Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida hokim yordamchisi pichoqlab, o‘ldirildi. Bu haqdagi xabarlarga aniqlik kiritgan Bosh prokuratura axborot xizmati voqea 2025-yilning 19-iyun kuni sodir bo‘lganini ma’lum qildi.
Maʼlumot berilishicha, shu kuni Kitob tumanida yashovchi fuqaro spirtli ichimlik isteʼmol qilib kelib, uyida otasi bilan o‘zaro tortishib, janjallashib qolgan. Ota-bola tortishuvi xonadonning ko‘cha eshigi yonida ham davom etgan. Fuqaro otasi bilan janjal qilgani yetmagandek ko‘cha boshida turgan qo‘shnisi, mahallada hokim yordamchisi sifatida faoliyat yurituvchi Samadov Farrux Hakimovich bilan ham tortishib, bir-birlarini haqorat qilgan.
Fuqaro Kamalov marhum Samadovdan o‘ch olish maqsadida yashash uyidan oshxona pichog‘ini olib chiqib, uning ko‘krak qafasiga qasddan bir marotaba sanchib, qo‘shnisini o‘ldirgan, deyiladi Bosh prokuratura axborotida.
Hayot Shamsutdinovning qo‘shimcha qilishicha, voqea haqida Kitob tumani IIB navbatchilik qismiga shu kuni soat 19:50 da xabar berilgan.
Mazkur holat yuzasidan 20-iyun kuni Kamolovga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi ushlangan, deydi Hayot Shamsutdinov.
Avvalroq Toshkent viloyatining Chinoz tumanida 17 yoshli yigit o‘zining sinfdoshi tomonidan pichoqlangani, Shahrisabzda esa sobiq IIB xodimi qishloqdoshi tomonidan pichoqlab o‘ldirilgani xabar berilgandi.
Izoh (0)