgan.
Qozog‘istonning navbatdagi maqsadi, infratuzilma loyihalarini rivojlantirish, sarmoyani ko‘paytirish va sarmoyaviy muhitni yaxshilashdir. Qozog‘iston Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya bilan birgalikda “bir vaqtning o‘zida to‘siqlarni bartaraf etish, 2025-yilga borib O‘rta koridorning o‘tkazish qobiliyatini yiliga 10 million tonnagacha oshirish” bo‘yicha yo‘l xaritasini qabul qildi.
Qozog‘istonning O‘rta koridordagi ishtirokini potensial ravishda kuchaytirishi mumkin bo‘lgan yana bir qadam neftni Yevropa bozorlariga tashishda Kaspiy flotini rivojlantirish uchun Abu-Dabi porti bilan qo‘shma korxona tashkil etishdir. Tleulin, shuningdek, Yevrokomissiya tomonidan Markaziy Osiyoda transport barqaror rivojlanishi uchun 10 milliard yevro ajratish majburiyatini ta’kidladi. Siyosatchi Qozog‘iston AQSH hamkorlaridan Global infratuzilma va investitsiyalar bo‘yicha hamkorlik (PGI) dasturi va Mineral xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik orqali xuddi shunday “javob” kutayotganini aytdi.
Individual ma’ruzachilar bilan bir qatorda forumda doktor Marsha McGrov Olive ham so‘zga chiqdi. U O‘rta koridor bilan bog‘liq investitsiyalarni rejalashtirish va muvofiqlashtirish bilan bog‘liq dolzarb masalalarda xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari faoliyati haqida tushunchalar bilan o'rtoqlashdi.
“Biz bir davlat yoki bir loyiha haqida gapirmaymiz, kamida sakkiz, agar Bolgariya va Ruminiyani Jahon banki kabi hisobga olsak, gap 10 ta davlat haqida ketmoqda. Bu faqat bitta loyiha emas, balki qattiq va yumshoq infratuzilmadagi bir nechta loyihalarni o‘z ichiga oladi — bu avtomobil, temir yo‘l, dengiz va jamoaviy harakatning ulkan ijrosidir, chunki loyihalar va vazifalarning ustuvorligini aniqlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish juda qiyin”.
Ilgari Estoniya iqtisodiyot vaziri bo‘lib ishlagan va Yevropa Komissiyasida faoliyatini davom ettirishdan oldin Estoniyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishida muhim rol o‘ynagan Henrik Xololey O‘rta koridor bo‘yicha Yevropa Ittifoqi nuqtai nazari bilan o‘rtoqlashdi. U forum ishtirokchilariga so‘nggi yillarda Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bir necha marta yuqori darajadagi tashriflar bilan hamkorlikni mustahkamlaganini eslatdi. Shuningdek, yil oxirida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha ilk sammiti bo‘lib o‘tishini e’lon qildi.
Xololeyning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo davlatlari hozirda amalga oshirayotgan ko‘plab iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar mintaqani jadal rivojlantirishi mumkin.
“Yevropa Ittifoqining (YI) Markaziy Osiyodagi manfaatlari quyidagilardan iborat: savdo, yashil iqtisodga o‘tish va Transkaspiy koridori doirasida transport aloqasi. YI Markaziy Osiyodagi eng yirik sarmoyador bo‘lib, mintaqada to‘plangan investitsiyalarning 40 foizdan ortig‘i uning hissasiga to‘g‘ri keladi”.
Amaldor o‘z nutqida Yevrokomissiya O‘rta koridor o‘rniga Trans-Kaspiy yo‘li iborasini ishlatishni afzal ko‘rishini, chunki Komissiya tarkibiga Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati, shuningdek, Kavkaz va Turkiya davlatlari kiritilganini taʼkidladi.
USAIDning Yevropa va Yevrosiyo byurosi elchisi Erin Makki koridorni rivojlantirishda xususiy sektorning muhim roliga to‘xtalib o‘tdi. U koridor haqida ikkita o‘ylantiruvchi savol berdi:
U korrupsiya, nomuvofiq qoidalar va siyosatlar, hammaga emas, balki ayrimlarga qaratilgan o‘zboshimchalik qoidalariga asoslanadimi? yoki shaffoflik, qonun ustuvorligi nafaqat tovar va xizmatlarning erkin aylanishiga balki odamlarga ham qaratilgan bo‘ladimi?
Uning taʼkidlashicha, USAID Janubiy Kavkaz mintaqasida O‘rta koridorini rivojlantirishni tezlashtiradigan deyarli 24,5 million dollarlik eng muhim tashabbusni boshlagan. Ushbu dastur yordamida 200 million dollar sarmoya ochiladi, transport samaradorligi 30 foizga o‘sadi, tranzit vaqti 20 foizga qisqaradi.
Elchi, shuningdek, USAIDning Osiyo byurosi Markaziy Osiyoning “savdo faoliyati”ga 24 million dollar sarmoya kiritganini ham aytdi. 2021-yilda dastur bojxona va chegara tartiblarini uyg‘unlashtirishga, davlat-xususiy muloqotni rivojlantirishga yordam berdi, Kaspiy dengizidagi Kurik portidagi takomillashtirilgan terminal operatsion tizimi kabi O‘rta koridor rivojini qo‘llab-quvvatladi.
Hamda Kavkazda USAID Armanistonni O‘rta koridor orqali o‘tadigan mavjud savdo yo‘llariga integratsiyalashayotganini ta‘kidladi. Bunday ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, umumiy muvaffaqiyat davlat sektori, xususiy sektor va xalqaro moliya institutlari kabi ko‘plab organlarga bog‘liq bo‘ladi. Bu yo‘nalishdagi qadamlardan biri joriy yilning may oyida USAID va YTTB o‘rtasida imzolangan shartnoma bo‘lishi mumkin, bu esa baʼzi nuqtalarni bog‘lashi va samarali O‘rta yo‘lakni yaratishga yordam berishi mumkin.
Elchi “donorlarni muvofiqlashtirish”dan “donor vazifalarini bajarish”ga o‘tish zarurligini ta’kidladi va “real vaqt hamda tezlashtirilgan sur’atda yanada aniq, mazmunli va maqsadli hamkorlikka” chaqirdi.
Forumda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo infratuzilmalari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi va dastur rahbari Vinni Vang ham so‘zga chiqdi. U koridor haqida uchta asosiy fikri bilan o‘rtoqlashdi.
- Birinchidan, koridor ko‘p o‘lchovli. Ushbu xususiyat tufayli uning rivojlanishi faqat savdo bilan bo‘liq emas va birinchi navbatda institutsional o‘sishni talab qiladi.
- Ikkinchidan, koridorning belgilovchi xususiyatlaridan multimodallik (temir yo‘l, havo, avtomobil va dengiz transportidan foydalanish) aslida samarasiz hisoblanadi. Vangning so‘zlariga ko‘ra, bu “to‘siq” imkoniyatga aylanishi mumkin. Vang tomonidan ta’kidlangan yakuniy nuqta shundan iboratki, natijalar muayyan qiyinchiliklarni bartaraf etishda ishlab chiqilgandagina ko‘rinadi. U, shuningdek, koridorni rivojlantirishda xususiy kapitalni jalb qilish katta rol o‘ynashini ham ta’kidladi.
AQSH Savdo vazirligining katta maslahatchisi Tamar Sattervayt “qattiq infratuzilma” hamda “IT muammolari”ga e’tibor qaratdi. U 2023-yildan beri Savdo departamenti C5 mamlakatlari, shuningdek, Gruziya va Ozarbayjonni qamrab olgan uchta mintaqaviy tadbirni o‘tkazganini aytdi. O‘tgan yildan boshlab Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqdi va IT muammolari bo‘yicha muvofiqlashtirish platformasini ishga tushirdi. Amaldor hamma “O‘rta koridorini olg‘a siljitishga harakat qilsa-da, donor tashkilotlar, mintaqa davlatlari va ma’lum vazirliklar o‘rtasida ma’lumot almashish yo‘qligini aytdi.
BP Amerika vitse-prezidenti Robert Sherning izoh berishicha, O‘rta koridori ko'p jihatdan biznes yuritishda boshqa yo‘llardan farq qilmaydi. U Neft va gaz sektori nuqtai nazaridan biznes yuritish Kaspiy mintaqasida ishlashni osonlashtirishini tan olib (va biznesni davom ettirish BP uchun foydali bo‘ladi), O‘rta koridorda biznes yuritishda hali ham to‘siqlar mavjudligini ta’kidladi. Bu to‘siqlardan biri mintaqadagi integratsiyaning rivojlanmaganligidir. Yana bir muammo — tartibga soluvchi islohotlarning zaifligi. Robert Sher BP mintaqada erishgan oldingi muvaffaqiyatlarga qaramay, inson kapitalini yaxshilash zarurligini aytdi. Bundan tashqari, investitsiyalar uchun ochiqlik, qoidalar bo‘yicha aniqlik va izchillik, shartnomalarni saqlash, umumiy tinchlik va barqarorlik muhimligiga to‘xtaldi.
Mintaqada faoliyat yuritayotgan kompaniyalar keskinliklarga moslashib, ishlashni davom ettirish yo‘llarini aniqlashi mumkin bo‘lsa-da, yangi kompaniyalar sarmoya kiritishda o‘zlarini xavfsiz his qilishi uchun mintaqa va unga a’zo mamlakatlar tinchligiga ishonch hosil qilishi kerak.
Kaspiy mintaqasida o‘n yillik tajribaga ega huquqshunos Laura Brank mintaqadagi huquqiy muammolarga to‘xtaldi. U sezilarli o‘zgarishlarga qaramay, qonunlarning shaffof emasligi investorlar uchun qiyinchilik tug‘dirayotganini aytdi. U doimiy ravishda o‘zgarib turadigan ba’zi soliq qonunlarini alohida ta’kidladi.
Brakning so‘zlariga ko‘ra, byurokratik kechikishlar “investorlar uchun haqiqatan ham muammoli va noqulaylik tug‘diruvchi” yana bir to‘siqdir. U, shuningdek, infratuzilmaning yomonligini aytdi — ayrim tovarlarni ishlab chiqaruvchi investorlar mintaqa davlatlaridan eksport qila olmaydi.
Boku xalqaro dengiz savdo portining bosh ekspluatatsion direktori Yevgeniy Seah O‘rta koridorda biznes yuritish uchun “tarixiy rishtalar bilan bog‘langan” Markaziy Osiyo va Ozarbayjon istiqbollarini hisobga olish kerakligini ta’kidladi. U Ozarbayjon prezidentining Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon “strategik ahamiyati ortib borayotgan yagona tarixiy, madaniy va geosiyosiy makonni ifodalaydi” degan so‘zlaridan iqtibos keltirdi.
Uning ta’kidlashicha, Ukrainadagi urush bu mamlakatlarni energiya resurslari, kimyoviy moddalar va metallarni tashishning boshqa yo‘llarini izlashga undagan. Bu mahsulotlar avvaldan Rossiya va Ukraina tomonidan yetkazib berilgan. Endilikda esa don bilan ham ta’minlay oladigan Markaziy Isiyodan keltiriladi. Mahsulot ta’minoti oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shish imkoniyatiga ega.
Seah kelajak uchun “yashil terminal” ham kerakligini bildirdi. U “bularning bari Ozarbayjonning diversifikatsiya strategiyasi tufayli yuzaga kelgan”ini ta’kidladi.
“Port erkin iqtisodiy zona tashkil etishda katta omil bo‘ldi. Buni hisobga olgan holda, biz O‘rta koridoriga boshqa nuqtai nazardan qarashimiz kerak”, — dedi Seah.
U bu O‘rta koridor bo‘ylab joylashgan barcha mamlakatlar uchun manfaatli bo‘lishi kerakligini aytdi. Shuningdek, shimoliy koridorning muvaffaqiyati asosan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining mavjudligi bilan bog‘liq ekanini bildirdi. Seah bu institut barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish, hamkorlik qilish, kelishuvlarga erishish, uni rasmiylashtirish, kuzatib borishda muhimligini aytib, “ammo Markaziy Osiyoda bunday muassasa yo‘q” ekaninbi bildirdi.
Shuningdek, u Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Boku porti taklif eta oladigan mustaqil quvurlar orqali neft eksport qilish imkoniyatlarini oshirish haqida gapirdi. Bundan tashqari, u hozirda uranni boyitishda yetarli quvvatga ega bo‘lmagan Qozog‘istonning uran eksporti mavzusiga to‘xtaldi.
Armaniston missiyasi rahbari Artur Gregoryan Ozarbayjon bilan tinchlik o‘rnatish tashabbusini taʼkidladi. U ikki davlat vakillarining ishtiroki muhimligini aytdi.
Kaspiy mintaqasi transport markaziga aylanishi, uning muvaffaqiyati uchun tinchlik, barqarorlik muhim ahamiyatga ega. Agar O‘rta koridori haqiqatan ham “Yangi ipak yo‘li”ga aylansa, unda qiyinchiliklarni yengib o‘tish va mavjud imkoniyatlardan foydalanish uchun yangi qoidalar, yondashuvlar va yangicha fikrlash kerak bo‘ladi.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan Kaspiy forumi ushbu muhim savdo yo‘li imkoniyatlarini maksimal darajada oshirishda eng yetakchi mutaxassislar, hukumat rahbarlari va ishbilarmonlarni bir joyga to‘pladi.
Muallif: Assel Nussupova
Izoh (0)