Mashhurlar doimo diqqat markazida. Ularning hayotidagi har qanday voqea yoki bexosdan aytilgan so‘z darhol yangilikka aylanadi. Biroq yulduzlar hayotidagi ayrim faktlar hatto sodiq muxlislari uchun ham kutilmagan bo‘lishi mumkin. Gollivudning eng go‘zal aktrisalari maktabda tashqi ko‘rinishi tufayli masxara qilingan, karyerasi uchun chiroyli sochlaridan yoki kelishgan qomatidan voz kechgan, go‘zallik tanlovlarini rad etgan. Hatto hozir ham ular o‘z qo‘rquv va zaifliklarini tan olishdan uyalmaydi.
Shunday soch turmagida yurishga majbur
Ariana Grandening “ot dumi” soch turmagi uning asosiy imijiga aylangan. Ammo yulduz bunday turmakda yurishga majbur edi: Nickelodeon sitkomidagi roli sabab ko‘p yillar davomida sochlarini bo‘yash natijasida ular shikastlangan. Ariana 4 yil davomida har 2 haftada sochini oqartirib, mallarang qilishga majbur bo‘lgan. Keyinchalik u suratga olishlar paytida parik taqadigan, real hayotda esa sochlarini o‘stirib, tabiiyroq ko‘rinish uchun ularni yig‘adigan bo‘ldi.
“Haqiqiy sochlarim shunchalik zararlanganki, ularni yoyganimda juda xunuk ko‘rinadi”, degan edi u.
Birgina rol uchun 4 marta semirib ozgan
“Yo‘qolgan ayol” filmida ozg‘in Emi Dann yo‘qolganda vazn orttirib, filmning yakunida esa ozib, yana nozik ayolga aylanadi. Sahnalar xronologik tartibda suratga olinmagani sababli aktrisa Rozamund Payk 6 kilogrammdan ortiq vazn orttirishi, so‘ngra esa filmdagi personajining ma’lum qismlaridagi ko‘rinishiga mos kelishi uchun yana ozishi lozim edi. U bu jarayonni ikki marta takrorlaydi. Maxsus yollangan murabbiy esa uning parhezini nazorat qilib, sport zalida kuchaytirilgan mashqlar berardi.
Sochi o‘ziniki emasligini yashirmaydi
Jennifer Lopesning uzun to‘lqinsimon sochlari uning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Xonanda va aktrisa yaltiroq soch tolalari sun’iy ekanini hech qachon yashirmagan. Biroq u muxlislariga o‘zining tabiiy sochlarini ham ko‘rsatishdan uyalmaydi (ular zo‘rg‘a yelkasiga yetadi va juda jingalak) — muxlislar uni qanday bo‘lsa shundayligicha qabul qilishadi.
Maktabda bullingga uchragan
Anya Taylor-Joy 6 yoshga to‘lganida, oilasi bilan Londonga ko‘chib o‘tadi. Aktrisaning aytishicha, u boshqa bolalar bilan muloqot qilmagan, Garri Potter haqidagi kitoblarning qahramonlari esa uning eng yaqin do‘stlari bo‘lgan. Maktabda qizaloq bullingga uchragan, sinfdoshlari uning ko‘zlarini kalaka qilgan. Shu sababli Anya 16 yoshida maktabni tark etgan. Biroq bu tajriba unga “Qirolicha yurishi” filmidagi Bet Harmon rolini ijro etishda yordam beradi.
“Betga shaxmat qanchalik zarur bo‘lsa, menga ham aktyorlik shunchalik zarur edi. Menga o‘zimni qadrlashlarini his qiladigan joy kerak edi, toki men doimo ‘Nimani noto‘g‘ri qilyapman, nega men boshqalarga o‘xshamayman?’ deb o‘ylamasligim uchun”, deydi u.
“Koinot go‘zali” tanlovini boykot qilgan
Gal Gadot 18 yoshga to‘lganida, unga “Isroil go‘zali” tanlovida ishtirok etish taklif qilingan. Aktrisa o‘shanda “Bu yaxshi tajriba bo‘ladi” deb o‘ylagan. Biroq u g‘olib chiqishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagandi. Final bosqichiga o‘tganlar esa avtomatik tarzda keyingi bosqich — “Koinot go‘zali” tanloviga yo‘l olardi. Gal lol qolgandi, buning ustiga yana g‘alaba qozonishidan qo‘rqardi. Shu bois u isyon ko‘taradi — ataylab kechikadi, liboslarini unutib qoldiradi va oxir-oqibat o‘zi istagan natijaga erishib, finalchilar safiga kirmaydi.
Hozir ham yumshoq o‘yinchoq bilan uxlaydi
Margo Robbi yumshoq o‘yinchog‘i — Banni ismli quyonchani shunchalik yaxshi ko‘radiki, uni doim yonida olib yotadi. Bu haqda u intervyularidan birida so‘zlab bergan. Yulduzning aytishicha, eri bu odatni yoqtirmaydi va u uxlab qolgach, quyonchani karavotdan uloqtiradi.
Oddiy odamlarga qaraganda tishlari kamroq
Zendayaning pastki jag‘ida ko‘pchilik odamlarga qaraganda bitta tish kam. U bu haqda bir necha yil oldin aql tishlarini olib tashlash uchun tish shifokoriga murojaat qilganida bilib qolgan. Bundan tashqari, Zendeya past sezuvchanlik sababli muzqaymoqni tishlab yeyishi va sovuqni his qilmasligi mumkin.
Suratga olish tugagach, Rouzning sirg‘alarini o‘zida olib qolgan
“Titanik” filmi suratga olinishi yakunlangandan so‘ng, Keyt Uinslet qahramoni Rouzning bir juft ziragini o‘ziga olib qolgan.
“Odamlar White Star Line logotipi tushirilgan piyola va likopchalarni olib ketishayotgandi. Men esa Rouzning sirg‘alarini oldim, ammo keyinchalik ulardan birini qayerdadir yo‘qotib qo‘ydim”, deydi aktrisa.
Izoh (0)