Turkiya Ukrainadan dengiz yo‘li orqali don eksporti masalasi bo‘yicha qarorni “yaqin kunlarda” kutayotganini ma’lum qildi, biroq hatto kelishuvdan keyin ham operatsiyani boshlash uchun taxminan 5 hafta kerak bo‘ladi. Bu haqda Turkiya prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Kalin Madridga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi, deb yozadi UNIAN.
Uning ta’kidlashicha, hozir Ukraina donini xalqaro bozorga Qora va Azov dengizlari portlari orqali tashib olib borish iqtisodiy va jismoniy jihatdan eng maqbulidir.
Erdo‘g‘on vakilining so‘zlariga ko‘ra, yukni tashiydigan kemalar yuborilishi va yetib kelishini muvofiqlashtirish, shuningdek, Turkiya, Ukraina, Rossiya va BMT o‘rtasida tuziladigan mexanizmni muvofiqlashtirish bo‘yicha Turkiya maslahatlashuvlari davom etmoqda.
“Aytishim mumkinki, hozircha umuman olganda ijobiy muhit saqlanib turibdi”, — deya Kalin muzokaralarni baholadi va Rossiya kemalari ochib qo‘yilgan portlarga kirmasligi yuzasidan “xavfsizlik bo‘yicha muayyan qonuniy kutuvlar bor”ligini qo‘shimcha qildi.
“Xalqaro hamjamiyat allaqachon bu yo‘nalishda harakatlanmoqda. Yaqin kunlarda ushbu masala bo‘yicha ba’zi muayyan qarorlarni kutyapmiz. Bizning bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarimiz davom etmoqda”, — dedi u.
Tez orada bu savolni muhokama qilish uchun hukumat va logistika, transport, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari uchrashuvi kutilyapti, deya qo‘shib qo‘ydi u.
“Hatto biz asosiy masalalarni kelishib olsak ham, ehtimol operatsiyani boshlash uchun yana 3—5 hafta kerak bo‘ladi. Chunki minalardan tozalash, bunday yo‘lakni tayyorlash, kemalarning chiqib ketishi masalalarini ko‘rib chiqishga vaqt ketadi. Shu sababli barcha hamkasblarimiz va suhbatdoshlarimizga aytamizki, qanchalik tez boshlasak, shunchalik yaxshi bo‘ladi”, — dedi Kalin.
Avvalroq Rossiya, Ukraina va Turkiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida 20 million tonnaga yaqin don va kungaboqar urug‘ini Ukraina portlaridan chiqarish hamda xalqaro bozorga yetkazib berish imkonini beruvchi “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqqan edi.
Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy “don yo‘lagi” yaratish bo‘yicha hamkorlikni ijobiy baholashmoqda.
Rossiya va Ukraina don yetkazib berish bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlar qatoriga kiradi. Urush boshlanganidan so‘ng, dunyo rahbarlari oziq-ovqat inqirozi yuzaga kelishi mumkinligidan xavotirga tushdi. BMT may oyi boshida Ukraina portlarida 4,5 million tonnaga yaqin g‘alla to‘planganini, uni o‘tkazib yuborishning iloji yo‘qligini ma’lum qilgandi.
Mavzuga doir: