Hindistonda bir ayol Labubu qo‘g‘irchoqni Xudo deb o‘ylab, unga ibodat qila boshladi. Bu haqda NDTV xabar bermoqda.

Tarqalgan videotasvirda ayol Labubu qo‘g‘irchoq oldida an’anaviy hind marosimlarini o‘tkazib, prasad nazr qilmoqda va chuqur hurmat ko‘rsatayotganini ko‘rish mumkin. Xabar muallifining aytishicha, ayolning qizi onasiga Labubuning xitoy xudosi ekanligini aytgan. Buni eshitgan ona darhol o‘yinchoqqa sig‘ina boshlagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan mazkur video turli xil fikrlarga sabab bo‘lgan. Ayrim foydalanuvchilar madaniy chalkashlik ustidan kulishsa, boshqalari internetda noto‘g‘ri ma’lumotlar qanchalik tez tarqalayotganini eslatib o‘tishgan. Izohlar orasida chinakam e’tiqod hatto o‘yinchoqni ham ma’naviy e’zoz obyektiga aylantira olishi haqidagi kinoyali va falsafiy mulohazalar ham uchrab turdi.
Madaniyatshunoslarning ta’kidlashicha, bunday holatlar globallashuv va ijtimoiy tarmoqlar turli madaniyatlarning ramzlari va tasvirlarini qanday aralashtirib yuborishi, ba’zan kulgili yoki paradoksal vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘rsatib bermoqda.
Bundan avval Xitoyning Pekin shahrida o‘tkazilgan auksionda Labubu o‘yinchog‘ining noyob namunasi rekord darajadagi 150 ming dollarga sotilgani xabar qilingandi. Hozirda bunday rangli Labubu dunyodagi yagona nusxa hisoblanadi. Uning shakli polivinilxloriddan (PVX) tayyorlangan.
Izoh (0)