Afg‘oniston janubidagi eng yirik shahar Qandahor hokimiyati qo‘g‘irchoqlarni sotishni taqiqladi. Bu haqda Afghanistan International portali xabar bermoqda.

“Tolibon hukumatining ezgulikni targ‘ib qilish va yomonlikning oldini olish vazirligi bir qator o‘yinchoqlar, jumladan qo‘g‘irchoqlarni sotishni harom deb e’lon qildi”, deyiladi xabarda.
Taqiqning sababi tolibonlarning qo‘g‘irchoqlarni islomda gunoh hisoblangan butlarga o‘xshatishi bo‘lishi mumkin. Shahar hokimligi taqiqlangan mahsulotlarni zudlik bilan do‘konlardan olib tashlashni buyurgan.
Qandahorda Afg‘oniston oliy rahbari Haybatulloh Oxundzodaning qarorgohi joylashgan. Shahar yaqin vaqtgacha aholi soni bo‘yicha Afg‘onistonning ikkinchi yirik shahri edi.
Iyun oyi boshida Afg‘onistonning Lag‘mon viloyati hokimiyati ommaviy axborot vositalarida odamlar, hayvonlar va boshqa har qanday jonzotlarni tasvirlashni taqiqlagan edi. Bu qoidalar Afg‘onistonning yana 18 viloyatida - mamlakatning jami 34 mintaqasida joriy etilgan.
So‘nggi to‘rt yil ichida “Tolibon” mamlakatda ko‘ngilochar va sport tadbirlariga cheklovlarni sezilarli darajada kuchaytirdi. Masalan, “Tolibon” sport boshqarmasi Afg‘oniston shaxmat federatsiyasi faoliyatini to‘xtatib, shaxmat o‘yinini “taqiqlangan” deb e’lon qilgandi.
Bundan avval Afg‘oniston jamoat joylarida kiyinish qoidalariga amal qilmagan ayollar hibsga olinayotgani xabar qilingandi.
Iyun oyida “Tolibon” Termizdagi afg‘on-o‘zbek chegarasidagi umumiy bozorga 40 yoshgacha bo‘lgan ayollarni kiritmaslik to‘g‘risida nizom chiqargandi.
Izoh (0)