Ispaniyaning “Barselona” klubi “Atletik” (Bilbao) jamoasida to‘p surayotgan futbolchi Niko Uilyams bilan shartnoma shartlarini kelishib olgan bo‘lishiga qaramay, transferni amalga oshira olmayapti. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, kataloniyaliklar faqat katta maosh oluvchi futbolchilardan biri jamoani tark etsa, Uilyamsni ro‘yxatdan o‘tkaza oladi. Klub hozirda moliyaviy feyr-pley cheklovlariga duch kelmoqda va shu sababli yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishda muammolar kuzatilmoqda.
Xabarda aytilishicha, asosiy nomzod — darvozabon Mark-Andre ter Shtegen hisoblanadi. Agar u klubni tark etsa, “Barselona” moliyaviy jihatdan biroz erkinlikka ega bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, zaxira variant sifatida himoyachi Ronald Arauxo nomzodi ham ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 22 yoshli Niko Uilyams joriy mavsumda “Atletik” safida barcha musobaqalar doirasida 45 ta o‘yinda maydonga tushib, 11 ta gol va 7 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan.
Izoh (0)