Tailandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik bokschi Havasbek Asadullayev qo‘pol qoidabuzarlik uchun diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda Osiyo boks konfederatsiyasi (ASBC) xabar berdi.
71 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Ispaniyadagi Boxam turniri g‘olibi Havasbek Asadullayev va jahon chempionatining uch karra bronza medali sovrindori qozog‘istonlik Ablayxon Jusupov finalda to‘qnash keldi. O‘zbekistonlik jangchi jang vaqtida raqibining yelkasini tishlab oldi.
Qozog‘iston boks federatsiyasining noroziligidan so‘ng elit boks bo‘yicha Osiyo chempionati (ASBC) texnik delegati irlandiyalik Sadi Daffi xonim qoidani qo‘pol ravishda buzgani uchun Xavasbek Asadullayevni diskvalifikatsiya qilishga qaror qildi.
“Qoidalarga ko‘ra raqibni tishlash deb tasniflangan ushbu qoidabuzarlik jang davomida hakam tomonidan o‘tkazib yuborilgan, ammo keyinroq aniqlangan. Reglamentga ko‘ra, agar bokschi biror-bir sababga ko‘ra diskvalifikatsiya qilinsa, Ablayxon Jusupov avtomatik tarzda diskvalifikatsiya sabab jang g‘olibi deb e’lon qilinadi”, deyiladi xabarda.
Turnir yakuniga ko‘ra O‘zbekiston 8 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (4−6−1) va Tojikiston (1−1—3). ASBC hali yangilangan medallar reytingini e’lon qilmagan.
Izoh (0)