Tinch okeanining markaziy qismida 3 mingga yaqin avtomobil, jumladan, 800 ga yaqin elektromobil olib ketayotgan Morning Midas yuk kemasida yong‘in chiqdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Hodisa Adak orolidan (Alyaska) 480 kilometr janubda sodir bo‘lgan. Yuk Meksikaga olib ketilayotgani ma’lum qilingan. Tutun palubalardan birida paydo bo‘lgan. Bortdagi 22 kishining bari evakuatsiya qilingan.
Ekipaj yong‘inni o‘chirishga harakat qildi, biroq vaziyatni nazoratga olishning iloji bo‘lmadi, deyiladi bayonotda.
Yuk egalarining nomlari oshkor etilmagan. Yong‘in sabablari ham ma’lum emas. 46,8 ming tonnalik bu kema 2006-yilda Xitoydagi Xiamen Shipbuilding kemasozlik zavodida qurilgan. U Liberiya bayrog‘i ostida 26-may kuni Xitoyning Shandun provinsiyasidan yo‘lga chiqqan va reja bo‘yicha 15-iyun kuni Meksikaning Lasaro-Kardenas portiga yetib borishi kerak edi.

Allianz hisobotiga ko‘ra, litiy-ion akkumulyatorlar ayniqsa yirik avtomobil tashuvchi kemalar uchun yangi xavf-xatarlar tug‘dirmoqda. Elektromobillar bilan bog‘liq yong‘inlarni o‘chirish qiyinroq bo‘ladi, chunki ularning issiqlik darajasi yuqori, palubalardagi shamollatish esa cheklangan.
Kemaning po‘lat konstruksiyasi yong‘in o‘chirish ishlarini murakkablashtiradi va ekipaj uchun xavfni oshiradi, deya qayd etadi nashr.
Izoh (0)