O‘zbekistonga 2025-yilning yanvar-aprel oylarida xorijdan qiymati 213,7 mln dollarga teng bo‘lgan 12 071 dona yengil avtomobil import qilingan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

To‘rt oyda eng ko‘p yengil avtomobil import qilgan davlatlar reytingida Xitoy peshqadam – 9 904 dona. Keyingi o‘rinda esa Janubiy Koreya – 1 714 dona.
Shuningdek, Hindistondan 168 dona, Yaponiyadan 97 dona hamda AQSHdan 41 dona avtomashina import qilingan.
Bundan tashqari, yana boshqa davlatlardan jami 147 dona avtomashina olib kelingan.
2025-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonga xorijdan 4,4 ming dona yengil avtomobil import qilingani haqida xabar berilgandi.
O‘zbekistonda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 1-maydan elektromobillar uchun 45 mln so‘mdan 78 mln so‘mgacha utilizatsiya yig‘imi undirilishi ko‘zda tutilgan. 2025-yil 1-maydan boshlab:
- ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab 3 yildan ortiq bo‘lmagan elektromobillaruchun BHMning 120 baravari (45 mln so‘m);
- ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab 3 yildan ortiq bo‘lgan elektromobillaruchun BHMning 210 baravari (78 mln 750 ming so‘m) etib belgilandi.
O‘zbekistonda oxirgi paytlarda elektromobillar importi keskin qisqarmoqda. Masalan, 2025-yil yanvar—fevral oylarida mamlakatga elektromobillar importi sezilarli kamaydi. Ikki oy davomida jami 17 million 967 ming dollarlik 1555 dona elektromobil olib kirilgan. 2024-yil yanvar—fevral oylarida esa 85 million 415 ming dollarlik 3489 dona elektromobil import qilingandi.
Iqtisodchilar fikricha, import qisqarishiga Toshkent viloyati Piskent tumanidagi chet eldan keltirilgan avtomobillar uchun sinov poligoni ishga tushgani taʼsir qilgan bo‘lishi mumkin. Poligon quvvati O‘zbekistonga avvalgidek ko‘p avtomobil kiritish uchun yetarli emas. Bu tabiiy ravishda import jarayonini murakkablashtiradi, oqibatda avtomobillar narxi qimmatlashadi.
2024-yil 1-noyabrdan O‘zbekistonga import qilinadigan transport vositalari Piskent poligonida sinovdan o‘tkazila boshlangan. Bunga sabab sifatida harakat xavfsizligini kuchaytirish va mamlakatga olib kirilayotgan transport vositalari sifatini yaxshilash maqsad qilingani bildirilgan.
Mart oyi yakunida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan Xitoyning Leapmotor C16 avtomobilida “kamchilik” aniqlangani maʼlum qilindi. Agentlik mashinalarni sertifikatlash organlariga ogohlantirish xati yuborib, Leapmotor kompaniyasining barcha avtomobillari importiga taqiq qo‘yilganini bildirdi.
Avvalroq BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasi hukumatdan elektromobillarning tartibsiz importini cheklashni so‘ragandi. O‘shanda jamoatchilik faollari importni cheklash raqobat yo‘qolishiga olib kelishidan xavotir bildirgan. Ayrim iqtisodchilar fikricha, O‘zbekistonda yangi avtomobil zavodlari ochilishi avtomashinalar narxi pasayishiga olib kelmaydi.
Izoh (0)