AQSH Mudofaa vazirligi qurol-yarog‘ zaxiralari kamayib ketganidan xavotirlanib, Ukrainaga ayrim havo mudofaasi raketalari va o‘q-dorilarni yetkazib berishni to‘xtatdi. Bu haqda Politico xabar berdi.

Qaror Pentagon siyosati rahbari Elbrij Kolbi tomonidan ilgari surilgan va o‘q-dori zaxiralari ko‘rib chiqilganidan so‘ng qabul qilingan.
AQSH Mudofaa vazirligi artilleriya o‘qlari, havo hujumidan mudofaa raketalari va yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilarning umumiy soni kamayib borayotganidan xavotirda, deydi bu masala bilan tanish bo‘lgan uch kishi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Bayden ma’muriyati davrida va’da qilingan ba’zi yordamlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi dastlabki qaror iyun oyi boshida qabul qilingan. Biroq Ukraina tinch aholi nishonlariga Rossiya raketa va dronlarining yirik zarbalarini qaytarayotgan bir paytda kuchga kirmoqda.
Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelliyning aytishicha, qaror “butun dunyo bo‘ylab boshqa davlatlarga ko‘rsatilayotgan harbiy yordam va ko‘makni Pentagon ko‘rib chiqqanidan so‘ng, Amerika manfaatlarini ustuvor qo‘yish maqsadida qabul qilingan”. U “AQSH Qurolli kuchlarining qudratiga Eronning o‘zi ham guvoh bo‘lgani”ni qayd etgan.
Yetkazib berish to‘xtatilgan qurollar orasida Patriot havo hujumidan mudofaa tizimi uchun mo‘ljallangan raketalar, aniq zarbali artilleriya o‘qlari, Ukraina tomonidan F-16 qiruvchi samolyotlari va dronlaridan uchiriladigan Hellfire hamda boshqa turdagi raketalar bor.
Ta’kidlanishicha, Pentagon qarori Kongressdagi Ukraina tarafdorlarida xavotir uyg‘otgan. Ular mamlakat Rossiyaning navbatdagi havo hujumlariga nisbatan himoyasiz bo‘lib qolishidan qo‘rqmoqda.
Izoh (0)