Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida yer sotish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Jizzax shahrida yashovchi X.N. fuqaro S.I.ga Sharof Rashidov tumanidagi tegishli hujjatlari bo‘lmagan 8 sotix bo‘sh yerni uning nomiga o‘tkazib berish va shahar kadastrlar palatasidagi tanishlari orqali kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.
Buning evaziga 130 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olindi. Hozirda X.N.ga nisbatan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Shuningdek, Sharof Rashidov tumanida yashovchi H.A. davlat zaxirasidagi 0,6 gektar yer maydonini Jizzax shahrida yashovchi E.Z.ga 48 mln so‘mga sotgan vaqti ushlandi.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Yerni noqonuniy sotishga urinish bo‘yicha boshqa holatlar
Farg‘onada fuqaro 2,5 gektar yerni 650 ming dollarga sotishga kelishib, oldindan 100 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangandi. Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 32 gektar yerni 2,4 mln dollarga noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingandi.
Surxondaryo viloyatida fuqaro qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 45 sotix yerni 60 ming dollarga sotishga kelishib, 56,7 ming dollar va 43 million so‘m olgan vaqtida qo‘lga tushgandi. Xorazm viloyatining Urganch tumanida fuqaro davlat zaxirasida bo‘lgan 24 sotix yer maydonini kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 45 ming dollar va 13 million so‘m olgan vaqtida ushlangandi.
Izoh (0)