Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Hujjatda tahririyatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, ish qoidalari va huquqiy maqomi, shuningdek jurnalistlar uchun javobgarlik va kafolatlar belgilangan.

Qonunga ko‘ra, chet el fuqarolari va kompaniyalari Qirg‘izistonda faoliyat yuritayotgan OAV tuzilmalari ustav kapitalidagi 35 foizdan ortiq aksiya, ulush yoki paylarga ega bo‘la olmaydi.
Tahririyatlar axborot manbasini, jumladan anonim sharoitda ma’lumot bergan shaxsning shaxsini oshkor qilmaslik huquqini saqlab qoladi. Istisnolar faqat sud qarori asosida bo‘lishi mumkin.
Qonun senzurani va mansabdor shaxslar tomonidan har qanday shakldagi bosim o‘tkazishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlaydi. Shuningdek, tahririyat yoki muassislar faoliyatiga aralashish man etiladi.
Hujjatda OAVni ro‘yxatga olish, qayta ro‘yxatga olish, faoliyatini to‘xtatib turish va tugatish tartibi bayon etilgan. Tahririyat haqidagi ma’lumotlar adliya organlari reyestriga kiritilgach, darhol ish boshlash mumkin. Nashrni to‘xtatish yoki yopish faqat sud qarori yoki muassislar tashabbusi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Qonunda internet nashrlariga alohida e’tibor qaratilgan. Qonunning yakuniy tahririda nafaqat an’anaviy OAV, balki onlayn platformalar - jumladan, saytlar va bloglar ham majburiy ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozimligi ko‘rsatilgan. Dastlab, tarmoq nashrlarini ixtiyoriy ro‘yxatdan o‘tkazish muhokama qilingan bo‘lsa-da, yakuniy matnda majburiylik belgilangan.
Qonunda jurnalistlarning huquqlari, axborot olish tartibi va tahririyatlarni javobgarlikdan ozod qilish holatlari ham aniqlab berilgan.
Prezident matbuot xizmatining aytishicha, qonun Qirg‘izistonda mustaqil, raqobatbardosh va mas’uliyatli OAVni rivojlantirishga qaratilgan.
Izoh (0)