• Profilga Kirish
  • 1744009905_435.svg 1744009905_642.svg

  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
Ўзбекча
Русский
English
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
    • USD12880.35
    • RUB156.68
    • EUR14535.47
    • Google play
    • App Store
    • Telegram
    • Daryo
      • Internet-nashr
      • Tahririyat haqida
      • Aloqa ma'lumotlari
      • Foydalanish shartlari
      • Maxfiylik siyosati
      • Yangiliklar arxivi
    • Reklama
    • Ijtimoiy tarmoqlar
      • Instagram | Rasmiy
      • Instagram | Lifestyle
      • Instagram | Sport
      • Facebook | Rasmiy
      • OK | Rasmiy
      • YouTube | Daryo
      • YouTube | Daryo Rus tilida
      • YouTube | Daryo Global
    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte
    Daryo logo white
    • O‘zbekiston
      • Boshqalar
      • Navoiy
      • Toshkent viloyati
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Qashqadaryo
      • Surxondaryo
      • Xorazm
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Namangan
      • Farg‘ona
      • Andijon
      • Qoraqalpog‘iston
      • Toshkent sh.
      • Mehridaryo
      • Ob-havo
    • Markaziy Osiyo
      • O‘zbekiston (Mahalliy)
      • Afg'oniston
      • Qirg‘iziston
      • Qozog‘iston
      • Turkmaniston
      • Tojikiston
    • Dunyo
    • Pul
      • Biznes
      • Iqtisodiyot
      • Moliya
      • Kripto
    • Madaniyat
      • Kino
      • Kitob
      • Musiqa
      • Shou-biznes
    • Layfstayl
      • Ayollar sahifasi
        • Farzand
        • Go‘zallik
        • Karyera
        • Maslahatlar
        • Moda
        • Retseptlar
      • Texnologiyalar
        • Arxitektura
        • Gadjetlar
        • Ilm-fan
        • Koinot
        • Media
      • Avto
      • Qo‘ziqorin
      • Sayohat
      • Salomatlik
      • Ta’lim
        • Abituriyent
        • Ingliz tilini o’rganamiz
    • Sport
      • Futbol
      • UFC
      • Boks
    infinix
    Daryo.uz - Login
    Daryo.uz Daryo.uz
    Daryo.uz - Login
    O‘zbekiston

    Rashidov kashf qilgan, Kreml O‘zbekiston rahbariligiga ko‘zlagan, Karimov bilan “chiqishmagan” Nazir Rajabov kim edi?

    “Daryo” bugun tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti bosh ilmiy xodimi Qahramon Rajabov bilan O‘zbekiston davlat va jamoat arbobi, bir vaqtlar O‘zbekiston SSR qurilish vaziri, Namangan va Samarqand viloyatlarining obkom (hokim) vazifasida faoliyat olib borgan shaxs — Nazir Rajabov haqida suhbatlashdi.

    — Nazir Rajabovni bugun ko‘pchilik tanimasligi mumkin. Chunki u kishi asosan Sovet Ittifoqi davri (1917-1990)da faoliyat yuritgan. Siz Nazir Rajabov haqida kitob yozgan tarixchi olimsiz. Ayting-chi, Nazir Rajabov aslida kim bo‘lgan?

    — Nazir Rajabov 1939-yilning may oyida Buxoro viloyati Shofirkon tumanining Talisafet qishlog‘ida tug‘ilgan. U kishi yoshligidan tarix va adabiyotga muhabbat qo‘ygan. Nazir aka o‘zbek adabiyotidan tashqari fors va rus adabiyotini yaxshi bilgan. U kishining otalari kolxoz rahbari edi. O‘sha vaqtlarda har bir qishloqda maktab bo‘lmagan. Yuqori sinfdagi o‘quvchilar asosan tuman markazidagi maktablarda tahsil olgan.

    Nazir Rajabov Shofirkon tuman markazidagi maktabni tugallaganidan keyin, O‘rta Osiyo politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika instituti)ga o‘qishga kiradi. U kishi o‘qish yillari rus tarixi va rus tilini yaxshi o‘zlashtiradi. Ham o‘qishda, ham jamoat ishlarida faol bo‘lgan bunday yosh kadrga O‘zbekiston rahbariyati nazar tashlashi tabiiy edi.

    Odatda ko‘pchilik institutni bitirganidan so‘ng, tanishlari orqali yaxshiroq lavozimda ishlash uchun harakat qiladi. Lekin Nazir Rajabovning ortida bunday katta lavozimdagi insonlar turmagan. U kishi institutni tamomlagach, Toshkentda qolish o‘rniga Qozog‘istonning Selinograd (hozirgi Ostona)ga ketdi va shu yerda o‘z faoliyatini boshladi.

    Tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov
    Foto: “Daryo”

    — Nazir Rajabov qanday qilib siyosat olamiga kirib keldi?

    — Nazir aka bilan birga o‘qigan do‘stlari va kursdoshlari orasida O‘zbekistonning XX va XXI asr tarixida chuqur iz qoldirgan insonlar bo‘lgan. Institutda Nazir Rajabovdan bir kurs oldinda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov hamda Rahim Rajabov tahsil olishgan. Islom Karimov kim bo‘lganini barcha bilsa kerak?! Rahim Rajabov — O‘zbekiston prezidentining birinchi va so‘nggi davlat kotibi (mustaqillikning dastlabki yillarida ta’sis etilgan lavozim. 1992-yil dekabr oyida davlat kotibi lavozimi tugatilgan — tahr) sifatida faoliyat ko‘rsatgan shaxs.

    Nazir Rajabov Islom Karimov va Rahim Rajabov bilan birga yotoqxonada turgan. Men Nazir aka bilan 25 yil davomida suhbatlashgan bo‘lsam, u kishi talabalik davrlarini kam esga olardi. Kamina Nazir Rajabovning talabalik yillari to‘g‘risida ko‘proq Rahim Rajabovdan eshitganman. Nazir Rajabov yoshlik vaqtida siyosatga qiziqmagan. U kishi Ostona shahrida 4-5 yil eng katta qurilish ishlarida qatnashib, bosh meʼmor lavozimiga ko‘tariladi.

    Vaqt o‘tishi bilan Nazir Rajabov O‘zbekistonga qaytib keladi. U kishi o‘zi tug‘ilgan viloyatda faoliyat olib borib, “Quyimozor” suv omborining qurilishida qatnashgan. Nazir Rajabov turli qurilish ishlariga rahbarlik qilgan. Nazir aka nafaqat qurilish vaziri, balki qishloq qurilishi vaziri ham bo‘lgan. U kishining mansab pog‘onasida ko‘tarilishida O‘zbekiston SSRning birinchi rahbari — Sharof Rashidovning xizmati katta. Rashidov davlat lavozimlariga o‘z qarindoshlari yoki bir guruhni qo‘ymagan. Sharof aka butun O‘zbekistonni kezib, yosh va g‘ayratli mutaxassislarni lavozimlarga tayinlar edi.

    Buxoroda Sharof Rashidov bilan Nazir Rajabov muloqot vaqti (1972)

    Dastlab Sharof Rashidov Nazir Rajabovni Buxoro viloyati obkomining qishloq qurilishi kotibi lavozimiga tayinlaydi. O‘sha vaqtda Buxoro viloyatiga Qayum Murtazoyev rahbarlik qilardi. Nazir Rajabov menga rahbarlik saboqlarini asosan ikki kishidan olganliklarini aytib bergan edilar. U kishi birinchi o‘rinda hayotiy tajribalarni Sharof Rashidovdan olgan bo‘lsa, partiyaviy rahbarlik saboqlarini Qayum Murtazoyevdan o‘rgangan.

    XX asr 80-yillarning boshida Nazir Rajabovni SSSR mashinasozlik vaziri o‘ziga birinchi o‘rinbosar sifatida Moskvaga olib ketmoqchi bo‘ladi. Shunda Sharof Rashidov “Nazirjonni o‘zimiz mo‘ljallagan boshqa niyatlarimiz bor” deb unga rad javobini beradi. Bu vaqtda Nazir Rajabov bor-yo‘g‘i 44 yoshda bo‘lgan. 1984-yilda Nazir Rajabov Namangan viloyatiga obkom sifatida tayinlandi. Albatta, bu darajaga u kishi o‘zining g‘ayrati va qobiliyati orqali erishgan.

    Sharof Rashidovning Buxoroga tashrifi. O‘ng tomonda Nazir Rajabov (1972)

    — Suhbatga tayyorlanish jarayonida Nazir Rajabov haqida bir maʼlumot o‘qib qoldim. U kishi Namangan viloyatida rahbar bo‘lganlarida o‘qituvchi, shifokor va maktab o‘quvchilarini paxta terimidan olib qolgan ekanlar. Ammo o‘sha vaqtda paxta siyosati juda nozik edi. Nazir Rajabov bu ishni qanday qilib uddalagan?

    — Ko‘p narsa birinchi rahbarga bog‘liq. Nazir Rajabov 1984-yilning oktyabr oyida Namangan viloyatiga rahbar etib tayinlandi. U vaqtda O‘zbekiston SSR rahbari Inomjon Usmonxo‘jayev edi. Bu vaqtda Nazir Rajabovda o‘ziga xos tajriba bo‘lgan. Chunki u kishi bungacha qishloq qurilishi va qurilish vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatgan edi. Yaʼni Nazir Rajabov qishloq hayotini juda yaxshi bilgan. Bundan tashqari, mamlakatda islohotlar boshlanish arafasida edi.

    Bilamizki, 1985-yilda Sovet hokimiyati tepasiga Mixail Gorbachyov kelgach, u mamlakat bo‘ylab qayta qurish siyosatini boshladi. Albatta, Nazir aka kommunist bo‘lgan, biz undan soxta qahramon yasamasligimiz lozim. Ammo u partiya siyosatini mutelarcha amalga oshirmagan. Nazir Rajabov toza inson bo‘lgan. U kishi ayrim rahbarlar singari poraxo‘r bo‘lmagan.

    1984-yil sentyabr oyida paxta mavsumi boshlanganida, Namangan viloyatida paxta terimiga maktab o‘quvchilari, o‘qituvchilar va shifokorlar jalb qilinmadi. Men o‘sha kezlarda Toshkent davlat universitetining birinchi kurs talabasi edim. Hatto 1983-yilning dekabr oylarida bizni paxta terimiga olib ketishmoqchi bo‘lishgan. O‘shanda Rashidov vafot etgan kunlar edi. Mana shunday murakkab bir pallada Nazir Rajabov paxta terimiga o‘quvchi, o‘qituvchi va shifokorlarni olib chiqmadi. U kishi buni ham hech qanday shov-shuvlarsiz, hech qanday piarlarsiz amalga oshirdi.

    Inomjon Usmonxo'jayev, Botirali Hakimov, Nazir Rajabov va boshqalar Namanganda (1986)

    Nazir Rajabov 1984-yildan 1987-yilgacha Namangan viloyatida rahbar bo‘lib ishladi. Men ko‘plab namanganliklar bilan suhbatlashganman. Viloyat aholisi haligacha “biz 100 yil ichida bunday rahbarni ko‘rmadik” deb aytadi.

    Nazir Rajabov 1988-yilda Samarqand viloyatiga rahbar sifatida tayinlandi. Bu vaqtda juda ko‘plab rahbarlar “paxta ishi” bo‘yicha qamoqqa olinayotgandi. Chunki O‘zbekistonga Gdlyan va Ivanov guruhi kelgan edi. Ular Nazir Rajabovga tegishmagan. Sababi Nazir aka poraxo‘rlik ishlariga aralashmagan. Shundan so‘ng Moskvadagi rahbariyat Nazir Rajabovga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘la boshladi. U kishi haqida “Pravda” va “Izvestiya” gazetalarida maqolalar bosib chiqarildi. Bu maqolalarda Nazir Rajabov amalga oshirgan ishlar o‘rnak sifatida ko‘rsatilgan. Eng qizig‘i, bu maqolalar O‘zbekiston matbuotida bosilmagan.

    Namangan viloyati ketma-ket uch yil butun Ittifoq bo‘yicha o‘tkazilgan sotsialistik musobaqada g‘olib chiqqan. Shunda xalq orasida “Nazir Rajabov tez orada O‘zbekistonning birinchi rahbari bo‘lar ekan”, degan gaplar chiqdi. U kishi Samarqand viloyatida bir yil rahbar bo‘lganidan so‘ng qamoqqa olinib, ishdan olindi. Bunga asosiy sababchilar Rafiq Nishonov va Islom Karimov bo‘lgan. Men bu gaplarni dadil aytishimga mavjud asoslar bor.

    1988-yilda O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi rahbari Inomjon Usmonxo‘jayev qamoqqa olinib, ishdan ketgan edi. 1989-yilning yanvar oyida O‘zbekiston birinchi rahbari sifatida Rafiq Nishonov tayinlandi. Bu kishi O‘zbekiston tarixida mashʼum rolni o‘ynagan. Nishonov Moskvaga borib, o‘zbek xalqiga tuhmatlar qilgan.

    Nazir Rajabov Moskvadagi SSSR Oliy Soveti sessiyasida 

    Nazir Rajabov ikki marotaba o‘sha vaqtdagi Sovet Ittifoqining rahbari Gorbachyov qabulida bo‘lgan. Rahim Rajabovning aytib berishicha, markaz Nazir Rajabovni O‘zbekiston rahbari lavozimiga mo‘ljal qilgan. Nazir Rajabovning Gorbachyov bilan birinchi suhbati 1987-yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan. Gorbachyov Nazir akaga “sen O‘zbekistonning birinchi rahbari bo‘lsang, eng avvalo, nima ish qilasan?” deb savol bergan. Shunda Nazir Rajabov bir qancha ishlarni sanab o‘tib, “O‘zbekistonning mustaqilligi uchun ham kurashaman” deb aytgan ekan. Albatta, bu gaplar Gorbachyovga yoqmagan. Men bu gaplarni Nazir akaning eng yaqin do‘sti Rahim Rajabovdan eshitganman.

    Nazir Rajabovning Gorbachyov bilan ikkinchi suhbati Rafiq Nishonov O‘zbekiston birinchi rahbari lavozimiga tayinlanganidan so‘ng bo‘lib o‘tadi. Sababi Nishonov ishlarni yaxshi yo‘lga qo‘ymagan edi. Shuningdek, Rafiq Nishonovni Gorbachyov Moskvaga olib ketmoqchi bo‘lgan. Biroq 1988-yilning oktyabr oyida Nazir Rajabov ishdan olingan va qamoqqa tiqilgan. Bu xabarni men Moskvadan qaytib kelayotganimda eshitgan edim.

    Yillar o‘tganidan so‘ng Nazir Rajabovdan men bu voqealar qanday ro‘y berganini so‘raganman. Nazir Rajabovning menga aytib berishicha, u kishiga tushdan keyin Rafiq Nishonov qo‘ng‘iroq qilib, zudlik bilan Toshkentga yetib kelishni so‘ragan. O‘sha kuni soat 18:00 da Markaziy komitet binosida majlis boshlanadi va Nishonov kun tartibiga Samarqand viloyati rahbari Nazir Rajabov hamda Buxoro viloyati rahbari Jabborovni xatolarga yo‘l qo‘ygani uchun lavozimidan ozod etish va byuro aʼzoligidan chiqarish masalasini qo‘yadi. Nazir aka “bu gaplarni eshitib, men qotib qoldim”, deb aytib bergan.

    Nazir Rajabov Buxoro viloyati obkomi 1-kotibi Qayum Murtazoyev bilan (1973) 

    Nazir Rajabovning hikoya qilib berishicha, majlis tugaganidan so‘ng yo‘lda piyoda ketayotganida oldiga bir mashina to‘xtab, undan ikki kishi tushib, Nazir Rajabovning qo‘lini qayirib, mashina ichiga tiqib, KGB (SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi – tahr) “podval”iga olib ketgan. Ertasi kuni Nazir Rajabov Toshkentdan Moskvaga olib ketilgan.

    Nazir aka 9 oy Moskvada so‘roq qilingan. U kishi mutlaqo asossiz qamoqqa olingan. Biroq 1989-yilning iyul oyida Nazir Rajabov ozod qilinadi. Bu vaqtga kelib O‘zbekistonda siyosiy vaziyat mutlaqo o‘zgarib ketgan edi. Nazir aka qamoqdan chiqishidan 20 kun oldin, yaʼni 1989-yil 24-iyun kuni Islom Karimov O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi lavozimiga tayinlangandi.

    1989-yilda SSSR Bosh prokuraturasi Nazir Rajabovdan rasmiy tarzda kechirim so‘radi. Buni qarangki, 75 yil davomida Sovet hukumati millionlab o‘zbeklarni qatag‘on qilgan bo‘lsa-da, hech kimdan rasmiy tarzda kechirim so‘ramagan. Aybsiz bo‘lgani uchun Nazir Rajabov o‘z lavozimiga qayta tiklanishi kerak bo‘lgan. Bu vaqtda O‘zbekiston rahbari Islom Karimov edi. Nazir Rajabov Islom Karimov bilan talabalik vaqtidan beri do‘st bo‘lsa-da, ayrim masalalarda fikrlari qarama-qarshi bo‘lgan. Islom Karimov bir qancha lavozimlarni Nazir Rajabovga taklif qilgan. Biroq u kishi bu takliflarni rad etgan.

    Shundan keyin Nazir Rajabov Buxoroga ketadi va u yerda 163-qurilish trestiga rahbarlik qiladi. Mana shu paytda O‘zbekistonning siyosiy hayotida muhim o‘zgarishlar yuz berdi. 1990-yilda Nazir Rajabov yana katta siyosatga qaytdi. Bahor oylarida o‘tkazilgan uch bosqichli deputatlik saylovidan so‘ng, Nazir Rajabov O‘zbekiston SSR xalq deputati etib saylandi. Nazir aka vaqt o‘tishi bilan Qishloq qurilishi qo‘mitasi rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yurita boshladi. Shu vaqt oralig‘ida Nazir Rajabov Islom Karimov bilan til topisha olmadi. Islom Karimov Nazir akaning ishlashi uchun imkon bermadi. Holbuki, O‘zbekiston mustaqilligi kun sayin yaqinlashayotgan edi.

    Nazir Rajabov Toshkentdagi xonadonida (2021)

    O‘zbekiston mustaqil davlatga aylangach, Nazir Rajabov 15 sutkadan ikki marta qamoqqa olindi. Eng qizig‘i, Nazir Rajabovni qamoqqa olganlar u kishini yaxshi taniydigan insonlar edi. Birinchi marta Nazir aka Qibraydagi “ponelniy” turmasida 15 sutka ushlab turilgan. U kishining qamoqqa olinishi hech qanday hujjatda qayd etilmagan. Ikkinchi bor qamoqqa olinganidan keyin, Nazir Rajabovni o‘sha vaqtdagi O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatovning xonasiga olib kirishadi. Almatov va Nazir aka bir-birini juda yaxshi tanirdi.

    Nazir Rajabov Almatovdan nega ikkinchi bor qamoqqa olinganining sababini so‘raydi. Shunda Zokirjon Almatov yuqorida turgan Karimovning portretini ko‘rsatib, bu yuqoridan kelgan buyruq ekanligini aytadi. Almatov Nazir Rajabovga ariza yozib, o‘z ixtiyori bilan deputatlikdan voz kechishini va Toshkentdan chiqib ketishini so‘raydi. Bu narsalar tepadan kelgan buyruq bo‘lgan. Shu voqeadan so‘ng Nazir Rajabov 1993-yilda deputatlik, umuman, siyosat olamidan ketadi. Bu bilan Nazir aka o‘z oilasining hayotini saqlab qolgan edi.

    1994-yilda Nazir Rajabov oilasini boqish uchun Moskvaga ketadi va bir necha yil o‘sha yerda yashaydi. Nazir aka 1997-yil Toshkentga qaytib kelib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Agar mustaqillik yillari shunday insonlarga imkoniyat berilganida, bugun O‘zbekiston bu darajada botqoqqa botib ketmagan bo‘lar edi. Misol uchun, 25 yil davomida qaysi sohada O‘zbekiston biror yutuqqa erisha oldi? To‘g‘ri, aybni faqat bitta shaxsga qo‘yish kerak emas.

    Nazir Rajabov oila davrasida (2018, Toshkent)

    Men yozgan kitob 2021-yil 21-mart kuni nashrdan chiqdi. Shundan so‘ng men Nazir Rajabov bilan kam uchrashdim. Nazir aka haqida kitob chiqqanidan keyin, u kishining sog‘liqlari yomonlasha boshladi. So‘ngi bor Nazir Rajabov bilan 2023-yilning bahor oylarida ko‘rishdik.

    Nazir Rajabov 2023-yil 11-oktyabr kuni bu yorug‘ olamni tark etdi. U kishining vafotlari haqida xabar topganimdan so‘ng, Nazir akaning xonadonlariga bordim. O‘shanda meni bir narsa qattiq xafa qildi. Nazir Rajabovning janozasida juda kam odam qatnashdi. Biz o‘zi qanday xalqmiz?!

    Suhbatni jurnalist Sardor Ali olib bordi

    18.01.2024, 19:45   Izoh (0)   35323
    Facebook Twitter LinkedIn Telegram Email

    Izoh (0)

    Kirish
    Javob qoldiring Bekor qilish

    Mavzuga doir

    O‘zbekistonning sobiq qurilish vaziri vafot etdi

    11.10.2023, 16:54

    O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel-suv toshqini yuzaga kelishi mumkin

    11.10.2023, 16:37

    “Islom Karimov bilan 7-8 soat gaplashib, boshim aylanib ketgan”: Nurali Qobul bilan suhbat

    11.11.2023, 20:00

    “Bunda qorong‘ilikdan yorug‘likka chiqish g‘oyasi turibdi” — Toshkentda “Xotira yo‘lagi” ko‘rgazmasi ochildi (foto)

    18.01.2024, 19:22

    Xorazmda daraxtlar kesib, yoqib yuborilishi oqibatida 756 mln so‘m zarar yetkazildi 

    18.01.2024, 19:09

    “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining yopilishi, uning o‘rniga “Jadid” gazetasining tashkil etilishi yuzasidan Iqbol Mirzo izoh berdi

    18.01.2024, 19:03
    ×Lightbox Image

    Daryo.uz | Sizning muammoingiz yechimi


    “Orzudagi uy” — bugunoq zamonaviy uy egasi bo‘lishni istaganlar uchun ipoteka!


    HONOR kompaniyasi HONOR 400 Lite smartfonini taqdim etdi. Qiziq, u nimasi bilan lol qoldira oladi?


    Moliyaviy firibgarlik: murakkab sxemalar bo‘yicha sodda tushunchalar 


    Ziffler‘dan katta taqdimot: yangi qiyofa, zamonaviy dizayn va aqlli maishiy texnikalar


    OKMK 2,3 milliard dollar kredit mablag‘larini jalb qildi va 125 million dollar moliyaviy xarajatlarni iqtisod qildi


    Fonon zargarlik uyi "Brilliantlar olamiga sayohat" mavzusida navbatdagi master-klassni Intercontinental mehmonxonasida o‘tkazdi  


    TENET butik-developer debyut loyiha — Stellar Residence sotuvi boshlanganini e’lon qiladi


    Kapitalbank 2024-yilgi Brand Awards International mukofotiga sazovor bo‘ldi


    InfinBANK Global Money Week 2025 da ishtirok etdi


    CHERY bilan o‘z orzungizni amalga oshiring: barcha modellar uchun boshlang‘ich to‘lov pasaytirildi! 


    Silk Avia Shahrisabzga ko‘proq parvoz qiladi


    UZCARD SHERDOR premium kartasi endi MKBANKda mavjud


    UZTELECOM Toshkentdagi IWTC 2025 da faol ishtirok etmoqda


    Coca-Cola 139 yillik ilhom, ajoyib kashfiyotlar, mashhur kampaniyalar va butun dunyo sevib qolgan ta’mni taqdim etmoqda 


    Parvoz — katta shahar xarakteriga ega qulay biznes-klass turar joy

     

    Tavsiya etamiz

    “AQSH yordam bermaganida, g‘alabaga erisha olmasdik” — Ikkinchi jahon urushida SSSR yutug‘ini ta’minlagan yashirin haqiqatlar

    10 may, 15:00

    “Ular o‘z vatani mustaqil bo‘lishi uchun kurashgan edi” — Turkiston legionining ayanchli tarixi

    8 may, 15:09

    Rashidov, gazli ichimliklar zavodi, Qizil maydon. 9-may — Toshkent tarixidan fotolavhalar

    7 may, 14:40

    Mashhur patir, hamma biladigan qabriston, tor ko‘chali mahallalar. Kadrlarda Olmazor

    10 aprel, 10:00
     
     
     

    So‘nggi yangiliklarga o‘tish

    Dunyodagi eng katta Lego shaharchasi qurildi (foto)

    Dunyo | 11 may, 23:50

    “Putinni payshanba kuni Turkiyada kutaman” — Zelenskiy

    Dunyo | 11 may, 23:25

    Superliga. “So‘g‘diyona” o‘z maydonida “Sho‘rtan” bilan durang o‘ynadi

    Sport | 11 may, 22:51

    Qatar Trampga 400 mln dollarlik “uchar saroy” sovg‘a qilmoqchi — OAV

    Dunyo | 11 may, 22:50

    Shveysariyada ayol qo‘shni mushukni boqqani uchun sudlandi

    Dunyo | 11 may, 22:10

    La Liga. “Barselona” — “Real” uchrashuvida “gollar otishmasi” bo‘ldi

    Sport | 11 may, 21:35
    Daryo About Us

    “Daryo” internet-nashrining (O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tomonidan 13.03.2015 yil sanasida 0944-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Matnli materiallarni to‘liq ko‘chirish yoki qisman iqtibos keltirishga, shuningdek, fotografik, grafik, audio va/yoki videomateriallaridan foydalanishga “daryo.uz” saytiga giperhavola mavjud bo‘lgan va/yoki “Daryo” internet-nashrining muallifligini ko‘rsatuvchi yozuv ilova qilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Chop etiladigan ba’zi ma’lumotlar 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin. Info@daryo.uz

    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte

    © «Simple Networking Solutions» MChJ, 2013–2025

    Yosh bo‘yicha cheklov

    Xato topdingizmi? Ctrl+Enter’ni bosing

    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Reklama
    Nimani qidiramiz?

    Sign In or Register

    Xush kelibsiz!

    Tizimga kiring yoki Roʻyxatdan oʻting.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Roʻyxatdan oʻting

    Roʻyxatdan oʻtganmisiz? Login.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Sizga parol elektron pochta orqali yuboriladi.

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Matnda xato topdingizmi?

    ×

    Rahmat. Biz sizning xabaringizni oldik va xatoni imkon qadar tezroq tuzatamiz.