Eron 16-iyul kuni Ummon ko‘rfazida 2 million litr yonilg‘ini kontrabanda qilayotgan xorijiy tankerni qo‘lga oldi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Adliya boshqarmasining xabar qilishicha, kema yuklari bilan bog‘liq huquqiy hujjatlar to‘liq emasligi aniqlangani sabab to‘xtatib qolingan.
“17 nafar gumonlanuvchi, jumladan, xorijiy tanker kapitani va ekipaj a’zolari hibsga olindi”, deyiladi xabarda.
Hibsga olinganlarning shaxsi va millatiga aniqlik kiritilmagan. Ta’kidlanishicha, yukning tarkibi va qonuniyligini tekshirish uchun laboratoriya sinovlari o‘tkazilib, hujjatlar qayta ko‘rib chiqilmoqda.
Bir necha oy oldin Eron inqilobiy gvardiyasi Fors ko‘rfazida 1,5 million litr dizel yonilg‘isini olib ketayotgan Tanzaniya bayrog‘i ostidagi 2 ta tankerni qo‘lga tushirgandi. Keyinchalik ushbu kemalar sud jarayoni uchun Busher portiga o‘tkazilgan. “Dengiz reynjeri” va “Salama” kemalari bortida 25 nafar xorijlik ekipaj a’zosi bo‘lgan.
Yonilg‘i kontrabandasi Eron neftiga qo‘yilgan xalqaro sanksiyalar va qo‘shni davlatlar bilan narxdagi keskin farq kabi omillar bilan bog‘liq. Bu sharoitlar neft xomashyosi va qayta ishlangan yonilg‘ining noqonuniy savdosi keng tarqalishiga olib kelgan.
Izoh (0)