31-yanvar sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Komidagi “Qariyalar uyi”da yonib ketgan 23 kishi, moylanmagan “domkrat” sabab halokatga uchragan samolyot hamda kimyoviy quroldan ilk bor foydalangan Germaniyaga oid faktlar o‘rin olgan.
Rossiyada “Qariyalar uyi”da yonib ketgan 23 kishi
2009-yil 31-yanvar kuni Komi Respublikasidagi (Rossiya tarkibidagi subyekt) Qariyalar uyida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 23 kishi halok bo‘lgan, uch kishi esa omon qolishga muvaffaq bo‘lgandi. Olov internat binosini butunlay kulga aylantirgandi.
Rossiya FVV maxsus komissiyasi yong‘in sabablarini o‘rganish maqsadida voqea joyiga yetib kelgan. Podelsk qishlog‘ida joylashgan mazkur internat keksa yoshdagi va nogironligi bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unga 38 kishi sig‘ardi. Obyekt Podelsk qishloq aholi punkti ma’muriyati balansida bo‘lgan.
31-yanvar holatiga ko‘ra, muassasada 26 kishi ro‘yxatda turgan, jumladan, ularning 5 nafari mustaqil harakatlana olmagan. Fojia sodir bo‘lgan kechada bir nafar qorovul navbatchilik qilgan, uning sa’y-harakatlari bilan binoda bo‘lgan keksalarning hammasini evakuatsiya qilish imkonsiz edi. Yong‘in yuzaga kelgani to‘g‘risidagi xabar o‘t o‘chirish xizmatiga soat 18:20 da kelib tushgan. Bu haqda bino derzalaridagi olovni payqab qolgan mahalliy aholi xabar bergan.
Qorovulning so‘zlariga ko‘ra, u yong‘inni o‘z kuchlari bilan o‘chirishga uringan. Olovni bartaraf etish imkonsizligini anglagach, u odamlarni evakuatsiya qilishni boshlagan — uch nafar kampirni tashqariga olib chiqqan. Shunday qilib, yong‘in boshlanganidan to “01” xizmatiga murojaat kelib tushganigacha bo‘lgan vaqt orasida 20 daqiqa vaqt ketgan.
Yonib ketgan bino — to‘liq yog‘ochdan ishlangan bir qavatli, uchta evakuatsiya chiqish eshigiga ega bo‘lgan. Qariyalar uyidan eng yaqin o‘t o‘chirish xizmati qismigacha bo‘lgan masofa 22 kilometrni tashkil etgan. Soat 18:44 da birinchi o‘t o‘chiruvchilar bo‘linmasi yetib kelganida olov butun binoni qamrab olgandi. Hodisa oqibatida 23 kishi halok bo‘lgan.
Mazkur ish bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi 2011-yil 27-oktabrda yakunlangan. Ijtimoiy xizmat xodimi Aleksey Korolov Qariyalar uyi direktori bo‘lgan va u yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlikda ayblangan, biroq 2011-yil yozida Komi Oliy sudi uni oqlagan.
2011-yil iyunda o‘z lavozimiga mas’uliyatsiz yondoshgan Kortkeross tumani davlat yong‘in nazoratining to‘rt nafar xodimiga nisbatan sud hukmi kuchga kirgan. Davlat yong‘in nazorati boshlig‘i Sergey Staxiyev 3,5 yil muddatga, inspektorlar Aleksandr Gudirev va Valeriy Oboturov shartli ravishda mos ravishda uch va ikki yilga qamalgan. Inspektor Andrey Makarov esa oqlangan.
Ushbu ish bo‘yicha ayblanuvchilar orasida Kortkeross tumani ma’muriyati sobiq rahbari Nikolay Livson, “Aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazi” davlat korxonasining ikki direktori Tatyana Sheveleva va Tatyana Koldanova, Komi ijtimoiy rivojlanish agentligi sobiq direktori Konstantin Sajin ham ayblangan.
Livson yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzishda, Sheveleva va Koldanova mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mer Livson yong‘in xavfsizligi qoidabuzarliklarini bartaraf etish bo‘yicha chora ko‘rmagan, oqibatida yong‘in yuzaga kelganda fuqarolarni evakuatsiya qilishning imkoni bo‘lmagan. Koldanova o‘z navbatida pensionerlar, jumladan, nogironlarni Qariyalar uyiga joylashtirish bo‘yicha noqonuniy qaror chiqargan, Sheveleva bo‘lsa ijtimoiy yordam bo‘linmasi mudiri lavozimiga topshirilgan vazifalarni bajarmagan insonni tayinlagan.
Moylanmagan “domkrat” sabab halokatga uchragan samolyot
2000-yil 31-yanvar kuni Alaska Airlines kompaniyasiga tegishli bo‘lgan reaktiv samolyot ichida 88 nafar yo‘lovchisi va ekipaji bilan halokatga uchrab, suvga qulab tushgandi. Beparvolik va mas’uliyatsizlik dahshatli falokatga olib kelgandi. Mexaniklardan biri ta’mirlash ishlari yetarlicha sifatli amalga oshirilmasligini aytganida, u ishdan bo‘shatib yuborilgan. Tergov davomida o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondoshganlar aniqlangan.
Puerto-Valyarta — Tinch okeani qirg‘og‘idagi mashhur kurort. 261-reysning aksariyat yo‘lovchilari dam olishdan qaytayotgan edi. Samolyot shturvalida tajribali uchuvchilar o‘tirgan: kapitan — Ted Tompson va ikkinchi uchuvchi — Uilyam Tanski. Ular MD-83 da minglab soat parvoz qilgan va bu mashinani yaxshi bilardi. MD-83 samolyoti juda ishonchli va boshqarishga oson bo‘lgan.
2000-yil 31-yanvar kuni 261-bort parvozga tayyorlangan, uchuvchilar samolyotning dum qismida halokatli xavf borligini taxmin ham qilmasdi. Kema havoga ko‘tarilgach, kapitan va ikkinchi uchuvchi mashinada qandaydir nosozlik borligini payqab qolgan. Samolyot dum qismida joylashgan gorizontal barqarorlashtirgich qotib qolgan.
MD-83 samolyotida barqarorlashtirgich, eni 12 metr keladigan gorizontal yassilik ko‘rinishida bo‘lgan. O‘sha dum qismida, shuningdek, ikkita balandlik ruli joylashgan. Stabilizator va rullar yordamida parvoz buchagi boshqarilgan. Barqarorlashtirgich qotib qolganida uchuvchilar buni elektrodvigatel bilan bog‘liq deb o‘ylagan.
Ekipaj barqarorlashtirgichning ishlamayotganiga “domkrat” sabab deya hisoblagan. Uni harakatga keltirish uchun uchuvchilar birdaniga ikkita o‘chirib-yoqqichdan foydalangan, ulardan biri shturvalda, ikkinchisi boshqaruv pultida joylashgandi. Barqarorlashtirgich yordamisiz samolyotni to‘g‘ri holatga keltirib bo‘lmasdi, u yerga og‘ishni davom etgan. 8,5 ming metr balandlikda uchuvchilar avtopilotni o‘chirgan va samolyotni qo‘lda boshqarishga o‘tgan. Ular bor kuchi bilan shturvalni o‘ziga tortgan, 7 daqiqadan keyin ular 10 ming metr balandlikka ko‘tarilgan. Parvoz davomida ular o‘z aviakompaniyasining ta’mirlash xizmati bilan bog‘langan. Afsuski, ta’mirlash xizmati biror yordam ko‘rsata olmagan.
Butun parvoz davomida ekipaj samolyotni qo‘lda boshqargan, avialayner muntazam tumshuq qismi bilan pastga og‘ib ketardi. Uchuvchilar yana bir bor barqarorlashtirgichni ishga tushirishga urinib ko‘radi. Buning uchun ular birdaniga ikkita elektrodvigatelni harakatga keltirgan. Ammo keyingi onda shovqin ovozini eshitadi va samolyot kutilmaganda tikka yerga qarab qulay boshlaydi. Uchuvchilar qariyb bir daqiqa davomida shturvalni tortib, samolyotni to‘g‘ri holatga keltirmoqchi bo‘ladi va buni uddlaydi.
Samolyot Los-Anjeles tomon uchib, u yerda avariyaviy qo‘nishni amalga oshirmoqchi bo‘ladi. Vaziyat sal o‘ziga kelgach, uchuvchilar nosozlik sababini aniqlash uchun dispetcherdan o‘zlariga samolyot osti va ustida qo‘shimcha makon ajratilishini so‘raydi.
Uchuvchilar vahimaga tushib qolgan yo‘lovchilarni tinchlantirishga urinib, yaqin 20-30 daqiqa ichida Los-Anjelesga qo‘nishlarini bildiradi. Afsuski, bu amalga oshmaydi. Samolyot bortida boshlangan inqiroz fojiaviy halokat bilan yakunlanadi.
261-bort Los-Anjelesga qo‘nishga tayyorlangan vaqtida uning dum qismida yana nosozlik kuzatiladi va samolyot pastga qarab sho‘ng‘iy boshlaydi. Oradan 60 soniya o‘tgach, havo kemasi soatiga 400 kilometr tezlikda Tinch okeaniga qulagan.
Tez orada hodisa joyiga qutqaruv vertolyotlari yetib keladi, biroq hech kim omon qolmagandi. Ekipaj va 88 nafar yo‘lovchining barchasi halok bo‘lgan, fojia bo‘yicha tergov harakatlari zudlik bilan boshlangan, ammo havo kemasining qoldiqlari 200 metr chuqurlikda yotardi. “Qora qutilar” topilgach, Transportda xavfsizlik bo‘yicha milliy qo‘mita (NTSB) uchuvchilarning muloqoti yozuvlarini o‘rganishni boshlaydi.
O‘rganishlar davomida tergovchilar “domkrat” deyarli moylanmaganini aniqlagan. Ushbu faktdan xavotirga tushgan ekspertlar darhol AQSH fuqarolik aviatsiya boshqarmasiga xabar bergan. Ular esa o‘z navbatida barcha MD-83 samolyotlarini tekshirib chiqishni buyurgan. Natijada Alaska Airlines kompaniyasining 34 ta samolyotidan 6 tasi halokatga uchragan layner holatida bo‘lgani aniqlangan. Shunday qilib, oddiy mexanizmning moylanmagani barcha yo‘lovchilar o‘limiga sabab bo‘lgandi.
1998-yil oktabrda aviakompaniya mexaniklaridan biri AQSH fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasiga Alaska Airlines ustidan shikoyat bilan murojaat qiladi. U samolyotlarni ta’mirlash bilan bog‘liq barcha holatni batafsil aytib bergandi. Aviahalokatdan bir yil oldin davlat xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Ular kompaniyaning samolyotlari ta’mirlanishiga oid hujjatlarni olib ketgan, biroq jiddiy chora ko‘rilmagan edi.
Germaniya tomonidan qo‘llanilgan birinchi kimyoviy qurol
1915-yil 31-yanvar kuni Bolimov jangida nemis qo‘shinlari birinchi marta kimyoviy quroldan keng ko‘lamda foydalangan edi. Birinchi jahon urushi davrida zaharli gazlarni qo‘llash yirik harbiy innovatsiya hisoblangan. Zahalovchi gazlar ko‘lami zararlidan to o‘limga olib keluvchi gazlarga qadar bo‘lgan. Kimyoviy qurol urushda qo‘llanilgan asosiy qurol hisoblanadi.
Birinchi jahon urushi vaqtida poztisiyaviy urush taksikasi ishlab chiqilgan. Bunday taktikada hujum bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar samarasiz bo‘lib, ikkala tomon ham boshi berk ko‘chaga kirib qoladi. Natijada mudofaani yorib o‘tish uchun dushman kimyoviy quroldan foydalanishga o‘tgan.
U davrda zaharli gazlardan foydalanish yirik harbiy innovatsiya hisoblangan. Zaharlovchi gazlar diapazoni oddiy zararlidan (ko‘zni yoshlantiruvchi) xlor va fosgen kabi o‘limga olib keladigan gazlarga qadar bo‘lgan. Gaz tomonidan yetkaziladigan zarar cheklangan edi, shunday bo‘lsada, u askarlar uchun asosiy xavf sanalgan.
Hozirda gaz hujumlariga qarshi samarali choralar paydo bo‘la boshlagach, urushning bu bosqichida undan foydalanish deyarli to‘xtatilgan. Biroq Birinchi jahon urushida undan foydalanish keng ko‘lamli ravishda amalga oshirilganidan “kimyogarlar urushi” deb ham atalgan.
Rossiya ofitserlari askarlarni “Qobil tutuni”dan ogohlantirgan — ular gaz hujumini Xudo qabul qilmagan Qobil qurbonlari syujetiga qiyoslagan. Ipr jangidagi gaz hujumi kimyoviy qurollardan foydalanishga oid eng mashhur voqealardan biri bo‘lsada, birinchi ommaviy hujum 1915-yilning yanvarida amalga oshirilgan edi. Nemis qo‘shinlari ichida ksilil-bormid bo‘lgan ko‘zni yoshlantiruvchi suyuqliklar snaryadlarini Polshadagi Bolimor jangida rus pozitsiyalarga otgan.
Birinchi kimyoviy hujum Germaniya harbiylariga kimyoviy snaryadlarni taklif talablarga moslashtirish imkonini bergan. Unga ko‘ra, kimyoviy snaryadlar dushman tarafni “hududni tark etish va uzoq vaqt masofada tutib turishga” majburlashi kerak edi. U vaqtda bunday snaryadlardan dushman askarlarini o‘limga olib keladigan darajada zaharlash talab etilmagan.
Professor Gans fon Tappen mazkur talablarga javob beradigan, “T qora granatasi” nomini olgan, gaubitsalar uchun mo‘ljallangan 15 santimetrli kimyoviy snaryadni loyihalashga muvaffaq bo‘ladi. Uning ichiga ksilil bromid va ksililen bromid quyilgan. Ushbu zaharli gaz ko‘zga tushgandi uni qattiq og‘ritgan. Ammo yangi snaryadlarni hali jang maydonida sinab ko‘rishni o‘rganish kerak edi. Snaryadlar ichidagi kimyoviy moddalar zichligida havodan 6,4 barobarga katta edi, bu esa zaharning hududda uzoq vaqt saqlanishini ta’minlagan. “T qora granata”sidan ilk bor 31-yanvar kuni Bolimov shahri yaqinidagi Sharqiy frontda foydalanilgan va u o‘zining samarasiz ekanini namoyon etgan. Ruslar pozitsiyasning omadsiz o‘qqa tutilishiga havo haroratining pastligi sabab bo‘lgan. Bunday sharoitda ksilil bromid va ksililen bromidning bug‘ hosil qilish konsentratsiyasi yetarli bo‘lmagan.
Piyodalarning hujum harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kimyoviy artilleriya hujumi birinchi marta Iprdan oldin, 27-oktabrda Nev-Shapel qishlog‘ini egallashda qo‘llanilgan edi. Qishloq tomon ichiga mayda dumaloq o‘qlar solingan 10,5 santimetrli gaubitsa snaryadlaridan 3 mingta uchirilgan. U bo‘lajak Nobel mukofoti laureati (1921-yil) fizik Velter Nernst tomonidan o‘ylab topilgandi.
1914-yil oktabrida amalga oshirilgan keng ko‘lamli janglarda Nev-Shapelning egallanishi Germaniya armiyasi uchun arzimas muvaffaqiyat edi. Nemislar bu kabi snaryadlardan boshqa foydalanmagan, qishloqda qo‘llanilgan kimyoviy snaryadlar haqida esa urushdan keyin ma’lum bo‘lgan.
Professor Gans fon Tappen 15 santimetrli gaubitsa snaryadini barcha talablarga javob beradigan tarzda loyihalashga muvaffaq bo‘ladi. 1915-yil aprelda germaniyalik kimyogarlar sovuq havo haroratida ham foydalanish mumkin bo‘lgan “T-yashil granatasi”ni yaratgan. Undagi zaharlovchi gaz hajmining yarmini bromatseton lakrimator tashkil etgan — u ksilil bromiddan ko‘ra past haroratda bug‘lanish xususiyatiga ega edi. Havo harorati Selsiy bo‘yicha 0 darajadan tushib ketsada “T-yashil granatasi” askarlarni safdan yiqitishga qodir hisoblangan.
“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.
Izoh (0)