O‘zbekistonda chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi belgilandi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Unga ko‘ra, hukumat qarori bilan “Chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Nizom chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarlikka jalb etish, O‘zbekiston Qurolli kuchlari safidagi muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun tanlab olish tartibini belgilaydi.
Chaqiriluvchilar tanlovda 1 yilda faqat 1 marta ishtirok etishi mumkin. Tanlov chaqiruv yilidan avvalgi yilning 10-avgustidan chaqiruv yilining 10-fevraliga qadar o‘tkaziladi. Chaqiriluvchi bilan suhbat o‘tkazish orqali uning quyidagi ma’lumotlariga aniqlik kiritiladi:
- harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishi va ishtiyoqi;
- huquqbuzarliklar sodir etgani, javobgarlikka tortilgani va sudlangani bilan bog‘liq holatlar;
- sog‘lig‘ining holati;
- bilim darajasi;
- oilaviy sharoiti va boshqalar.
Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasi quyidagi umumjismoniy normativlarni qabul qilish orqali baholanadi:
- turnikda tortilish;
- 100 metrga yugurish;
- 3000 metrga yugurish.
Tanlov yakunlari bo‘yicha chaqiriluvchini tavsiya etish yoki tavsiya etmaslik bo‘yicha tegishli xulosa qabul qilinadi.
Respublikada joriy yil 1-avgustdan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 10 foiz oshirilib, 1 mln 271 ming so‘mga yetkazildi. Bu o‘zgarish safarbarlik chaqiruv rezervi (1 oylik harbiy xizmat) to‘loviga taʼsir qiladi.

Safarbarlik chaqiruv rezervi to‘lov badali bevosita mehnatga haq to‘lashdagi eng kam miqdorning 7 barobariga teng. Demak, avgustdan bir oylik harbiy xizmat haqi hozirgi 8 mln 85 ming so‘mdan 8 mln 897 ming so‘mga oshiriladi.
O‘zbekistonda 2019-yildan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori joriy etilgan. Mazkur to‘lov miqdori oshirilgani sari bir oylik harbiy xizmat narxlari quyidagicha o‘zgargan:
- 2019-yil — 4 mln 40 ming so‘m;
- 2020-yil — 4 mln 755 ming so‘m;
- 2021-yil — 5 mln 754 ming so‘m;
- 2022-yil — 6 mln 440 ming so‘m;
- 2023-yil — 6 mln 860 ming so‘m;
- 2024-yil — 8 mln 85 ming so‘m.
Safarbarlik chaqiruv rezervi safiga qabul qilinganlardan pul badallari biryo‘la yoki bir yil mobaynida bo‘lib to‘lash orqali olinadi. Mazkur mablag‘lar Mudofaa vazirligining “Safarbarlik chaqiruvi rezervi mablag‘lari” maxsus hisobraqamida jamlanadi. Pullar muddatli harbiy xizmatchilarga nafaqa to‘lash, vazirlik moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilari taʼminotiga yo‘naltiriladi.
Fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga 27 yoshga to‘lgunga qadar olinadi. Ular xizmatni o‘tash davrida oylik harbiy yig‘inlarga, favqulodda vaziyatlar yoki O‘zbekistonga qarshi qurolli tajovuz ro‘y bergan taqdirda haqiqiy harbiy xizmatga jalb qilinishi mumkin.
Izoh (0)