Daryo

Parij—2024. Osiyoda tengsiz O‘zbekiston boks terma jamoasi

Yo‘llanma yig‘ish bo‘yicha o‘zbekistonliklar jahonda ikkinchi o‘rinda qayd etildi

3 daqiqa o‘qish78 398 ko‘rishlar0 izoh0

Fransiya poytaxtida bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari boshlanishiga roppa-rosa 8 kun qoldi.

 

“Daryo” O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan sportchilar bilan tanishtirib o‘tadi.

Quyida boks bo‘yicha O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan sportchilar haqida qisqacha ma’lumot beramiz.


Erkaklar:

Hasanboy Do‘stmatov Ma’rufjon o‘g‘li 1993-yil 24-iyunda Andijonda tug‘ilgan. 2016-yil Braziliyada o‘tgan Olimpiada chempioni. Ikki karra jahon hamda 3 bora Osiyo chempioni. 

Foto: “MOQ”

Abdumalik Halokov Anvar o‘g‘li 2000-yil 9-aprel kuni Buxoroda tug‘ilgan. Jahon va Osiyo chempioni va sovrindori, yoshlar o‘rtasidagi Olimpiada o‘yinlari g‘olibi.

Foto: Boks federatsiyasi

 Ruslan Abdullayev 2002-yil Qoraqalpog‘iston respublikasi, Amudaryo tumanida tug‘ilgan. Jahon chempioni (2023), Osiyo chempioni (2022), O‘zbekiston chempioni (2021), havaskorlar o‘rtasidagi xalqaro va respublika turnirlarining ko‘p karra g‘olibi.

Foto: IBA

Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev Zohiddinxo‘jayevich 2001-yil 8-may kuni Farg‘ona viloyati Rishton tumanida tug‘ilgan. 2023-yil o‘tkazilgan jahon chempionati oltin medali sohibi va 2022-yilda Iordaniya poytaxti Amman shahrida bo‘lib o‘tgan havaskor boks bo‘yicha Osiyo chempionatining bronza medali sovrindori.

Foto: IBA

To‘rabek Habibullayev Shukrillo o‘g‘li 2004-yil 9-aprel kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2022-yili o‘tkazilgan jahon chempionati g‘olibi. 

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Lazizbek Mullajonov Hasanjon o‘g‘li 1999-yil 13-may kuni Farg‘onada tug‘ilgan. Jahon chempionati bronza medali hamda Osiyo chempionati oltin medal sohibi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Bahodir Jalolov Isomiddin o‘g‘li 1994-yil 8-iyul kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. 2020-yilda Tokioda o‘tkazilgan Olimpiada chempioni, bir necha bor Osiyo hamda jahon chempioni.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Ayollar: 

Sabina Boboqulova Komiljonovna. 2003-yil 29-iyul kuni Buxoro viloyatining Olot tumanida tavallud topgan.

Sabina BAAning Dubay shahrida 2019-yil o‘smirlar, 2021-yil yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan. 2022-yil Toshkent, 2023-yil Bangkok shaharlari mezbonlik qilgan U22 yosh toifasidagi qitʼa birinchiliklarida ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan.

Nigina O‘ktamova Jasur qizi 2003-yilda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tug‘ilgan. 2021-yilning aprelida Polshada o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari, Nigina bir qator yosh toifalarida qitʼa birinchiligi, shuningdek, ko‘plab nufuzli xalqaro musobaqalarning g‘olib va sovrindorlari qatoridan joy olgan. 2021-yil O‘zbekistonda qizlar o‘rtasida “Yilning eng yaxshi yosh sportchisi” nominatsiyasida g‘alaba qozongan. Xalqaro maydondagi natijalari natijalari evaziga davlatimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Sitora Turdibekova Shavkat qizi 2002-yil 20-may kuni Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida tavallud topgan. 

Turdibekova 2021-yil kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan. 2022-yil Toshkentda o‘tgan U-22 qit’a birinchiligida bronza, 2023-yil Bangkok mezdonlik qilgan ayni shu toifadagi chempionatda esa kumush medal sohibiga aylangan. Ko‘rsatgan natijalari evaziga “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Navbahor Hamidova Nishon qizi 2001-yil 7-fevral kuni tavallud topgan. 2022-yil Iordaniyada kattalar o‘rtasidagi, 2023-yil Tailandda o‘tgan U-22 yosh toifasidagi Osiyo chempionatlarida oltin medalga sazovor bo‘lgan. 2023-yil Hindiston mezbonlik qilgan dunyo birinchligida bronza medali bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston boks milliy terma jamoasi jahonda litsenziya yig‘ish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turibdi. Terma jamoa 4 yillikning nufuzli turniriga 11 ta vazn toifasida ishtirok etadi. Ushbu natija bilan O‘zbekiston termasi Osiyo qitʼasida birinchilikni qayd etdi.

Markaziy Osiyoda boks bo‘yicha Olimpiadaga yo‘llanma yig‘ish bo‘yicha ko‘rsatkichlar quyidagicha: 

  • O‘zbekiston — 11 ta
  • Qozog‘iston — 10 ta
  • Tojikiston — 3 ta
  • Qirg‘iziston —1 ta
  • Turkmaniston — 0
Erkinjon G‘aybullayev

bosh muharrir o‘rinbosari

Erkinjon G‘aybullayev

Erkin G‘aybullayev 1992-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. Samarqand davlat chet tillar institutini tugatgan. Magistraturani Janubiy Koreyadagi Namseul universitetida o‘qigan. Ingliz, rus tillarini mukammal biladi.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar