Joriy yil 15-avgustdan O‘zbekistondagi maktab va bog‘chalarda “Majburiy mehnatga qarshi kurashish haftaligi” boshlanishi eʼlon qilindi. Bu haqda 14-avgust kuni Bandlik vazirligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Mehnat inspeksiyasi respublikadagi barcha taʼlim muassasalarida nazorat tadbirlari o‘tkazadi.
“So‘nggi kunlarda o‘qituvchi va murabbiylarni majburiy mehnatga jalb etish holatlari bo‘yicha eʼlon qilinayotgan xabarlar fuqarolarimizning mehnat huquqlari daxlsizligi xavf ostidaligini ko‘rsatmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.
Manbaga ko‘ra, haftalik doirasida nafaqat ish beruvchilar, balki majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan barcha masʼul mansabdor shaxslarga nisbatan ham javobgarlik choralari qo‘llaniladi.
Vazirlik xabarida OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan 10 ga yaqin o‘qituvchi va murabbiylarni majburiy mehnatga jalb etish holatlari tasdig‘ini topgani bildirilgan. Aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralari qo‘llanilgani qayd etilgan. Tegishli vazirlik va idoralarga qonunbuzilish holatlarining kelib chiqish sabablarini o‘rganish hamda ularning kelib chiqishiga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritilgani taʼkidlangan.
Avvalroq Andijon viloyatida maktabni o‘qituvchilar taʼmirlayotgani aks etgan video tarqalgandi. Oqibatda maktab direktori ishdan olingan.
Izoh (0)