Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH yetakchisi Donald Tramp o‘rtasidagi muzokaralar hali boshlanmagan bo‘lsa-da, global xavfsizlik tartibining qayta ko‘rib chiqilishi allaqachon boshlanmoqda. Chunki ikki yetakchi buyuk davlatlar tizimini qayta tiklamoqda. Har qanday qarorni aynan ular qabul qiladi. Bu haqda The Washington Post nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Putin Trampning elchisi Stiv Uitkoff bilan uchrashgach, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ma’lum shartlar bajarilmaguncha uchrashmasligini aytdi. Shuningdek, u bu shartlarning bajarilishi juda uzoq ekanligini bildirdi. Tramp ham Putinning taklifini qabul qilib, Zelenskiyning muzokaralarda ishtirok etishini istamadi. Ular Ukrainaning 40 million aholisi taqdirini Vladimir Zelenskiyning ishtirokisiz muhokama qiladigan bo‘ldi.

Qayd etilishicha, AQSH hududidagi uchrashuv Putin uchun yagona yirik g‘alaba emas. Muzokaralar Trampning Rossiya neftiga nisbatan qattiq sanksiyalar joriy etish tahdidini chetga surdi va AQSH prezidentining o‘t ochishni to‘xtatish chaqiriqlarini e’tibordan chetda qoldirdi.
“11-avgust kuni Tramp Putinning so‘zlarini takrorlab, yana urushda Zelenskiyni aybladi. Biroq 13-avgust kuni Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan videokonferensiya chog‘ida yarashishga moyil odam sifatida ko‘rindi”, deyiladi maqolada.
Ta’kidlanishicha, Alyaskadagi uchrashuv Putinning qadimiy maqsadini aks ettiradi. Ya’ni, u Rossiyani qonuniy ta’sir doiralariga ega bo‘lgan kam sonli jahon davlatlaridan biri sifatida qayta tiklamoqchi. Bundan tashqari, u Tramp bilan shaxsan uchrashib, uning ko‘nglini olish va ta’sir o‘tkazish rejasini amalga oshiradi.
Kremlning shaxsi anonim qolishini so‘ragan sobiq yuqori lavozimli amaldori shunday dedi: “Alyaskadagi sammit Putin uchun oltin imkoniyatdir. Albatta, AQSHga tashrif — ulkan g‘alaba”.
Kremlga yaqin yana bir manba Alyaskadagi sammit urushga qarshi Rossiya elitasini tinchlantirish uchun o‘tkazilmoqda, deb hisoblaydi. Putin va Tramp uchrashuvi esa urushni tugatish uchun real imkoniyatni yuzaga keltirishi mumkin.
Analitiklarning fikricha, Rossiya Trampning urushni tugatish borasida bergan va’dasini haligacha bajara olmaganida, Ukrainani aybdor qilib ko‘rsatmoqchi.
Rossiyalik tahlilchilar Putin Ukrainadagi urushda g‘alabaga yaqin deb o‘ylaydi. Uning o‘zi ham ulkan yo‘qotishlarga qaramay, murosaga moyillik bildirmayapti. Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining yozishicha, yoz davomida rossiyalik o‘lik va yarador askarlar soni 1 millionga yetadi.
Kremlning sobiq yuqori lavozimli amaldori tushuntirishicha, Putin endi urushdagi insoniy yo‘qotishlarga e’tibor bermaydi.
“U xuddi toshbaqa kabi. Insoniy yo‘qotishlar endi unga ta’sir qilmaydi”, degan amaldor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kremldagi aksariyat amaldorlar urushga qarshi, biroq buni Putinga aytishga qo‘rqadi.
“Hamma Putindan qo‘rqadi. Hech kim murosani muhokama qilishni xohlamaydi, chunki hammaga vatanparvarligini ko‘rsatish kerak. Men Alyaskadagi sammitga katta umid bog‘lamayman. Ular yoki Ukrainaga ultimatum qo‘yadi, yoki juda oz narsa erishgan holda ketadi”, degan sobiq mulozim.
Izoh (0)