Prezidentning “Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi hamda byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan zamonaviy xizmatlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, pensiya va g‘aznachilik faoliyatiga zamonaviy xizmatlarni joriy etishning asosiy yo‘nalish va maqsadlari belgilandi. Jumladan:
- g‘aznachilik va pensiya taʼminoti tizimlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish orqali hududlarda ixcham xizmat ko‘rsatish ofislarini tashkil etish;
- fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmatlarni to‘liq elektron va proaktiv shaklga o‘tkazishga erishish.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan g‘aznachilik tizimidagi jarayonlarni avtomatlashtirish hisobiga Raqamli g‘azna tizimi joriy etiladi. 2026-yil 1-dekabrdan pensiya tizimida quyidagi jarayonlarni avtomatlashtirish orqali:
- fuqarolarning mavjud ish staji va ish haqlari to‘g‘risidagi elektron maʼlumotlarga asosan pensiya miqdorlarini oldindan aniqlash bo‘yicha “Mening pensiyam” onlayn xizmati joriy etiladi;
- pensiya taʼminotiga oid barcha xizmatlar to‘liq proaktiv, elektron hamda interaktiv shaklga o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda pensiya tizimi va miqdori
Pensiya jamg‘armasi ro‘yxatidagi pensionerlar soni 4,2 mln nafarga yetgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekistonda 2025-yil 1-iyuldan boshlab pensiyalar va nafaqalar 10 foizga oshirilishi e’lon qilingandi. Prezident farmoni ilovasida fuqarolarga to‘lanadigan barcha pensiyalar va nafaqalar miqdorlari keltirildi.
Unga ko‘ra:
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – oyiga 1 012 000 so‘m;
- mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 1 012 000 so‘m;
- 1941—1945- yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 4 462 000 so‘m;
- belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (918 000 so‘mdan) 1 012 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori – oyiga 1 012 000 so‘m;
- zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 820 000 so‘m;
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – oyiga 820 000 so‘m;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 820 000 so‘m;
- boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 820 000 so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun – 270 000 so‘mdan qo‘shiladi.
Prezident farmoniga ko‘ra, yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 918 000 so‘m, nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori — oyiga 1 012 000 so‘m bo‘ladi. 2025 yil 1-iyuldan boshlab pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 471 000 so‘m etib belgilanadi.
Izoh (0)