Namangan viloyatida oila va maishiy soha bilan bog‘liq jinoyatlar dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu haqda 14-avgust kuni Pop tumanida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi sayyor majlisida maʼlum qilingan.

Majlisda Namangan viloyatida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar holati ko‘rib chiqilgan.
2024-yilda viloyatda jami 8 204 ta jinoyat qayd etilgan. Ularning 35 foizi kiberjinoyatlardir. 2025-yil yanvar-iyul oylarida esa hududda 5 786 ta jinoyat sodir qilingan. Shundan 45,6 foizi kiberjinoyatlar hisoblanadi.

Yig‘ilishda jinoyatlarning katta qismi oldi olinishi mumkin bo‘lgan turkumga kirishi bildirilgan. Ularning asosiy sabablari orasida aholi mulk xavfsizligiga beparvolik, yetarli darajada profilaktika tadbirlarining yo‘lga qo‘yilmagani va ijtimoiy muhitdagi salbiy omillar kuzatilgan.
“Oila va maishiy soha bilan bog‘liq jinoyatlar ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. 2025-yil dastlabki yetti oyida qotilliklarning 60 foizi, tan jarohati yetkazish jinoyatlarining esa beshdan ikki qismi oilaviy nizolar sababli sodir etilgan”, deyiladi Senat matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

Joriy yil o‘tgan davrida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni umumiy hisobda pasaygan bo‘lsa-da, Uchqo‘rg‘on, Pop, Namangan va boshqa tumanlarda ushbu ko‘rsatkich oshgan. Hududda “Qizil” va “sariq” toifadagi xavfli mahallalar soni yuqoriligicha qolayotgani taʼkidlangan. Jami 21 ta mahalla uch yildan buyon “qizil” toifadan chiqmagan.
-AuqSD9FC.avif)
Majlisda viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi ham muhokama qilingan. O‘tgan davrda aniqlangan korrupsion jinoyatlarning asosiy qismini o‘zlashtirish, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish va pora olish holatlari tashkil etgan.
Bandlik, sog‘liqni saqlash, bank, qurilish kabi bir qator sohalarda jami 85 ta korrupsion jinoyat fosh etilgan bo‘lib, ularning katta qismi bevosita mansabdor shaxslarning noqonuniy faoliyati bilan bog‘liq. Ayrim davlat xizmatchilarining qonunga zid ravishda tadbirkorlik bilan shug‘ullangani ham aniqlangan.
Izoh (0)