Hindistonning Madhya-Pradesh shtatida noma’lum yirtqich hayvon hujumlari oqibatida ikki hafta ichida olti kishi halok bo‘ldi. Bu haqda NDTV xabar berdi.

Hujumlar 5-may kuni soat tungi 1:00 da boshlangan. Limboy qishlog‘ining 17 nafar fuqarosi uyquda yotgan paytda hujumga uchragan. Yirtqich hayvon qishloqdagi uchta alohida joyga bir vaqtning o‘zida hujum qilgan. Ba’zi omon qolganlar hayvonni “itga o‘xshash” deb ta’riflagan bo‘lsa, boshqalar uning noodatiy belgilarini — notekis oyoqlari va qiya belini — sirtlonga xos belgilar sifatida ko‘rsatgan.
Ovoz chiqarmadi: vovullash ham, irillash ham yo‘q edi. Faqat soyasi ko‘rinib, bir tishlab g‘oyib bo‘ldi, deydi omon qolganlardan biri.
Barcha jabrlanuvchilar quturishga qarshi vaksina bilan emlangan. Biroq 23-maydan 2-iyungacha bo‘lgan oraliqda 40–60 yoshdagi ikki nafar ayol va to‘rt nafar erkak vafot etgan. Oxirgi qurbon — 40 yoshli Sunil — tuman shifoxonasiga olib ketilayotganda yo‘lda jon bergan.
Qurbonlardan biri, 50 yoshli Chain Singh Umrao, 1-iyun kuni sog‘ayish belgilari kuzatilganidan bir necha soat o‘tib to‘satdan vafot etgan. Shifokorlar nevrologik holatning tez yomonlashuvi va jarohatlarning g‘ayrioddiy tabiati ustida bosh qotirmoqda.
Jabrlangan 11 nafar odamni tekshirgan tibbiyot xodimlari hayvonning tish izlari odatda uchraydigan belgilar bilan mutlaqo mos kelmasligini bildirgan. Khandva tibbiyot kolleji mutaxassislari ayni paytda keng qamrovli tibbiy tekshiruv olib bormoqda.
Biz barcha jihatlarni chuqur o‘rganmoqdamiz, dedi Barvani tumani hokimi Guncha Sanobar qishloqqa tashrifi chog‘ida.
Sog‘liqni saqlash idoralari ta’kidlashicha, bemorlarga vaksinalar me’yoriy saqlash va qo‘llash qoidalariga muvofiq berilgan. Shunga qaramay, yuzaga kelgan o‘lim holatlari sababli quturishga qarshi inyeksiya namunalari Himachal-Pradesh shtatidagi Kasaul shahrida joylashgan Milliy dori vositalarini nazorat laboratoriyasiga yuborilgan.
Bundan tashqari, qurbonlarning ichki a’zolari, miya to‘qimalari va tomoq biopsiyalari chuqur tahlil uchun Dehlidagi virusologiya laboratoriyasiga olib ketilgan.
O‘limga aynan quturishmi yoki boshqa omil sabab bo‘lganini faqat shu laboratoriya natijalari aniqlab beradi, dedi Indordagi sog‘liqni saqlash bo‘yicha yuqori lavozimli mutaxassis.
O‘rmon xo‘jaligi bo‘limi yirtqichni qidirish ishlarini davom ettirmoqda, biroq hozirgacha hech qanday natijaga erishilmagan.
Hech qanday iz, belgi yoki hayvon ko‘rinishi yo‘q. O‘rmon qishloqdan atigi 4,5 kilometr uzoqlikda joylashgan va biz mahalliy aholi bergan ma’lumotlar asosida ish olib boryapmiz. Odamlarning aytishicha, u itga o‘xshardi, lekin boshqacha harakatlanardi, dedi bo‘lim vakili Ashish Bansod.
Qishloq aholisi o‘rmon qo‘riqchisi idorasi oldida norozilik bildirgan va hukumatni harakatsizlikda ayblagan.
Bunday hayvonni yo‘lda yurib topib bo‘lmaydi. Dronlardan foydalaning, qidiruv guruhlarini ko‘paytiring, dedi qishloq aholisi vakili Rakesh Jamre.
Izoh (0)