Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov “Daryo”ga bergan intervyusida Denov tumani hokimi o‘rinbosarining OAV vakillaridan qochib, ularning savoliga javob qaytarmagan holatiga ham izoh berdi.
Matbuot kotibim bu holat bo‘yicha xabar berib, videoni ko‘rsatganda hayron qoldim. Nimaga u bunday qilgan. Xuddiki bir bog‘ga o‘g‘ri tushganda, qorovul o‘g‘rini ushlab olib, qulog‘idan tortadi-yu, shunday bo‘lgan-da. Yelkasini qisib, qochib yuribdi-da. To‘xtab, salom bersa, uni yeb qo‘yishmaydi-yu, “Men falon tuman hokimining o‘rinbosariman, hokimiyatga boring, nima istasangiz matbuot kotibimiz javob beradi. Yoki o‘zim ham falon paytda boraman, biz mana bu yerni asfalt qilyapmiz, savollarga javob beraman”, desa olim guliston-ku. Shapkasini bostirib olib qochadi. Rosa tanbeh berdim, chora ham ko‘rdim, deydi hokim OAV vakillari savolidan qochgan o‘rinbosar haqida gapirar ekan.

Ulug‘bek Qosimov bugungi rahbarlar OAV vakillari savoliga javob berishga tayyor bo‘lishi kerakligini, zamonga moslashishi lozimligini aytmoqda.
Prezidentimizga ommaviy axborot vositalarining rolini oshirgani uchun mingdan ming rahmat aytishimiz kerak. Bugungi kunda hech kim hech narsani yashira olmaydi. Tezkor zamon, hammasi ochiq-oshkora. Bitta qilingan xato ish yarim soatdan so‘ng Telegram’da chiqib turadi, deydi hokim.
Viloyat rahbari tuman va shahar hokimlarining OAVga munosabati va ularga qo‘yilgan talab haqida ham gapirdi.

Barcha tuman va shahar hokimlariga Fecebook’da sahifa ochish va yuritish majburiyatini qo‘ydik. Men yuryapmanmi, hisobot beryapmanmi demak sizlar ham shunday qilishlaringiz kerak deyman. O‘zi eng yomon ko‘rganim rasmga tushish, shuni yomon ko‘raman. Bu (matbuot kotibini nazarda tutyapti — tah. izohi) tindirmay rasmga tushiradi. Nimaga desam, Telegram’ga qo‘yishimiz kerak, hisobot berishimiz kerak deydi. Qadam-baqadam, qayerga borsam rasmga tushiradi. Shuning uchun buni tuman hokimlaridan ham talab qilamiz. Tumanda hokim qayerda yurganini, nima qilayotganini odamlar bilsin, kuzatsin. Hokim kun davomida xonasida yotibdimi, nima ish qilyapti, tumanning qayerida yuribdi? Aholi bilishi kerak-da. Shunday bo‘lmasa odamlar qayerdan biladi? Bizlarni ham kun davomida odamlar kuzatib o‘tiradi. Hokim qayerga bordi, nima dedi ekan, kim bilan gaplashdi ekan, kimni urishib, kimni maqtadi? Kimni ishdan oldi ekan deb kuzatib o‘tirishadi, deydi hokim.
Viloyat rahbari hududdagi murojaat va muammolarga yechim topish uchun jamoatchilik yordamiga tayanishini, viloyatdagi jurnalist va blogerlar olib chiqayotgan masalalar asosan tasdig‘ini topayotganini, bu esa uning ishini yengillashtirayotganini taʼkidlamoqda.
Bugun jamoatchilik juda yaxshi ishlamoqda. Murojaatchilarning muammolari 90 foiz tasdig‘ini topadi. Bugun hech kim tuhmatdan yo‘q narsani bo‘rttirib yozmaydi. Borasan asosli. Odamlar bekorga yozmayapti, bekorga murojaat qilmayapti. Lekin bir narsani tan olish kerak hamma muammoni birdaniga hal qilib, qotirib ham qo‘yolmaymiz. Ammo maksimal darajada harakat qilyapmiz. Mana masalan bugun (16-avgust sanasi nazarda tutilmoqda — tahr. izohi) 166 ta murojaatni o‘rganish va yechimini qilish uchun 184 nafar masʼulni biriktirdik. Bir haftadan keyin istagan murojaatchingizga telefon qilib so‘rang, hammasi yechilgan bo‘ladi. Masʼullar buni so‘rashimni, nazorat qilishimni biladi, deydi viloyat hokimi.
Izoh (0)