Joriy yil 13-avgust kuni O‘zbekistonda 30,1 ming soliq to‘lovchi hisobidan asossiz ravishda jami 399,3 milliard so‘m mablag‘ yechib olindi. Soliq qo‘mitasi mazkur holatni texnik xatolik sabab yuz berganini bildirdi. Bugun, 14-avgustda muammo hal etilgani, pullar egalariga qaytarilgani maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, texnik nosozlik oqibatlarini bartaraf etish ishlari yakunlangan. Barcha soliq to‘lovchilarga noto‘g‘ri yechib olingan mablag‘lar avtomatik tarzda to‘liq qaytarilgan.
Mazkur vaziyat sababli tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingida vaqtincha pasaygan ballari avvalgi holatiga tiklangan.
“Biz tushunamiz, ushbu holat ko‘plab savollar va xavotir uyg‘otdi. Shu sababli zudlik bilan soliq to‘lovchilarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni minimallashtirish bo‘yicha choralar ko‘rildi. Kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun barcha choralarni ko‘ramiz. Sizning soliq xizmatiga bo‘lgan ishonchingiz va qatiyatingiz biz uchun muhim”, deya fikr bildirgan Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev.

Qo‘mita maʼlumotlar bazasida yuz bergan texnik nosozlik sababli eng kamida 100 ming so‘mgacha, ko‘pi bilan 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar yechib olingan. Soliq organlari mablag‘larni 13-avgust oxirigacha soliq to‘lovchilar hisob raqamlariga qaytarish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rayotgani bildirilgan. Xususan, soliq to‘lovchilarning hisobidan yechib olingan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tegishli xulosalar to‘liq G‘aznachilikka yuborilgan.
Izoh (0)