Istanbulda Ukraina va Rossiya delegatsiyalari uchrashuvidan keyin Turkiya davlat rahbarlari darajasidagi sammitni tashkil etish g‘oyasini ilgari surmoqchi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng ma’lum qildi. Uning nutqi X ijtimoiy tarmog‘ida jonli efirda namoyish etildi.

U 2-iyun kuni Istanbulda Rossiya va Ukraina delegatsiyalari uchrashuvi bo‘lib o‘tganini ta’kidlab, muzokaralarning yanada yuqori darajada davom ettirilishiga umid bildirdi.
“Bugun Istanbulda Rossiya va Ukraina delegatsiyalari uchrashdi. Bu juda samarali uchrashuv bo‘ldi”, dedi davlat rahbari.
Turkiya prezidenti Istanbulni tinchlik o‘rnatish markaziga aylantirish istagi borligini bildirdi.
“Men Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning Istanbul yoki Anqarada uchrashishini istardim. Hatto Donald Tramp ham bu uchrashuvga qo‘shilishi mumkin. Agar ular rozilik bildirsa, men ham muzokaralarda ishtirok etishga va Istanbulni tinchlik o‘rnatish markaziga aylantirishga hissa qo‘shishga tayyorman. Biz bu tashabbusni amalga oshirish uchun zarur barcha choralarni ko‘ramiz”, dedi Turkiya prezidenti.
Rossiya va Ukraina delegatsiyalarining uchrashuvi 2-iyun kuni o‘tkazildi. U bir soatdan ortiq davom etdi. Rossiya delegatsiyasiga Rossiya prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy, Ukraina delegatsiyasiga esa mamlakat mudofaa vaziri Rustem Umirov rahbarlik qildi.
Bundan avval Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Rossiya va Ukraina ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish rejimini amalga oshirish bo‘yicha bir-birga turlicha talablar qo‘ymoqda va hozirda ularni kelishtirib olish lozimligini bildirgandi.
15-may kuni Anqarada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv o‘tkazildi. Matbuot uchun yopiq bo‘lgan ikki tomonlama uchrashuv va prezident qarorgohida delegatsiyalar ishtirokidagi ishchi tushlik 2 soat 45 daqiqa davom etgandi.
Izoh (0)