Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-avgust kuni Navoiy viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Navoiy viloyatida so‘nggi sakkiz yilda 8 milliard dollarlik 7 mingdan ziyod loyiha amalga oshirilib, 73 mingta ish o‘rni yaratilgan. Tadbirkorlar soni 10 mingtadan 30 mingtaga ko‘paygan.
Joriy yil olti oyida hudud investitsiyalari hajmi 643 million dollarga yetgan, eksport 635 million dollardan oshgan. 550 million dollarlik yangi quvvatlar, 1 ming 140 ta savdo va servis majmualari ishga tushirilgan.
Lekin hali foydalanilmagan manbalar juda ko‘p. Davlat rahbari Navoiy viloyatida yirik sanoat tarmoqlaridan tashqari yaylovlarni o‘zlashtirish, chorvachilikni rivojlantirish, xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha imkoniyatlar bepoyon ekanini taʼkidlagan. Xususan, mamlakatdagi qazilma boyliklarining 20 foizi, yaylovlarning 43 foizi shu hududda joylashgan. Yirik korxonalar va qulay infratuzilma ko‘plab yondosh tarmoqlarda talab yaratgan.

Yig‘ilishda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar taqdimot qilingan. Jumladan, G‘ozg‘on shahri, Nurota, Xatirchi, Navbahor va Uchquduq tumanlaridagi 8 ta konga investorlar 566 million dollar sarmoya kiritishga tayyorligini bildirgan. Buning natijasida sanoat hajmi 2,5 trillion so‘mga, eksport 100 million dollarga ko‘payadi. Masalan, Nurota tumanida 750 million kub metr granit toshlari zaxirasi bor. Uni qayta ishlash uchun 50 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etish taklif qilingan. Shu tumandagi 10 ta mahallada 5 mingdan ziyod xotin-qiz kashtachilik bilan shug‘ullanib, daromad topmoqda. Endi buni kengaytirib, 28 ta mahallada Kashtachilik markazlari ochish rejalashtirilgan.
Ehtiyojmand oilalarni quyosh panellari va ko‘chma do‘konlar bilan taʼminlab, kambag‘allikdan chiqarish ko‘zda tutilgan.

Majlisda viloyatdagi uch million gektar yaylov qishloq xo‘jaligi uchun katta imkoniyat ekani aytilgan. Masalan, qiziltepalik tadbirkor ming gektar yaylovda yomg‘irlatib va tomchilab sug‘orish texnologiyasini qo‘llab, eksportbop ekinlar yetishtirmoqda. Endi chorvachilikni yo‘lga qo‘yib, sutni qayta ishlash tashabbusini bildirgan.
Viloyatda 1 milliard 600 million dollarlik qo‘shimcha loyihalar shakllantirilgan. Ularning natijasida yana 10 ming ish o‘rni, byudjetga 1 trillion so‘m tushum va 238 million dollarlik eksport imkoniyati paydo bo‘ladi.

Davlat rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Yirik va kichik korxonalar o‘rtasida kooperatsiya yo‘qligi ko‘rsatib o‘tilgan. Tadbirkorlarni korxonalarga bog‘lab, kafolatli buyurtmani yo‘lga qo‘yib, kichik biznesning viloyatdagi ulushini oshirish vazifasi qo‘yilgan.
Yaylovlarga suv chiqarishga ko‘maklashib, ulardan samarali foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish zarurligi qayd etilgan.
Navoiy viloyatida o‘rtacha ish haqi boshqa hududlardan 1,5 barobar yuqoriligi savdo va servisga talabni ham, taklifni ham rag‘batlantiradi. Majlisda shunga munosib ravishda istirohat bog‘lari va dam olish maskanlari tashkil etish, turistlarni ko‘paytirish, xizmatlar hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Izoh (0)